Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Qishloq xo‘jaligi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yetishtirilgan mahsulotlar bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni shakllantirish, zamonaviy interaktiv xizmatlar, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan apparatlar yordamida xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali qishloq xo‘jaligi tashkilotlari faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida qaror qilaman:

  1. Maqsadlar
  2. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan 4 mln gektardan ortiq yer maydonlarida ekinlarni ekish va sug‘orish jarayonlarini raqamlashtirish;

(b) mahsulot yetishtirish jarayonlarini monitoring va prognoz qilishda inson omilini qisqartirish, ma’lumotlar aniqligini oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash;

(v) qishloq xo‘jaligi sohasida joriy etilgan 30 tadan ortiq axborot tizimlarini “yagona nuqta”ga birlashtirish orqali foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish hamda ma’lumotlarning o‘zaro muvofiqligi va ishonchliligini ta’minlash;

(g) 100 ga yaqin raqamli xizmat va servislar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, jumladan, robototexnika, uchuvchisiz uchadigan apparatlar (keyingi o‘rinlarda — dronlar) va boshqa “aqlli” qurilmalar yordamida xizmat ko‘rsatish orqali qishloq xo‘jaligi tashkilotlari uchun qulay sharoit yaratish;

(d) sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qulayliklarni ta’minlash, imtiyozli kredit va pul mablag‘lari aylanmalari bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn taqdim etish;

(j) qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini raqamli texnologiyalar yordamida kafolatlash hamda axborot tizimlaridagi ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash.

  1. Sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish
  2. Belgilansinki, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan ekinlarni mustaqil joylashtirish va yetishtiriladigan mahsulotlar hisobini yuritish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida:

(a) birinchi bosqichda — 2026-yil hosilidan boshlab fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa yuridik shaxs maqomidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar (keyingi o‘rinlarda — qishloq xo‘jaligi tashkilotlari) o‘zlariga tegishli yer uchastkalariga ekish rejalashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasiga (keyingi o‘rinlarda — Agroportal) konturlar kesimida mustaqil joylashtirib boradi. Bunda:

(i) qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘zlariga tegishli yer uchastkalariga ruxsat etilgan foydalanish turlariga asosan (asosiy, takroriy, to‘qsonbosti usulida) ekinlarni joylashtirishga oid ma’lumotlarni Agroportalga kiritib boradi;

(ii) Agroportalda belgilangan tartibda ma’lumotlari joylashtirilmagan ekinlarning sug‘orilishi suv resurslaridan ruxsat beruvchi hujjatlarsiz foydalanish deb baholanadi;

(iii) ruxsat etilgan foydalanish turlariga asosan bir nechta turdagi ekinlarni ekish rejalashtirilgan taqdirda, Agroportalga yer uchastkasining 90 foiz qismiga belgilangan ekin turlarini joylashtirish bo‘yicha ma’lumotlar, paxta va boshoqli donni yetishtirish rejalashtirilgan taqdirda — yer uchastkasining 45 foiz qismiga paxta, qolgan 45 foiz qismiga boshoqli don joylashtirishga oid ma’lumotlar kiritiladi. Bunda yer uchastkasining qolgan 10 foiz qismiga qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga istalgan ekinlarni ekishga ruxsat beriladi;

(iv) qishloq xo‘jaligi yerlarida ekiladigan ekinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kelgusi yil hosili uchun har yili 1-avgustga (2025-yilda 1-oktabrga) qadar Agroportalga mustaqil joylashtirilmaganda, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari 15 kunlik muddatda qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ekinlarni joylashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni Agroportalga kiritishga ko‘maklashadi;

(v) qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga paxta va g‘alladan tashqari ekinlarni joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarga har yili asosiy ekinda — 15-apreldan 1-maygacha, takroriy ekinda — 15-iyuldan 1-avgustgacha, to‘qsonbosti usulida — 15-avgustdan 1-sentabrgacha belgilangan suv hajmi bo‘yicha limitlarni hisobga olgan holda o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi;

(vi) ekinlarni joylashtirish bo‘yicha shakllangan batafsil va geografik nuqtalarga bog‘langan ma’lumotlar hududlarning qishloq xo‘jaligi geoportallarida onlayn rejimda aks ettirib boriladi;

(vii) Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan tijorat banklari orqali imtiyozli kreditlarni ajratish jarayonlarida tuman (shahar) hokimliklari va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari bilan kelishish hamda ulardan ma’lumotnoma olish talablari bekor qilinadi;

(b) ikkinchi bosqichda — 2027-yildan boshlab dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar bazalarini Agroportalga integratsiya qilish orqali mahsulotlar, jumladan, kartoshka va meva-sabzavotlar hisobini yagona tizimda yuritish yo‘lga qo‘yiladi.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Agroportalni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun sohada xizmat ko‘rsatishning “yagona nuqtasi” sifatida e’tirof etish. Bunda Agroportal orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ham ko‘rsatiladi;

(b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJni qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona operator (keyingi o‘rinlarda — Yagona operator) etib belgilash.

