Agrar sohani mexanizatsiyalashni davlat tomonidan rag‘batlantirishni raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son va “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qarorlari ijrosini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish, subsidiya ajratish jarayonini raqamlashtirish va mablag‘lardan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish bo‘yicha arizani “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali taqdim etish hamda arizani ko‘rib chiqish;

“Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish hamda subsidiyadan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish.

  1. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha amaliyotlar bepul amalga oshiriladi;

qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya bir marotaba ajratiladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorning 2-bandidanazarda tutilgan subsidiyalar uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Subsidiya.mf.uz” axborot portalining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona elektron axborot tizimi, Davlat moliyasini boshqarishning axborot tizimi, soliq, bojxona va sertifikatlashtirish organlarining axborot almashinuvi tizimlari hamda tijorat banklari va lizing tashkilotlarining dasturiy ta’minotlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

Belgilansinki:

mas’ul vazirlik va idoralar “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga integratsiya qilingan axborot tizimlari orqali kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga javobgar hisoblanadi;

tegishli vazirlik va idoralarning elektron axborot tizimlarini “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga integratsiya qilish jarayonlari to‘liq yakunlanguniga qadar amaldagi qaror talablari asosida subsidiya ajratilishi davom ettiriladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovagamuvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovagamuvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2025-yil 29-avgust,

549-son

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-son qaroriga
1-ILOVA

Qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali subsidiya ajratish hamda subsidiyadan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish tartibini belgilaydi.
  2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:

“Subsidiya.mf.uz” axborot portali — qishloq xo‘jaligi texnikasi, lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati xarid qiymatining bir qismini hamda ular kredit va lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini, shuningdek, avtopilot uskunasini o‘rnatish uchun ajratilgan kredit bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun subsidiya ajratish bilan bog‘liq amaliyotlar bajariladigan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi;

lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati (keyingi o‘rinlarda — lazerli yer tekislagich agregati) — qishloq xo‘jaligi yerlarida tekis sirt hosil qilish, gorizontal (sholi dalasi) yoki yetishtiriladigan ekinga qarab bir yoki ikki qiyali, ko‘p miqdorda suv talab qilmaydigan ekinlarni yetishtirishda ortiqcha namlikni drenajlashni ta’minlash uchun ishlatiladigan, respublikada ishlab chiqarilgan hamda chet davlatdan olib kelinadigan lazerli yer tekislagich agregati;

mahalliy korxona — O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxona;

subsidiya — qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini sotib olgan xaridorning arizasiga muvofiq qishloq xo‘jaligi texnikasi qiymatining 15 foizini, lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun ajratiladigan mablag‘;

xaridor — soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi yuridik shaxslar va o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar;

elektron hisobvaraq-faktura (keyingi o‘rinlarda — EHF) — tovarlarni (qishloq xo‘jaligi texnikalari yoki agregatlari, ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish va sotib olishni tasdiqlovchi, EHF aylanish tizimi operatorlari orqali taqdim etiladigan va qabul qilinadigan elektron hujjat;

yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona yoki uning rasmiy vakolatli dileridan xarid qilingan, avval foydalanilmagan va qishloq xo‘jaligida ishga tushirilmagan qishloq xo‘jaligi texnikasi;

qishloq xo‘jaligi texnikasi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya ishlarini bajaradigan barcha turdagi traktorlar, kombaynlar, tirkamalar va agregatlar, shuningdek, 2026-yil 1-yanvarga qadar xorijdan tayyor holda olib kelinadigan, aniq donalab ekuvchi ko‘p funksiyali chigit ekish seyalkalari, g‘alla o‘rish kombaynlari hamda paxta terish mashinalari.

  1. Subsidiya hisobi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi.
  2. Subsidiya xaridor bilan tuzilgan shartnoma shartlariga asosan qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun tegishli miqdordagi to‘lov to‘langanda ajratiladi.

Bunda qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatining har biri uchun alohida shartnoma va EHF rasmiylashtiriladi.

Subsidiyalar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha ajratiladi.

2-bob. Subsidiya olish uchun ariza berish

  1. Xaridor subsidiya olishga ariza berish uchun “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida Yagona identifikatsiya tizimi (One ID) yoki elektron raqamli imzo (ERI) orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
  2. Xaridor yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini shartnoma shartlariga muvofiq sotib olgandan so‘ng EHF rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir yil davomida qishloq xo‘jaligi texnikasi qiymatining 15 foizini va lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun subsidiya olishga “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga o‘zining shaxsiy kabineti orqali quyidagilarni kiritadi:
  3. a) xaridor jismoniy shaxs bo‘lsa:

familiyasi, ismi va otasining ismi;

pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (JSHSHIR) ma’lumotlari;

elektron manzili (mavjud bo‘lsa) va telefon raqami;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);

bank rekvizitlari (bank bo‘limi nomi, MFO va talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari hisobvarag‘i);

o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma raqami va sanasi;

qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarish uchun berilgan traktorchi-mashinist guvohnomasi raqami hamda berilgan sanasi va ruxsat etilgan tegishli toifasi;

  1. b) xaridor yuridik shaxs bo‘lsa:

davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma raqami;

to‘liq nomi;

tashkiliy-huquqiy shakli xos raqami (THSH);

faoliyat turi kodi (IFUT);

elektron manzili (mavjud bo‘lsa) va telefon raqami;

pochta manzili;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);

bank rekvizitlari (bank bo‘limi nomi, MFO va talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari hisobvarag‘i).

Qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati bo‘yicha:

oldi-sotdi shartnomasi raqami hamda sanasi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilinganda);

kredit yoki lizing shartnomasi raqami hamda sanasi (kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda);

EHF raqami hamda sanasi;

qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati nomi;

rusumi yoki modeli;

zavod raqami (kuzov shassi raqami);

dvigatelning zavod raqami (lazerli yer tekislagich va boshqa agregatlar bundan mustasno);

muvofiqlik sertifikati raqami hamda sanasi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi texnik pasport, lazerli yer tekislagich agregati va boshqa agregatlarning texnik guvohnoma raqami hamda sanasi;

lizing obyektini qabul qilish — topshirish dalolatnomasi raqami hamda sanasi (lizing shartlarida xarid qilinganda).

Xaridor tomonidan ushbu bandda keltirilgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritilganda, ariza avtomatik ravishda (xaridor tanlagan yo‘nalish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun ushbu Nizomga 2a2b-ilovalarga muvofiq) shakllanadi.

Agarda hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimida to‘liq yoki mavjud bo‘lmasa ariza shakllanmaydi.

“Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritilgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga va haqqoniyligiga xaridor hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari va lazerli yer tekislagich agregatini yetkazib beruvchi korxona va tashkilotlar javobgar hisoblanadi.

3-bob. Ariza va ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda subsidiya ajratish

  1. Jamg‘armada Qishloq xo‘jaligi texnikalari va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni ko‘rib chiquvchi komissiya (keyingi o‘rinlarda — komissiya) tuziladi.

Komissiya a’zolari tarkibi Jamg‘armani boshqarish departamenti direktorining buyrug‘iga asosan shakllantiriladi.

  1. Komissiya a’zolarining har biriga “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida shaxsiy kabinet ochiladi.
  2. Komissiya “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni besh ish kunida o‘rganib chiqadi.
  3. Komissiya:

ushbu Nizomning 6-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘liqligini;

hujjatlardagi ma’lumotlarning qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati ma’lumotlariga mosligini o‘rganadi.

O‘rganish jarayoni yakunlangandan so‘ng bir ish kunida komissiya subsidiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda:

komissiya a’zolari “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida ariza beruvchiga ajratiladigan subsidiyani “subsidiya ajratish” yoki “subsidiya ajratishni rad etish” tugmasi orqali asoslantirgan holda elektron imzo (QR-kod) bilan tasdiqlaydi;

komissiya a’zolarining uchdan ikki qismining qarori subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy bo‘lganda, ariza beruvchiga subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan hisoblanadi.

  1. Xaridor “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali o‘ziga subsidiya ajratish ma’qullangani yoki rad etilgani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.

Xaridor komissiya qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

  1. Subsidiya ajratish ma’qullanganda, “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatining qiymatiga asosan ajratiladigan subsidiya miqdori avtomatik ravishda aniqlanadi.
  2. Subsidiya bir ish kunida “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida Jamg‘armaga ochilgan maxsus g‘azna hisobvarag‘idan xaridorning arizasida ko‘rsatilgan hisobvarag‘iga avtomatik ravishda o‘tkaziladi.
  3. Quyidagi holatlarda:

ariza shakllanmaydi:

  1. a) EHF rasmiylashtirilgan vaqti bir yil muddatdan oshganda;
  2. b) oldi-sotdi (lizing) shartnomasi, EHF hamda texnik pasport (texnik guvohnoma) hujjatlari ma’lumotlari bir-biriga mos bo‘lmaganda;
  3. v) mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmaganda (muvofiqlik sertifikati talab etilmaydigan qishloq xo‘jaligi texnikalari bundan mustasno);
  4. g) subsidiya olingan qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun qayta ariza kiritilganda;
  5. d) ikki va undan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun bitta shartnoma va EHF rasmiylashtirilganda;
  6. e) ushbu Nizomning 2-bandigamuvofiq xaridor maqomiga mos kelmagan subyektlarga;

ariza ko‘rib chiqish rad etiladi:

  1. a) oldi-sotdi (lizing) shartnomasi, EHF va tegishli boshqa hujjatlar ma’lumotlari bir-biriga mos bo‘lmaganda;
  2. b) ushbu Nizomning 2-bandigamuvofiq qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati tushunchasiga mos kelmaydigan texnikalarga;
  3. v) Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarorigaasosan Jamg‘armaning imtiyozli qarz mablag‘lari hisobidan xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalariga.
  4. Xaridor subsidiya ajratish rad etilgani to‘g‘risida ma’lumot “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga joylashtirilgan kundan boshlab 30 kun davomida kamchiliklarni to‘liq bartaraf etgan holda takroran murojaat qilish huquqiga ega.

