logo-grreen
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

QISHLOQ XO‘JALIGI YERLARI DEGRADATSIYASIGA QARSHI KURASHISH, TUPROQNING GUMUS MIQDORI VA UNUMDORLIGINI OSHIRISHNI QO‘LLAB-QUVVATLASHNING QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Respublikada iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy ta’sirning oldini olish, qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasini kamaytirish, tuproqdagi gumus miqdorini ko‘paytirish orqali ekinlar hosildorligi va tuproq unumdorligini oshirish maqsadida:

  1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2024-2025-yillarda tajriba tariqasida paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni, shu jumladan tuproqning gumus miqdorini oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun yerdan foydalanuvchilarga (jumladan, klasterlarga) Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har bir gektar maydonga bir million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bunda:

subsidiya ajratish Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Agrosubsidiya axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi;

paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi 2024-yilda ajratiladi;

subsidiyaning qolgan 30 foizi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan o‘rtacha 10 foizga oshganligi to‘g‘risidagi xulosasiga asosan 2025-yilda ajratiladi.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil Davlat budjeti parametrlariga muvofiq ajratilgan mablag‘lar hisobidan mazkur qarorning 1-bandidanazarda tutilgan subsidiyalar o‘z muddatida ajratib berilishini ta’minlasin.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligining agrotexnik tadbirlar uchun taqdim etadigan talabnomalariga muvofiq tuproqning gumus miqdorini oshirish maqsadida, zaruriyatga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 2025-yil paxta hosili uchun 2024-yilning sentyabr oyidan boshlab imtiyozli kreditlar ajratilishiga ruxsat berilsin.
  3. Qishloq xo‘jaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish hamda tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi ilovagamuvofiq tasdiqlansin.

Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

xorijiy tajribani chuqur tahlil qilgan holda tuproqdagi gumus miqdorini ko‘paytirish orqali tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

tuproq tarkibida gumus miqdori kam bo‘lgan yer maydonlarini aniqlash, ularning xaritalarini yaratish va monitoring qilish;

hududlarda tuproqni muhofaza qilishga qaratilgan yerdan foydalanish tizimini joriy qilish va rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;

paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish tajribasini respublikaning boshqa hududlarida keng joriy qilish;

erlar degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;

Davlat budjetidan ajratilgan subsidiyalarning o‘z muddatida maqsadli va samarali ishlatilishini tashkil qilish.

  1. Tuproqshunoslik yo‘nalishidagi faoliyatni yagona tizimda amalga oshirish maqsadida “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tarkibiga o‘tkazilsin.
  2. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:

2024-2025-yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladigan tumanlar ro‘yxatini;

Paxta maydonlarida tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini;

Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlasin.

  1. Hisob palatasi (A. Boboyev) mazkur qaror doirasida Davlat budjeti hisobidan mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2024-yilning ikkinchi choragida ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari olimlaridan iborat ishchi guruhlarni tashkil qilgan holda joylarda tuproqning gumus miqdorini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar hamda Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya to‘g‘risida har bir tumanda fermer xo‘jaliklari uchun seminarlar tashkil etsin va ularga tushuntirishlar bersin.

Bunda, tuproqning gumus miqdorini oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va har bir fermer xo‘jaligiga yetkazish nazarda tutiladi.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.