logo-grreen
Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida NIZOM

Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida NIZOM

CHORVACHILIK XO‘JALIKLARIGA XORIJIY DAVLATLARDAN IMPORT QILINGAN NASLDOR QORAMOL, QOY VA ECHKILAR UCHUN SUBSIDIYA AJRATISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA” gi Nizomni tasdiqlash haqida qarori.

Ichki iste’mol bozorini go‘sht, sut va boshqa chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, chorvachilik oziqa bazasini kengaytirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 24-avgustdagi PQ-285-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘mdan, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘mdan subsidiya ajratish tartibi;

subsidiya oluvchilar ro‘yxatini shakllantirish, subsidiya oluvchilarga qo‘yiladigan talablar, subsidiya ajratish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni ko‘rib chiqish tartibi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda chorvachilik xo‘jaliklarining arizalarini ko‘rib chiqish va ularga ajratilgan subsidiya mablag‘lari to‘g‘risida o‘zaro real vaqt rejimida elektron axborot almashishni yo‘lga qo‘ysin.

Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
  2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

“Agroplatforma” AT — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi;

subsidiya — yuridik shaxslarga xorijiy davlatlardan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni import qilishda xarajatlar o‘rnini qisman qoplash uchun beriladigan mablag‘;

nasldor qoramol — kelib chiqishi hujjatlar (nasldor qoramol guvohnomasi) bilan tasdiqlangan, muayyan zotni takror ko‘paytirish uchun foydalaniladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan hayvon;

nasldor qo‘y va echki — kelib chiqishi hujjatlar (nasldor qo‘y va echki guvohnomasi) bilan tasdiqlangan, muayyan zotni takror ko‘paytirish uchun foydalaniladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan hayvon;

import qiluvchi — xorijiy davlatlardan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni olib kiruvchi tashkilotlar;

subsidiya oluvchi — ushbu Nizomda belgilangan tartibda xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni sotib olish orqali respublika hududida parvarishlaydigan chorvachilik xo‘jaliklari.

  1. Chorvachilik xo‘jaliklariga 2023-yil 1-sentabrdan boshlab 2025-yil 31-dekabrga qadar davlat tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorda subsidiya ajratiladi.

2-bob. Subsidiya oluvchilar ro‘yxatini shakllantirish tartibi

  1. Mazkur Nizomga 1-ilovagamuvofiq tarkibdagi Chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — tuman komissiyasi):

kalendar yilning 1-mayiga qadar ushbu Nizomga 2 va 2.1-ilovalarga muvofiq shaklda kelgusi yil uchun subsidiya oluvchilar ro‘yxatini shakllantiradi hamda tasdiqlaydi;

tasdiqlangan subsidiya oluvchilar ro‘yxatini mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilgan Chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar komissiyalariga (keyingi o‘rinlarda — hududiy komissiya) kiritadi.

  1. Hududiy komissiya:

uch ish kuni ichida subsidiya oluvchilar ro‘yxatini umumlashtiradi hamda ushbu Nizomga 2.2 va 2.3-ilovalarga muvofiq shakl bo‘yicha tasdiqlaydi;

tasdiqlangan subsidiya oluvchilar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) taqdim etadi.

Qo‘mita uch ish kuni ichida hududiy komissiya tomonidan taqdim etilgan subsidiya oluvchilar ro‘yxatini umumlashtiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

subsidiya oluvchilar ro‘yxatini taqdim etilgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ushbu Nizomga 2.4 va 2.5-ilovalarga muvofiq shaklda umumlashtiradi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishadi;

kelishilgan subsidiya oluvchilar ro‘yxatini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

taqdim etilgan subsidiya oluvchilar ro‘yxatini ko‘rib chiqib tasdiqlaydi va uni kalendar yilning 15-iyuliga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ijro uchun yuboradi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya berish maqsadida zarur mablag‘larni nazarda tutadi.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qo‘mitaning takliflari asosida tuman komissiyasi tomonidan shakllantirilgan subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga yil davomida haqiqiy holatdan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi mumkin.

3-bob. Subsidiya oluvchiga qo‘yiladigan talablar

  1. Go‘sht va sut yo‘nalishidagi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilinadigan nasldor qoramollarning bo‘g‘ozlik muddati 6 oygacha bo‘lishi, tirik vazni 450 kilogrammdan va tug‘ish vaqtida kutilayotgan yoshi 30 oydan ko‘p bo‘lmasligi hamda urug‘lantirgan nasldor buqa to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar mavjud bo‘lishi lozim.
  2. Xorijiy davlatlardan import qilinadigan nasldor qo‘y va echkilar quyidagi talablarga mos kelishi shart:

tana tuzilishi — mustahkamligi;

nasldor qo‘y va echkilar yoshi 6 oylikdan kam bo‘lmasligi.

