Agrosanoatni raqamlashtirish doirasida matbuot anjumani bo’lib o’tdi
2021-yil 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida agrosanoat majmuasi va OAV vakillari ishtirokida konferensiya-taqdimot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini jadal raqamlashtirish bo‘yicha dasturlar doirasida yaratilgan 10 ta axborot tizimlari va platformalari taqdim etildi. Anjumanni qishloq xo‘jaligi vazirining agrosanoat majmuini raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Yuldashev hamda yerdan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Maqsud Ruzmetov ochib berishdi.
«Davlatimiz rahbarining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan agrosanoatni rivojlantirishga qaratilgan bir necha o‘nlab loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Shu asosda raqamlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni jadal suratlarda olib borishda yetakchi xorijiy tajribani o‘rganish, jumladan, Yevropa Ittifoqi va Jahon Bankining maslahat va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashidan, eng yaxshi texnik yechimlardan foydalanilmoqda», – deya taʼkidlab o‘tdi vazir o‘rinbosari Qahramon Yuldashev.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2020-yil dekabrda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyasini rivojlantirish strategiyasi» hamda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar» tasdiqlangan bo‘lib, bunda to‘rtta asosiy yo‘nalishlar nazarda tutilgan:
- qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish;
- boshqaruv jarayonlari, monitoringni avtomatlashtirish;
- agrar sohada biznes-startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
- suv resurslarini hisobga olish.
Shu bilan birga Qishloq xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tarkibida Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi va «Agrosanoat majmuini raqamlashtirish markazi» davlat muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, ular sohada raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha jadal dastur, qishloq xo‘jaligi sohasida oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qilish va qo‘llab-quvvatlash, suvni boshqarish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va subsidiyalar taqdim etish, zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni imtiyozli moliyalashtirishga yordam beradigan raqamli yechimlarni joriy etish uchun masʼuldir.
«Joriy yil oxirigacha O‘zR Qishloq xo‘jaligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan 5 ta axborot tizimi ishga tushiriladi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish uchun mo‘ljallangan «E-IJARA TANLOV» tizimi, ArcGIS dasturiy mahsuloti bazasidagi geoaxborot tizimi, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalash” yagona axborot tizimi, Import qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari hisobi tizimi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining yangilangan rasmiy veb-sayti, – deya aniqlik kiritib o‘tdi O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori Saidagzam Alimov. – Shuningdek, 2022-2023-yillarda yana 5 ta elektron tizimning ishga tushirilishi ko‘zlangan. Yaʼni Agroplatforma AT, “Marketplace” elektron agrosanoat savdo portali, Toshkent davlat agrar universitetida joriy etiladigan «Smart campus» loyihasi, “Rubicon” suv resurslarini boshqarish tizimi, fermerlar uchun ekotizimni yaratishga asos bo‘ladigan 150 dan ortiq turdagi interaktiv xizmatlar va servislardan iborat «Raqamli qishloq xo‘jaligi» ASM yagona integratsiya platformasi. Ushbu innovatsion yechimlarni joriy etish ASMda tadbirkorlik faoliyatini yengillashtirish va muqobillashtirish imkonini beradi, hujjatlar almashinuvi va interaktiv xizmatlarga ega bo‘lishni osonlashtiradi, agrar sohada jarayonlar shaffofligini kuchaytiradi va eng muhimi, ASM tizimida samaradorlik natijalarini yaxshilaydi».