Xaridor tomonidan takroran murojaat qilish ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

4-bob. Subsidiyadan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish

  1. Xaridor subsidiya olgan kundan boshlab:
  2. a) qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini bir yil davomida sotishi yoki boshqacha tartibda begonalashtirishi;
  3. b) 2025-2026-yillarda Jahon bankining “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi, “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan kredit yoki lizing shartlarida xarid qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qaroriga 1-ilovaning1 — 6-pozitsiyalariga muvofiq:

quvvati 140 ot kuchiga teng va undan yuqori bo‘lgan umumiy foydalanishdagi (GPS qurilmali) g‘ildirakli traktorlar;

quvvati 80 — 110 ot kuchiga teng bo‘lgan (GPS qurilmali) universal chopiq traktorlari;

quvvati 80 — 110 ot kuchiga teng bo‘lgan (GPS qurilmali) yuqori klirensli traktorlar;

quvvati 40 — 60 ot kuchiga teng bo‘lgan bog‘dorchilikda ishlatiladigan (GPS qurilmali) traktorlar;

g‘alla o‘rish kombaynlari (GPS qurilmali);

paxta terish mashinalarini (GPS qurilmali) uch yil davomida sotish yoki boshqacha tartibda begonalashtirishi taqiqlanadi.

  1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — O‘zagroinspeksiya) Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini majburiy yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning ma’muriy reglamentigamuvofiq subsidiya olgan xaridorning qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini har yili texnik ko‘rikdan o‘tkazadi.
  2. O‘zagroinspeksiya qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli va samarali foydalanishni masofaviy hamda har olti oyda bir marotaba joyiga chiqqan holda monitoring qilib boradi. Bunda:

qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli foydalanish — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ib-terib olish bilan bog‘liq (yerni shudgor qilish, lazerli yer tekislagich bilan tekislash, yerni frezalash, tuproqni chizellash, boronalash, mola bosish, ildiz qoldiqlarini daladan tashqariga chiqarish, urug‘ni tashish, chigit, bug‘doy, meva-sabzavot ekish, sug‘orish tarmoqlarini qazish, kultivatsiya qilish, mineral, organik o‘g‘it sepish, zararkunandalarga qarshi kimyoviy usulda kurashish, kimyoviy chilpish, defoliatsiya qilish, desikatsiya qilish, paxta terish, g‘alla o‘rish, paxta, don, meva-sabzavot, g‘o‘zapoya, somon tashish, somonni kichik toylarga toylash, yuklash, g‘o‘zapoyani yulib, qatorlab uyub ketish, g‘o‘zapoyani maydalab dalaga sochish, meva-sabzavot hosilini kovlash) agrotexnik tadbirlarni bajarishda foydalanish;

qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan samarali foydalanish — qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ib-terib olish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni bajarish davrida qishloq xo‘jaligi texnikasi, lazerli yer tekislagichni soz holatda saqlash va foydalanish, ularni ushbu Nizomning 16-bandi “a” kichik bandida belgilangan muddatda sotmaslik va boshqacha tartibda begonalashtirmaslik tushuniladi.

O‘zagroinspeksiya monitoring jarayonida xaridor subsidiya olgan kundan boshlab qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadsiz yoki samarasiz foydalanayotganini aniqlaganda, xaridor ishtirokida uch nusxada dalolatnoma tuzadi.

Dalolatnomaning bir nusxasi O‘zagroinspeksiyada, ikkinchi nusxasi xaridorda va uchinchi nusxasi Jamg‘armada saqlanadi.

O‘zagroinspeksiya tomonidan tuzilgan dalolatnomaga asosan xaridor olgan subsidiyani uch ish kunida to‘liq Jamg‘armaning G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytaradi.

  1. O‘zagroinspeksiya xaridorning ushbu Nizomning 16-bandi “b” kichik bandidanazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan imtiyoz asosida xarid qilgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli va samarali foydalanilishini doimiy masofaviy monitoring qilib boradi.

O‘zagroinspeksiya monitoring jarayonida xaridor subsidiya olgan kundan boshlab qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan uch yil davomida maqsadsiz yoki samarasiz foydalanayotganini aniqlaganda, xaridor ishtirokida uch nusxada dalolatnoma tuzadi.

Dalolatnomaning bir nusxasi O‘zagroinspeksiyada, ikkinchi nusxasi xaridorda va uchinchi nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida saqlanadi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Xaridor tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan qishloq xo‘jaligining mavsumiy tanaffuslarida, ta’mirlash davrida, shuningdek, fors-major holatlarda vaqtincha foydalanilmasligi maqsadsiz va samarasiz foydalanishga kiritilmaydi.
  2. Xaridor ushbu Nizomning 16-bandi “b” kichik banditalablariga amal qilmasa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qarorining 4-bandi “d” kichik bandidabelgilangan choralar qo‘llanadi.
  3. Qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxona hamda xaridor o‘zi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligiga javobgar hisoblanadi.
  4. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.