Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan oqilona, samarali va uzluksiz foydalanish, bo‘sh turgan yer uchastkalarining o‘z vaqtida hisobga olinishi va realizatsiya qilinishini tashkil qilish, yer maydonlarini qayta ijaraga berish tartibini soddalashtirish maqsadida qaror qilaman:

  1. Maqsadlar va vazifalar
  2. Ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:

(a) tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh turgan yer uchastkalarini to‘liq hisobga olish va realizatsiya qilish;

(b) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qayta ijaraga berish tizimini takomillashtirish;

(v) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga bo‘lgan huquqlarni to‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

  1. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘sh turgan yer maydonlarini qisqa muddatda ijaraga berish, korxonalarning iqtisodiy holatidan qat’i nazar, barcha turdagi qishloq xo‘jaligi yerlariga mos ekin ekish, normativ hosildorlikdan kam bo‘lmagan mahsulot yetishtirish va hosilni nes-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish — yer uchastkalarining ijarachilari (egalari, foydalanuvchilari), ijaraga beruvchilari, agrosanoat majmuasi tarkibidagi davlat organlari va tashkilotlari uchun birinchi navbatdagi ustuvor vazifa ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin.
  2. Bo‘sh turgan yerlarni hisobga olish
  3. Barcha tuman va shahar hokimlari quyidagilar uchun mas’ul va shaxsan javobgar etib belgilansin:

(a) tegishli tuman (shahar) hududida joylashgan barcha turdagi bo‘sh turgan yer uchastkalari o‘n kun muddatda o‘z qaroriga asosan davlat yer kadastrida bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olinishini ta’minlash;

(b) yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar bekor qilingan har bir holatda ushbu yer o‘n kun muddatda o‘z qaroriga asosan bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olinishini ta’minlash;

(v) bo‘sh turgan yer uchastkalarini ular davlat yer kadastrida hisobga olingan kundan boshlab o‘n kun muddatda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish choralarini ko‘rish;

(g) yer fondi toifasini o‘zgartirish, yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish rejalashtirilgani sababli darhol realizatsiya qilinmaydigan yer maydonlari haqida ushbu yer uchastkasini hisobga olish to‘g‘risidagi o‘z qarorida asoslantirilgan sabablarni ko‘rsatib o‘tish;

(d) bo‘sh turgan yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga, yer berish tartibini buzgan holda ajratilishiga, boshqa shaxslar tomonidan yerdan xo‘jasizlarcha foydalanilishiga yoki uning yaroqsiz holga tushirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

(j) bo‘sh turgan yer uchastkalarini hisobga olish to‘g‘risidagi qarorlarini rasmiy e’lon qilish.

  1. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini elektron onlayn auksion savdolari orqali sotishdan tuman (shahar) budjetiga tushgan mablag‘lar tuman (shahar) budjetining qo‘shimcha manbalari hisoblanishi belgilab qo‘yilsin. Bunda ushbu mablag‘lar qat’iy ravishda hududiy investitsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlariga muvofiq tegishli tumanda (shaharda) qishloq va suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, sug‘orish tizimlarini yaxshilash, zamonaviy suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, yer maydonlarini yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng so‘nggi ilmiy yangilik va innovatsion yondashuvlarni joriy etish tadbirlarini moliyalashtirish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan yo‘naltiriladi.

III. Yer uchastkalarini qisman qayta ijaraga berish

  1. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ijarachilariga o‘ziga ijaraga berilgan yer uchastkalarining bir qismiga nisbatan ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) huquqi berilsin, bunda:

(a) ijarachining o‘zida qoladigan va qayta ijaraga oluvchiga o‘tkaziladigan yer uchastkalarining maydoni Yer kodeksining 461-moddasida belgilangan o‘lchamlardan kam bo‘lmasligi lozim;

(b) yer uchastkalarini qisman qayta ijaraga berishda ularni ijarachi va qayta ijaraga oluvchi o‘rtasida taqsimlash qishloq xo‘jaligi xaritasidagi konturlar yaxlitligi va amaldagi sug‘orish tizimini saqlab qolgan holda alohida turgan konturlarni qayta taqsimlash orqali amalga oshiriladi;

(v) yer uchastkalarini qisman qayta ijaraga berishda taraflar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanadi.

  1. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga nisbatan faqat ijara huquqini tan olish
  2. Yer kodeksining 46-moddasigamuvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar faqat ijara huquqi asosida ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  3. Belgilansinki, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha turdagi yerlarga nisbatan ijara huquqidan boshqa har qanday shakldagi huquq tan olinmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Bunda ushbu qoida:

(a) davlat organlari, muassasalari va korxonalarining ijara huquqidan boshqa turdagi huquq bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlariga hamda yer fondining boshqa toifalari tarkibidagi qishloq xo‘jaligi yerlariga;

