O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YER UCHASTKALARINI IJARAGA BERISH TARTIBINI TAKOMILLASHTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, erga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6243-son Farmoni bilan boshlangan yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:

  1. 2024-yil 1-martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksion savdolari joriy etilsin.
  2. Belgilansinki:
  3. a) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali o‘ttiz yilga ijaraga beriladi, bunda boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymati miqdorida belgilanadi;
  4. b) yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha materiallarni tayyorlash, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilguniga qadar, ochiq elektron tanlov uchun belgilangan tartibda, elektron onlayn auksion savdolarini o‘tkazish esa, auksion savdolarini tashkil etish hamda o‘tkazish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi;
  5. v) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
  6. g) dehqon xo‘jaligi, yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘olibi bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
  7. d) elektron onlayn auksion savdolari orqali ijara huquqini sotishdan tushgan mablag‘lar ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin operator xizmat haqi chegirilgan holda quyidagi tartibda taqsimlanadi:

10 foizi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga (2 foiz — “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJga, 3 foiz — “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga, 5 foiz — Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasiga);

bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravari miqdorida — yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning hisobvarag‘iga;

qolgan mablag‘lar — tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetiga.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari, Kadastr agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar:

1-ilovaga muvofiq 15 626,8 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini (aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi, unumdorligi yuqori bo‘lgan, maydoni, qoida tariqasida, 5 gektardan yuqori konturlarni 1 gektargacha lotlarga bo‘lgan holda);

ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va g‘olib aniqlanmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari 2024-yil 1-martdan boshlab avtomatik tarzda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.

  1. 2024-yil 1-martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilsin. Bunda:

ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa, kamida besh yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi shart, ushbu muddat ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab hisoblanadi;

yuridik shaxslarga elektron onlayn auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yo‘l qo‘yiladi;

ijaraga beruvchi ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni yoki elektron onlayn auksion savdolari natijalariga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan to‘lovlarni biryo‘la to‘lashi shart.

  1. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining 2023-yil 13-dekabrdagi “Respublikamizda yerlardan oqilona va samarali foydalanish holatini o‘rganish, bu borada mahalliy Kengashlar tomonidan nazorat qilish samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi 3787-IV/KQ-642-IV sonli qo‘shma qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2024-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga huquqni tasdiqlovchi hujjatlari to‘liq bo‘lmagan, hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qiladigan, doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan, shu sabablarga ko‘ra huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan holda amalda foydalanib kelinayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini o‘rganib, o‘z sessiyalarida ushbu yer uchastkalari bo‘yicha:

tuman (shahar) hokimi va yerdan foydalanuvchi o‘rtasida yer ijarasi shartnomasini tuzish (ijara shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish) to‘g‘risida;

yer uchastkasini zaxiraga qaytarish choralarini ko‘rish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati berilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari 2024-yil 31-dekabrga qadar o‘z hududlarida erga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, lekin amalda foydalanib kelinayotgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha yer uchastkalari bo‘yicha ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki erni zaxiraga qaytarish choralarini ko‘rsin.

  1. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar uchun qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar barcha hollarda barcha shaxslardan to‘liq undirilishi belgilansin, bundan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan hollar mustasno.
  2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq garovga qo‘yuvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar garovi bilan ta’minlangan majburiyati bajarilmagan taqdirda, yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda, ijara huquqini yer ijarasi shartnomasining qolgan davriga elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilishga ruxsat etiladi. Bunda:

yer uchastkasiga ijara huquqini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarishni vakolatli organlar bilan kelishish (xulosa olish) talab etilmaydi;

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ijara huquqini elektron onlayn auksion savdolarida realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanadi.

  1. Agrosanoat klasterlariga yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish tartibi bekor qilinsin. Bunda, agrosanoat klasterlari yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali yoki yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan ijaraga olishlari mumkin.
  2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi ikki oy muddatda yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini, shuningdek, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, yer uchastkalarini chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan mahalliy va chet ellik investorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishda ushbu yer uchastkasiga ijara huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablag‘ ijaraga oluvchi tomonidan Davlat budjetiga to‘lanishi nazarda tutilsin.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.