logo-grreen
Toshkentda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlikning elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining 44-yig‘ilishi o‘tkazildi

Toshkentda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlikning elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining 44-yig‘ilishi o‘tkazildi

UZTELECOMning Toshkent shahridagi yangi binosida Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlik (ASMH)ning elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining 44-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbektelekom” AK mezbonlik qilgan ushbu nufuzli tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov, ASMHning to‘liq a’zolari – Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Turkmaniston aloqa ma’muriyatlari delegatsiyalari, shuningdek, One We, Iskratel Ltd, Huawei kabi tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar.

ASMH ishtirokchilari mamlakatlarida raqamli iqtisodiyot dasturlarini amalga oshirishda operatorlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi taqdimotlari va “Xalqaro radioaloqa konferensiyasi – 24” hamda Mintaqaviy Hamdo‘stlik Parlamentlararo Assambleyasining aloqa sohasidagi Mintaqaviy hamdo‘stlik ekspertlar kengashining yig‘ilishi – 2026 ga tayyorgarligi kabi muhim masalalar muhokama qildilar.

Yig‘ilishda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlikning elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining raisi Yuriy Petruchenya soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda raqamlashtirish jarayoni yuqori sur’atda amalga oshirilayotganligini, shunday bo‘lsa-da, mintaqa mamlakatlarida raqamli tafovut milliy va mintaqaviy darajada muhimligicha qolayotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, ishtirokchi mamlakatlardan tashrif buyurgan vakillarning, xususan, mavjud tranzit aloqa tarmoqlari va istiqbolli tarmoqlarni qurish, ASMH ishtirokchilari mamlakatlarida aloqa tarmoqlarida firibgarlik (frod)ga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, ASMHning Telekommunikatsiya va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashi huzuridagi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari bo‘yicha ishchi guruhning takliflari tinglandi hamda ishtirokchilar oʻrtasiga muhokamaga qoʻyilib, mavzular boʻyicha takliflar maʼqullandi.

Uchrashuv davomida ASMH ishtirokchilari tomonidan mamlakatlarida raqamli iqtisodiyot dasturlarini amalga oshirishda operatorlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi masalalarga alohida e’tibor berildi. Shu maqsadda yig‘ilish doirasida ASMH faoliyatiga oid masalalar va ishtirokchilarning Хalqaro elektroaloqa ittifoqining yirik forumlariga tayyorlash bo‘yicha xalqaro masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, bugungi kunda Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlikning elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining har bir tadbirlari bu aloqa sohasi uchun umumiy strategiya tuzish, fikr almashish, mavjud muammolarni muhokama qilish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi strategiyalari, yangi usullarini ishlab chiqishdagi eng yaxshi maydon bo‘lishi taʼkidlandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlikning elektr aloqa va axborot-kommunikatsiya operatorlari kengashining 44-yig‘ilishi majlisini a’lo darajada tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirdilar.

Manba:https://digital.uz

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.