logo-grreen
O‘zbekiston va Turkiya: Agrar sohani sug’urtalash

O‘zbekiston va Turkiya: Agrar sohani sug’urtalash

15-may kuni Turkiyaning agrosug‘urta sohasi vakillari agrar sohani sug‘urtalashga oid hamkorlikka erishish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tashrif buyurishdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshliqlari, tizim tashkilotlari vakillari qatnashgan uchrashuvni o‘zbek tomoni yurtimizdagi agrar soha holati bilan mehmonlarni tanishtirishdan boshladi.

Dastlab, Qishloq xo‘jaligining tarkibiy tuzilmasidan tortib, mamlakatimizning yer maydoni va demografik holati, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari kabi muhim maʼlumotlarni Vazirlikning Statistik tahlil boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Sadriddinov uchrashuv ishtirokchilari eʼtiboriga taqdim etdi.

Shundan so‘ng mehmonlar mamlakatimizdagi yer maydonlari va unda kechayotgan degradatsiya jarayonlarining oldini olish borasida qilinayotgan ishlarga qiziqish bildirishdi. Ushbu savollarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari departamenti mudiri Oybek Soatov batafsil javob qaytardi.

— Biz mamlakatingizdagi agrar soha sug‘urtasiga oid maʼlumotlar bilan tanishmiz va aynan bu yerga bu tizimni yo‘lga qo‘yish, uni rivojlantirish uchun kelganmiz. Hozirda bu yerda o‘tkazilayotgan taqdimotlar orqali qishloq xo‘jaligingizdagi barcha yo‘nalishlarning imkoniyatlari bilan tanishyapmiz va bu bizga qaysi yo‘nalishda sug‘urtalash zarurligini ko‘rsatadi. Bugunga qadar yurtingizda agrar soha sug‘urtasiga oid nima ishlar qilindi va nimalar qilinishi kerak? Biz sizlar bilan mana shu maʼlumotlarga tayangan holda Yo‘l xaritasini tuzamiz va bu bizga keyingi hamkorligimizda dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi, — deya uchrashuvda o‘z fikrlarini bildirdi Turkiyaning “TARSIM” kompaniyasi bosh menejeri va direktorlar kengashi aʼzosi Bekir Engurulu.

O‘zbekiston vakillari ham agrosug‘urta borasida Turkiya bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Turkiya agrosug‘urta sohasi vakillarining mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini o‘rganish va uni sug‘urtalashga oid tanishuv uchrashuvlari davom etadi.

Manba: https://agro.uz

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.