2003 yil 9 dekabr kuni Merida shahri (Meksika) da Birlashgan millatlar tashkiloti tashabbisi bilan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro konvensiya imzolangan. 2003 yil Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 53-sessiyasida qabul qilingan rezolutsiyaga muvofiq, ushbu kun Korrupsiyaga qarshi qurashish Xalqaro kuni deb e‘lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining

Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risidagi Qonuni haqida

Mazkur Qonun 2023 yil 9 avgustdan qonuniy kuchga kirgan, 5 bob va 29-moddadan iborat.

Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar — korrupsiyaning ko‘rinishlari uchun, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish uchun imkoniyat yaratadigan huquqiy normalar;

normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi — normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlashga, aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan tadbirlar majmui;

cheklist — normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash bo‘yicha namunaviy shakldagi savolnoma.

Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazuvchi subyektlar:

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi);

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiquvchilari bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari (bundan buyon matnda yuridik xizmatlar deb yuritiladi);

tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari.

Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan korrupsiyaga qarshi ekspertizasi

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi:

o‘z tashabbusiga ko‘ra — har qanday normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan o‘rganish va tekshirishlar natijalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning qo‘llanilishi chog‘ida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar fakti aniqlangan hollarda;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko‘ra.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazadi:

o‘z tashabbusiga ko‘ra — har qanday normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shu jumladan jamoatchilik e’tiborini tortgan va ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokama va munozaralarga sabab bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga ko‘ra.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish uchun boshqa davlat organlarining vakillarini, shuningdek mustaqil va ilmiy ekspertlarni hamda o‘zga tashkilotlarning vakillarini shartnomaga asosan jalb etishga haqli.