(b) 2021-yil 1-avgustga qadar yakka tartibda uy-joy qurish huquqi bilan dehqon xo‘jaligi va tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun hamda bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlariga ajratilgan yerlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Qurolli Kuchlar, chegara, ichki ishlar va boshqa qo‘shinlarning harbiy qismlari, harbiy o‘quv yurtlari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining doimiy faoliyati uchun Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilsin. Bunda ushbu yerlar mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibida tegishlicha qishloq xo‘jaligi yerlari, shu jumladan, sug‘oriladigan yerlar sifatida avvalgi holatida hisobga olinadi. Ushbu yerlarda yer fondi toifasini o‘zgartirmasdan kapital qurilish obyektlari qurishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  2. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer egalariga va foydalanuvchilariga o‘zining yer uchastkalariga bo‘lgan egalik qilish va foydalanish huquqlarini 2027-yil 1-yanvarga qadar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarori asosida ijara huquqiga o‘zgartirish imkoniyati berilsin.
  3. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga egalik qilish va foydalanish huquqi ijara huquqiga o‘tkazilgan hollarda ijara muddati ijara shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab quyidagicha etib belgilansin:

(a) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ular muassisligidagi yuridik shaxslar uchun — 30 yil;

(b) chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun — 25 yil.

  1. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilish
  2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

(a) tuman (shahar) hokimliklari tomonidan o‘n kun muddatda bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni hisobga olish yuzasidan qarorlar Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasiga hisobga olish uchun yuborilishini;

(b) Kadastr agentligi bilan birgalikda tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning hisobga olinishi va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida Qishloq xo‘jaligi vazirligining “E-ijara” axborot tizimiga yuborilishini;

(v) Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning o‘rnatilgan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.

  1. Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yer uchastkalarini qisman qayta ijaraga berishda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatini ishga tushirsin.
  2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-yanvarga qadar:

(a) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan, birinchi navbatda, ikki oy ichida doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan yerlardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini belgilash ishlarini samarali tashkil etsin va yakunlasin;

(b) har oy yakunida ushbu bandga hamda mazkur Farmonning 9-bandiga asosan qabul qilingan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlari va amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

  1. Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Kadastr agentligi va O‘zagroinspeksiya bilan birgalikda ikki oy muddatda yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarni to‘liq yoki qisman boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilgani munosabati bilan yerga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovagamuvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  3. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  4. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
  5. Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 12-sentabr,

PF-172-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-sentabrdagi PF-172-son Farmoniga
ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6243-son Farmonining 3-bandi uchinchi xatboshisiquyidagi tahrirda bayon etilsin:

“maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun, shuningdek, mahalliy va chet ellik investorlar, shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida bo‘lgan, eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishda ushbu yer uchastkalarini ijaraga olish huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablag‘ni ijaraga oluvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga to‘lash sharti bilan. Bunda yer uchastkasining qiymati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bevosita yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi yoxud ijaraga oluvchi tomonidan tashkil etilgan (tashkil etiladigan) xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritilishi mumkin”.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi PF-198-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining5-pozitsiyasida:

(a) “Amalga oshirish mexanizmi” ustunining to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi mazmundagi to‘rtinchi — oltinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:

“3-bosqich — tijorat tashkilotlariga tegishli obyektlar (har chorakda kamida 20 mingta);

4-bosqich — yakka tartibdagi turar joylar va boshqa obyektlar (har chorakda kamida 150 mingta);

5-bosqich — ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar (2025-yildan boshlab har chorakda kamida 100 mingta)”;

(b) “Ijro muddati” ustunida:

(i) “2023-yil dekabr” va “2024-yil dekabr” so‘zlari tegishincha “2027-yil dekabr” so‘zlari bilan almashtirilsin:

(ii) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

“2027-yil dekabr”.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-15-son Farmonida:

(a) 2-bandning “v” va “g” kichik bandlari chiqarib tashlansin;

(b) 4-bandning birinchi xatboshisi “foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda” so‘zlaridan keyin “to‘liq yoki qisman” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;

(v) 5-bandning ikkinchi va beshinchi xatboshilaridagi “2024-yil 31-dekabrga qadar” so‘zlari “2027-yil 1-yanvarga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-36-son Farmonida:

(a) 1-ilovaning 1.2.3-bandida:

(i) to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

(ii) beshinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblansin;

(b) 2-ilovaning 21-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-son Farmoni bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga berish yo‘nalishlaridagi imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralarining “II. Yer uchastkalarini realizatsiya qilishda” bo‘limi 2-bandi “b” kichik bandi birinchi xatboshisidagi“, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida” so‘zlari chiqarib tashlansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-44-son qaroriga 9-ilovaning 83-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
  3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori bilan tasdiqlangan Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:

(a) 7-bandning birinchi xatboshidagi “davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan” so‘zlari “tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan” so‘zlari bilan almashtirilsin;

(b) 19-bandning uchinchi xatboshisidagi “lot qiymatining dastlabki 15 foizini” so‘zlari “lot qiymatini” so‘zlari bilan almashtirilsin;

(v) Nizomga 1-ilova 1-bosqichining “Muddat” ustunidagi “Yer uchastkasi davlat zaxirasiga olinib, davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin” so‘zlari “Yer uchastkasi tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingandan keyin” so‘zlari bilan almashtirilsin.