O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
RESPUBLIKADA OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHNING QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
So‘nggi yillarda respublikada oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, sohaga investitsiya mablag‘larini jalb qilish va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,1 milliard AQSh dollaridan va ularning yillik eksporti hajmi 510 million AQSh dollaridan oshdi.
Shuningdek, oxirgi uch yilda import o‘rnini bosuvchi 75 turdagi 289,9 million AQSh dollari miqdoridagi oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanib, import hajmi 7,4 foizga kamaydi. Respublika sanoatida oziq-ovqat sanoati ulushi 14 foizdan 16,6 foizga oshdi.
Keyingi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish, bozorda raqobatbardosh mahsulotlar turini yanada kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish hisobiga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 1,5 baravarga va eksport ko‘rsatkichlarini 2 baravarga oshirish maqsadida:
- Oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun:
- a) “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 80 million AQSh dollari va “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” hamda “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihalari doirasida jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 40 million AQSh dollarini yo‘naltirish bo‘yicha Jahon banki va Fransiya taraqqiyot agentligi bilan kelishuvga erishilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin;
- b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda:
2024-yil 1-iyulga qadar “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida jalb qilingan 100 million AQSh dollarini oziq-ovqat yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish masalasini Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan kelishsin;
qayd etib o‘tilgan xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 45 million AQSh dollarini belgilangan tartibda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hamda eksport qiluvchi korxonalarni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlashga yo‘naltirsin.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
- a) xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 220 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar 2024-yil 1-martga qadar tijorat banklariga yo‘naltiriladi. Bunda tijorat banklari tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada:
oziq-ovqat yo‘nalishidagi, sohada mahsulot yetishtirishdan tortib uni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun — 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan;
aylanma mablag‘lar uchun — 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan imtiyozli kreditlar ajratiladi;
- b) eksport qiluvchi korxonalarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 1-martdan boshlab Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 2 yil muddatgacha ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida eksport hajmi:
100 ming AQSh dollaridan 1 million AQSh dollarigacha bo‘lganda — 100 ming AQSh dollarigacha;
1 million AQSh dollaridan 2 million AQSh dollarigacha bo‘lganda — 1 million AQSh dollarigacha;
2 million AQSh dollaridan 4 million AQSh dollarigacha bo‘lganda — 2 million AQSh dollarigacha;
4 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda — 3 million AQSh dollarigacha moliyaviy resurslar ajratiladi.
Bunda:
moliyaviy resurslar yillik 4 foiz stavkadan (shundan 2 foizi bank marjasi) oshmagan miqdorda taqdim etiladi;
eksport qiluvchilar tomonidan aylanma mablag‘lar olingandan so‘ng kelgusi yilda eksport hajmi kamida 20 foizga oshmagan taqdirda, imtiyozli kredit tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;
- v) oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari va eksport qiluvchilar tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va do‘konlarini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSh dollarigacha mablag‘ni xorijiy hisob raqamlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi.
- Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda kichik sanoat zonalari tarkibida oziq-ovqat sanoati texnoparklarini tashkil etish yuzasidan asoslangan takliflarni ishlab chiqib, tegishli qarorlarni ko‘rib chiqish uchun tegishincha xalq deputatlari viloyat Kengashlariga kiritsin. Bunda:
moliyalashtirish manbai sifatida xorijiy moliya institutlari mablag‘lari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, tijorat banklarining kredit resurslari hamda tadbirkorlarning o‘z mablag‘larini belgilash;
oziq-ovqat sanoati texnoparklarida amalga oshiriladigan asosiy faoliyat dasturlarini ishlab chiqish;
tadbirkorlik subyektlari uchun oziq-ovqat sanoati texnoparklarida bevosita va raqamli xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etish;
xalqaro va mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, yoshlarni kasbga hamda oziq-ovqat mahsulotlarini mustaqil tayyorlashga o‘rgatish maydonchasi tashkil etishni nazarda tutsin.
- Belgilansinki:
- a) kichik sanoat zonalari uchun tatbiq etilgan imtiyozlar ular tarkibida tashkil etilgan oziq-ovqat sanoati texnoparklariga ham joriy qilinadi;
- b) kichik sanoat zonalari tarkibidagi oziq-ovqat sanoati texnoparklarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun ajratiladigan yer uchastkalari bo‘yicha mablag‘lar elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari tomonidan uch yil davomida teng ulushlarda to‘lab beriladi;
- v) 2024-yil 1-yanvardan:
Xalqaro akkrediatsiya forumi (IAF) tomonidan ko‘p tomonlama tan olish bitimiga kiritilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirida xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish hamda zarur bo‘lgan uskuna va laboratoriya jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, lekin 500 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi;
yillik tushumida tayyor oziq-ovqat mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan hamda har yili 1 million dollardan ortiq hajmdagi eksportni amalga oshiruvchi mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, marketolog, dizayner va xalqaro standartlar bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ularga hisoblangan ish haqining 30 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
Bunda, mazkur kichik banddagi tadbirlarni moliyalashtirish manbai etib Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari belgilanadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar, xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish, oziq-ovqat sanoati uchun zarur bo‘lgan laboratoriya uskunalarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni hamda injener-texnolog, marketolog, dizayner va xalqaro standartlar bo‘yicha xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2024-yilda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin.
- Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasining maqsadli indikatorlari 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasida 2024 — 2028-yillarda oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash hamda aholining barcha qatlamlari sog‘lom va faol hayot kechirishi uchun tabiiy, moliyaviy va moddiy resurslardan foydalanishning samarali iqtisodiy va ekologik boshqaruv tizimlarini joriy qilish;
erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan mexanizmlar orqali strategik ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda ularning xomashyo zaxiralarini yaratish;
oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash jarayonida tabiiy va texnogen ofatlar, global siyosiy va iqtisodiy inqirozlar, pandemiya, harbiy amaliyot va boshqa hodisalarning salbiy ta’siri oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish, shuningdek, xabardor qilish va monitoring platformasini yaratish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun ijtimoiy himoya milliy tizimlarini takomillashtirish va ularning barqarorligini ta’minlash;
jamoatchilikni keng jalb qilgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlarini nazorat qilish, sog‘lom ovqatlanish tamoyillari va ularga rioya qilish amaliyotlarini keng targ‘ib etish.
- O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A. Aripov):
Strategiyada belgilangan ustuvor vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi va bu boradagi ko‘rsatkichlarga erishish ustidan doimiy monitoring yuritish va natijalarning xalqaro reytinglarda aks ettirilishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilasin;
ikki oy muddatda Strategiyaning har bir asosiy yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislardan iborat tarkibda doimiy ishlovchi ishchi guruhlarni xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlar grantlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlarni belgilagan holda shakllantirish choralarini ko‘rsin;
Strategiya va “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari o‘z muddatida va sifatli ishlab chiqilishi hamda belgilangan tartibda kiritilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlasin;
har chorakda Strategiya va “yo‘l xaritasi” bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot taqdim etib borsin.
Belgilansinki, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Strategiyani va “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi hamda uning faoliyatini tahliliy va tashkiliy jihatdan ta’minlaydi.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Statistika agentligi:
2025-yil yakuniga qadar oziq-ovqat xavfsizligi va iste’moli sohasida salohiyatni barqaror rivojlantirish, xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoringini yuritish hamda xavf-xatarlar to‘g‘risida erta xabardor qilishni tashkil etish maqsadida yaxlit idoralararo Milliy axborot platformasini ishlab chiqsin;
2025-yil 1-martga qadar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda ularning bozordagi narx-navolari to‘g‘risidagi doimiy, ishonchli va aniq ma’lumotlar bilan ta’minlaydigan “Elektron agrosanoat bozori” axborot tizimini ishga tushirib, Milliy axborot platformasi bilan integratsiyasini ta’minlasin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
aholining oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan birgalikda asosiy import qiluvchi mamlakatlarda ichki bozorlardagi narxlar dinamikasi, mahsulot yetishtirish prognozlari, ularning o‘zgarishlari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar bazasini shakllantirsin hamda har chorak yakuni bilan Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;
2024-yil 1-martga qadar oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tashish infratuzilmasini zamon talablari asosida rivojlantirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, dehqon bozorlarida mahsulotlarni bevosita yetishtiruvchilar tomonidan iste’molchilarga sotish bo‘yicha alohida rastalarni tashkil etish hamda oziq-ovqat mahsulotlarining saqlash imkoniyatlarini yaratish inobatga olinsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat sanoatini xomashyo bilan kafolatli ta’minlash maqsadida ijtimoiy daftarlarga kirgan fuqarolarga va dehqon xo‘jaliklariga ajratilgan yerlardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga qiziqishini oshirish va mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqib, 2024-yil 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-sentabrga qadar:
oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy sabzavot ekinlarining serhosil, kasalliklarga va qurg‘oqchilikka chidamli mahalliy navlarini yaratish, ularning urug‘chiligini tashkil etish hamda ichki bozorni mahalliy urug‘liklar bilan ta’minlash dasturini;
global iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda mavjud resurslardan unumli foydalanish maqsadida suv ta’minoti yomon bo‘lgan va lalmi yerlarda moyli ekinlar va boshqa oziq-ovqat ekinlari hamda chorva ozuqa ekinlarini tuproqqa “nol” ishlov berish (No-Till) texnologiyasi asosida yetishtirish dasturini;
qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib tuproqning sho‘rlanish darajasini pasaytirishda sho‘r yuvish tadbirini biologik usullarga almashtirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar ijtimoiy daftarlarga kirgan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlarini bozor narxlarida xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish hamda yoshlarni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga qiziqishini oshirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda qadoqlangan o‘simlik yog‘ini raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini 2024-yil 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev, qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.