Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, O‘rta Chirchiq tumanidagi don qabul qilish maskanida 2026-yil hosili uchun yetishtirilgan g‘allani qabul qilishga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Tashrif davomida “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ rahbari Utkir Mahmudov tomonidan “AgroTarozi” axborot tizimining imkoniyatlari taqdim etildi. Ushbu tizim g‘alla qabul qilish jarayonida asosiy texnologik vosita sifatida joriy etilgan bo‘lib, hosilning vazni va sifati haqidagi ma’lumotlarni elektron tarzda qayd etish, jarayonlarni avtomatlashtirish hamda inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

Taqdimotda raqamli texnologiyalarning g‘allachilikdagi ahamiyati, tizimning qulayliklari va innovatsion yechimlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Vazir tizimning samaradorligi bilan tanishib, mavsum oldidan olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholadi. U “AgroTarozi” platformasi g‘alla qabul qilish jarayonini yanada shaffof, tezkor va samarali tashkil etishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Shuningdek, barcha hududlardagi don qabul qilish shahobchalari va fermer xo‘jaliklari mas’ullari ushbu tizimdan belgilangan tartib asosida foydalanishlari zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, platformani rivojlantirish, uning barqaror ishlashini ta’minlash hamda fermerlarga amaliy yordam ko‘rsatishda mutaxassislar zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilgani alohida ta’kidlandi.