  1. Agroportalda quyidagi qo‘shimcha raqamli xizmat va servislar ko‘rsatish imkoni yaratilsin:

(a) qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan ekin maydonlariga ekinlarni mustaqil joylashtirish;

(b) qishloq xo‘jaligi yerlari foydalanuvchilari tomonidan ekin maydonlarining asosiy foydalanish turini belgilash va ularga o‘zgartirish kiritish;

(v) agrotexnik tadbirlarni bajarish jarayonlari va ekinlarning rivojlanish bosqichlarini monitoring qilib borish;

(g) Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan tijorat banklari orqali ajratiladigan imtiyozli kreditlar bo‘yicha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish;

(d) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari va mahsulotlari oldi-sotdisi, ekinlarni parvarishlash hamda boshqa yo‘nalishlarda shartnomalar tuzish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;

(j) qishloq xo‘jaligi sohasida xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan foydalanish imkonini yaratish.

  1. Quyidagilar:

(a) Agroportal tarkibiga kiruvchi axborot tizimlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

(b) Agroportal orqali ko‘rsatiladigan raqamli xizmat va servislar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) tashkil etilsin va uning tarkibi 3-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. Belgilansinki, Respublika komissiyasi:

(a) ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosini barqaror saqlash, oziq-ovqat balansidagi importga bog‘langan yoki yetishmovchilik xavfi mavjud bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha kollegial maslahat organi hisoblanadi;

(b) ruxsat etilgan foydalanish turlariga asosan yer uchastkalarida ekin joylashtirish ulushlariga (foizlar) hududlar ixtisosligidan kelib chiqib o‘zgartirish kiritadi.

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

(a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:

(i) har yili 1-oktabrga qadar kelgusi yil uchun oziq-ovqat balansining prognozi va Agroportalda shakllangan ekinlarni joylashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiladi;

(ii) tahlil natijalari asosida yetishmovchilik kuzatilishi xavfi bo‘lgan alohida mahsulotlarni tanlab oladi va ularni yetishtirish hajmini ko‘paytirish maqsadida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan tijorat banklari orqali ajratiladigan imtiyozli kreditlar miqdorini e’lon qiladi;

(b) Respublika komissiyasi (J. Qo‘chqorov) Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan alohida tanlab olingan mahsulotlarni yetishtirishni rag‘batlantirish maqsadida ularni yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalarni joriy qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritadi.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston fermerlari kengashining “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida quyidagilarga ixtisoslashgan korxonani tashkil etish va uning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikni o‘rnatish haqidagi takliflari ma’qullansin:

(a) qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga robototexnika, dron va boshqa qurilmalar yordamida xizmatlar ko‘rsatish;

(b) xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda dronlar, ularning ehtiyot qismlari va boshqa “aqlli” qurilmalarni ishlab chiqarishni tashkil etish hamda ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish;

(v) o‘quv va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

(g) iqlim o‘zgarishi, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro va mahalliy loyihalarda ishtirok etish.

  1. Belgilab qo‘yilsinki, qishloq xo‘jaligida raqamli xizmat va servis ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish maqsadida qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga:

(a) agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlarning mexanizatsiya yo‘nalishi hisobidan ham dron xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi;

(b) dron xizmatlaridan foydalanish uchun Agroportal orqali ariza berish, shartnomalarni tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;

(v) Agroportal orqali uchish balandligi 30 metrgacha bo‘lgan dronlar yordamida ko‘rsatiladigan xizmatlar vakolatli idoralar bilan kelishilgan hududlarda ularning yillik ruxsatnomalari asosida taqdim etiladi.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Agroportalda quyidagi xizmat turlarini joriy qilsin:

(a) 2025-yil 1-dekabrdan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarini ikkilamchi ijaraga berish yuzasidan:

(i) ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarni belgilash, ijara shartnomasini tuzish, davlat ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish;

(ii) ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarda mahsulot yetishtirishga kreditlar olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish;

(b) 2026-yil 1-martdan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda yer toifasini o‘zgartirish va nobudgarchilik hisobini yuritish bo‘yicha:

(i) qishloq xo‘jaligi yerlari toifasini o‘zgartirish yuzasidan arizalar berish, ularning holatini onlayn kuzatib borish va natijalarini taqdim etish;

(ii) qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha belgilangan tartibda to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovini avtomatik hisoblash, to‘lovlarni amalga oshirish va undirilgan to‘lovlar hisobini yuritish.

