Litsenziyalashga oid qonunchilikka o’zgartirish kiritildi

Litsenziyalashga oid qonunchilikka o’zgartirish kiritildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O’RQ–878-son, 15.11.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.

Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga kiritilgan o’zgartirishga ko’ra, sanitariya qonunchilikni, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiena normativlarini buzish:

  • fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha;
  • mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to’g’risida”gi Qonunga kiritilgan qo’shimcha va o’zgartirishlarga muvofiq:

Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to’g’risidagi arizani rad etish uchun quyidagilar asos bo’ladi:

  • qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziyani olish;
  • sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug’ullanish taqiqlanganligi.

Shuningdek, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:

  • litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda;
  • litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qo’pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog’lig’iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo’lsa.

Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik subyektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qonunga ko’ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi quyidagi faoliyat turlari bo’yicha litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi:

  • alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi;
  • pivo va pivo ichimliklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdo qilish faoliyati.

Tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilish Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish esa joylardagi tuman (shahar) soliq inspeksiyalarini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.