Kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida paxta va g‘alla hosilini qabul qilish jarayonini to‘liq raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir o‘rinbosari Qahramon Yuldashev, markaziy apparat xodimlari va “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ rahbariyatining ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda hosil qabuli jarayonida shaffoflikni ta’minlash va inson omilisiz avtomatlashtirilgan tizimni yo‘lga qo‘yish borasidagi yechimlar atroflicha ko’rib chiqildi.

Uchrashuvda “AgroTarozi”, “Hosil qabuli” axborot tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘tkir Maxmudov tomonidan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda tizimni tegishli platformalar bilan integratsiyalash ishlarining jadal sur’atlarda olib borish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov platformalarning hozirgi ishlash holati va ularga joriy etilgan yangi texnik imkoniyatlar bilan tanishar ekan, eng avvalo shaffoflik tamoyiliga qat’iy amal qilish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, u paxta va g‘alla qabul qilish maskanlariga avtomatlashtirilgan, zamonaviy rusumdagi maxsus kamera qurilmalarini o‘rnatish, keltirilgan xomashyo bo‘yicha barcha ma’lumotlarni to‘liq raqamli shaklda jamlash hamda tizimga kiritishda yangicha yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha bir qator takliflarini bildirdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda, xorijiy kompaniyalar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizga olib kirish va ularni fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.