  1. Subsidiya oluvchi xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni kamida 2 avlod olgungacha saqlashi shart.

4-bob. Subsidiya ajratish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni ko‘rib chiqish tartibi

  1. Subsidiya oluvchi xorijiy davlatdan nasldor qoramolni olib kelgandan so‘ng tuman komissiyasiga subsidiya olish uchun ushbu Nizomning 10 — 12 bandlaridaqo‘yilgan talablarni hisobga olgan holda, “Agrosubsidiya” AT elektron tizimi orqali ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkining kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkini sotib olish bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi va to‘lov topshiriqnomasi nusxasi;

bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarning elektron identifikatsiya bazaga kiritilganligi.

  1. Ariza tuman komissiyasi kotibi tomonidan qabul qilinadi hamda arizaning nusxasi qabul qilingan sana ko‘rsatilgan holda subsidiya oluvchiga taqdim etiladi.

Subsidiya oluvchining arizasi tikilgan va muhrlangan jurnalga tuman komissiyasi kotibi tomonidan qayd etib boriladi.

Taqdim etilgan hujjatlarning to‘liq va haqqoniyligi uchun subsidiya oluvchi javobgar hisoblanadi.

  1. Subsidiya oluvchi ushbu Nizomning 10va 11-bandlaridanazarda tutilgan talablarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni to‘liq taqdim etmaganda, tuman komissiyasi bir ish kuni ichida hujjatlarni subsidiya oluvchiga asoslantirilgan kamchiliklarni ko‘rsatgan holda javob xati bilan qaytaradi.
  2. Subsidiya oluvchi ushbu Nizomning 10va 11-bandlaridanazarda tutilgan talablarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni to‘liq taqdim etganda, tuman komissiyasi arizani uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.

Tuman komissiyasi arizani ko‘rib chiqqandan keyin mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda subsidiya oluvchiga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani uch nusxada to‘ldiradi va tasdiqlaydi.

Subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosaning birinchi nusxasi Qo‘mitada, ikkinchi nusxasi tuman komissiyasida va uchinchi nusxasi murojaat etuvchida saqlanadi.

Tuman komissiyasi subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosa haqida subsidiya oluvchini xulosa qabul qilingan kunda xabardor qiladi.

Subsidiya oluvchi subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosada ko‘rsatilgan kamchiliklarni besh ish kuni ichida bartaraf etib, tuman komissiyasiga ariza bilan qayta murojaat qilishi mumkin.

  1. Tuman komissiyasi subsidiya oluvchi tomonidan taqdim etilgan arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni hamda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi ijobiy xulosani bir ish kuni ichida hududiy komissiyaga yuboradi.
  2. Hududiy komissiya tuman komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ijobiy xulosa va unga ilova qilingan hujjatlarni ikki ish kuni ichida tumanlar kesimida jamlagan holda Qo‘mitaga yuboradi.
  3. Qo‘mita hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etilgan ijobiy xulosa va unga ilova qilingan hujjatlarni viloyatlarning tumanlari kesimida jamlagan holda subsidiya oluvchilar ro‘yxatini ikki ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki ish kuni ichida subsidiya oluvchilar ro‘yxatini ko‘rib chiqib tasdiqlaydi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi.
  5. Subsidiya oluvchining arizasini ko‘rib chiqish uchun to‘lovlar undirilmaydi.
  6. Subsidiya ajratishni rad etishga quyidagilar asos bo‘ladi:

xorijiy davlatlardan import qilingan qoramol, qo‘y va echkilar ushbu Nizomning 10 va 11-bandlari talablariga mos kelmasa;

tuman komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganishlar natijasida subsidiya oluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz va noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi yoki ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish holatlari aniqlanganda.

Ushbu bandda qayd etilgandan boshqa hollarda, subsidiya oluvchiga subsidiya ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Subsidiya oluvchi tuman komissiyasining subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
  2. Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ushbu Nizomga 5-ilovadagisxemaga muvofiq ajratiladi.

5-bob. Subsidiya ajratish tartibi

  1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlangandan so‘ng subsidiya ajratish uchun zarur mablag‘larni besh ish kuni ichida belgilangan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazib beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘larning hisobi Qishloq xo‘jaligi vazirligida ochiladigan maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi taqdim etilgan hujjatlarda tuman komissiyasining ijobiy xulosasi bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritadi va ikki ish kuni ichida tuman komissiyasining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda, subsidiya oluvchining tijorat bankidagi asosiy hisobvarag‘iga subsidiya mablag‘ini o‘tkazib beradi.

Bunda moliya yili yakuni bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida foydalanilmay qolgan mablag‘lar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Subsidiya ajratish bo‘yicha yuzaga keladigan kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish orqali hal qilinadi.

Kelishmovchiliklarni muzokaralar o‘tkazish orqali hal qilishning iloji bo‘lmaganda, sud tartibida hal qilinadi.

  1. Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanish davlat moliyaviy nazorati bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan nazorat qilinadi.
  2. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.