III. Tashkiliy masalalar hamda Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

  1. Belgilansinki:

(a) davlat organlari va boshqa tashkilotlarga Agroportal tarkibiga kiruvchi axborot tizimlari hamda u orqali ko‘rsatiladigan raqamli xizmat va servislarni joriy qilish hamda kengaytirish uchun tender (tanlov) savdolari o‘tkazmasdan loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha Yagona operator bilan shartnomalar tuzish huquqi beriladi;

(b) Yagona operator hisobiga quyidagi ajratmalar yo‘naltiriladi:

(i) Agroportal orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlarning 11,25 foizi;

(ii) Agrobilling tizimi orqali xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan davlat bojlari va boshqa to‘lovlardan tushadigan mablag‘larning 0,5 foizi.

  1. Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi:

(a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va tijorat banklari bilan birga 2026-yildan boshlab har yili mart — oktabr oylarida respublika bo‘yicha paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlardan maqsadli foydalanish holatini kosmik suratlar va dron yordamida olingan ma’lumotlar asosida monitoring qilishni yo‘lga qo‘ysin. Bunda surat va ma’lumotlarni tahlil qilish bilan bog‘liq xarajatlar Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;

(b) kosmik suratlar va dron yordamida olingan ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan tahlillar natijalarini Bosh prokuratura, Soliq qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Kadastr agentligiga taqdim etib borsin. Bunda ushbu tahlillar asosida vakolatli organlar tomonidan undirilgan mablag‘larning 10 foizi mazkur Agentlikka yo‘naltirilsin.

  1. Qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni qo‘llashni yanada jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 4-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovagamuvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 6-ilovagamuvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  4. Bosh prokuratura qishloq xo‘jaligi tashkilotlari ekinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agroportalga mustaqil joylashtirishi, belgilangan tartibda ma’lumotlari joylashtirilmagan ekinlarni sug‘orish holatlari bo‘yicha oshirilgan soliq stavkalari undirilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
  5. Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

(a) Kadastr agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga tegishli yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini belgilash tadbirlarini amalga oshirsin;

(b) Suv xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va O‘zbekiston fermerlari kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda sohada joriy qilinayotgan raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari uchun o‘quv seminar-treninglar tashkil qilsin;

(v) Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan ekin maydonlariga suv yetkazish bo‘yicha limitlarni belgilash, shartnoma tuzish, yetkazilgan suv hajmini kosmik surat asosida baholash va hisobvaraq-fakturalarni imzolash jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha Xorazm viloyati Yangiariq tumanida pilot loyihani amalga oshirish, natijalarini boshqa hududlarga joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

(g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

  1. Suv xo‘jaligi vazirligi:

(a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

(i) qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi tegishli ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda 2026-yil yakuniga qadar hududlar kesimida gidromodul rayon hududlari chegaralari va xaritalarini qayta ko‘rib chiqib, ularni yangilasin hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish tartibi va me’yorlariga o‘zgartirishlarni kiritsin;

(ii) har yili Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi ma’lumotlaridan foydalangan holda bir xil sharoit va ekin turi bo‘yicha suvdan samaraliroq foydalangan fermer xo‘jaliklarini aniqlab, ularning ijobiy tajribasini boshqa fermer xo‘jaliklariga ommalashtirish choralarini ko‘rsin;

(b) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan kelishilgan holda 2026-yil yakuniga qadar Suv xo‘jaligi vazirligiga raqamlashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida suv omborlariga (doimiy suv yig‘ilmaydigan sel suv omborlari bundan mustasno) suv sathini o‘lchaydigan hisoblagichlarni o‘rnatsin, ularni Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining axborot tizimiga integratsiya qilsin.

  1. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov, Agroportal va uning tarkibiga kiruvchi axborot tizimlari, sohadagi raqamli xizmat va servislarning o‘z vaqtida ishga tushirilishi va uzluksiz ishlashi uchun mas’ul etib qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Q.A. Yuldashev belgilansin.
  2. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

 

Toshkent sh.,

2025-yil 12-avgust,

PF-130-son