O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

“Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”

Mamlakatimizda pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xomashyo bazasini kengaytirish hamda ipak qurti urug‘i hajmlarini keskin ko‘paytirish, pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali sohadagi bandlikni ikki baravarga oshirish, shuningdek, bozor mexanizmlarini joriy qilish ishlarini jadallashtirish maqsadida:

  1. Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq belgilansin.
  2. Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida 2024 — 2027-yillar davomida:

tutzorlar yer maydoni 160 ming gektarga, dala chetlaridagi yakka qator ekilgan tut daraxtlari soni 500 millionga;

respublikada ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni mahalliylashtirish darajasi 80 foizga;

respublikada ishlab chiqariladigan xom ipak sifati 5A klassga hamda uni qayta ishlash darajasi 75 foizga yetkazilsin.

  1. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-85-son Farmonining 1-ilovasidanazarda tutilgan 105 ming gektar yer maydoni “E-auksion” elektron savdo platformasiga ijaraga berish uchun aniqlangan boshlang‘ich bahosining 10 foizi miqdoridagi narx bilan joylashtiriladi.

Bunda, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari tomonidan yer maydonlarida tutzorlar barpo etilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.M. G‘aniyev qishloq xo‘jaligi vaziri, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda:

qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilgan dala chetlarida 2024 — 2027-yillarda 2-ilovaga muvofiq yakka qator tut ko‘chatlari ekilishini ta’minlasin;

yangi tutzorlar barpo qilish maqsadida “E-auksion” elektron savdo platformasiga ijaraga berish uchun tut ko‘chatlarini ekishga mos bo‘lgan yer maydonlari to‘liq joylashtirilishiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-85-son Farmonining 2-ilovasida ko‘rsatilgan prognoz ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida bajarilishiga shaxsan javobgar etib belgilansin.

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2027-yilga qadar bosqichma-bosqich pillachilik sohasida aholining mavsumiy bandligini 2 millionga yetkazish maqsadida:

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har chorakda ishsiz va band bo‘lmagan aholi, shu jumladan, ayollar ro‘yxatini Qo‘mitaga taqdim qiladi;

Qo‘mita ushbu ro‘yxatga asosan pillachilik klasterlari bilan birgalikda pillani yetishtirish agrotexnikasi va pillani qayta ishlash ko‘nikmalariga o‘qitish kurslarini tashkil qiladi;

mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan aholining bandligi ustuvor ravishda 105 ming gektar yer maydonida yangi tutzorlar barpo etish va dala chetlarida yangi tut ko‘chatlari ekish hisobiga ta’minlanadi.

  1. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

o‘quv kurslarini yuqori darajada tashkil qilish maqsadida vaqtinchalik o‘quv binolari ajratilishini va zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlasin;

har chorakda ishsiz va band bo‘lmagan aholini, shu jumladan, ayollarni pilla yetishtirish agrotexnikasiga va pillani qayta ishlash ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha grafiklarni tasdiqlab, ijrosini ta’minlasin.

Bosh vazir o‘rinbosari Z.B. Maxkamova zimmasiga mazkur bandda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

  1. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan:

2024-yilda yetishtiriladigan pilla (tirik pilla)ning tavsiyaviy xarid narxini 25 foizga oshirish;

2024-yildan boshlab pillachilik klasterlari tomonidan yetishtirilgan pilla hosili uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatini sentabr oyi etib belgilash yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Fermer xo‘jaliklari va kasanachilar yetishtirgan pilla xomashyosi uchun pillachilik klasterlari tomonidan to‘lanadigan mablag‘larning haqqoniyligini o‘rganish maqsadida Qo‘mita yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilgandan so‘ng to‘lovlarni monitoring qilishni tashkil etsin.

  1. Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda ipakchilik sohasiga 2026-yil 1-yanvarga qadar quyidagi imtiyozlarni qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin:

uy sharoitida tirik pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi (kasanachi)larni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish;

kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘larni, bo‘shagan mablag‘larni ularni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilish;

ipakchilik sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘ini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qo‘llagan holda to‘lash.

  1. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksigamuvofiq:

o‘zi ishlab chiqargan o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foyda bo‘yicha Soliq kodeksining 57-moddasida nazarda tutilgan mezonlarga javob beruvchi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun foyda solig‘i nol stavkada qo‘llanilishi;

ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari balansida bo‘lgan mol-mulklarga yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq solinmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

  1. Qo‘mita:

2024-yil davomida Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufidagi davlat muassasasi shaklidagi naslli urug‘chilik stansiyalari tashkil qilinishini;

2025-yil yakuniga qadar naslli urug‘chilik stansiyalarida mahalliy ipak qurti urug‘i ishlab chiqarilishini va pilla yetishtiruvchilarga sotilishini ta’minlasin.

  1. Belgilansinki, 2024-yil pilla yetishtirish mavsumidan boshlab pillani qayta ishlovchi va pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ular tomonidan bevosita pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har bir quti ipak qurti urug‘i uchun respublika budjeti hisobidan 120 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil Davlat budjeti parametrlarida qayd etib o‘tilgan subsidiyalarni ajratish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Qo‘mitaning asoslantirilgan hisob-kitoblariga asosan Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida naslli urug‘chilik stansiyalarini tashkil qilishga mablag‘ yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Qo‘mita, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2024-yilda naslli urug‘chilik stansiyalarini tashkil qilish, ular uchun yer maydonlari ajratish, qurilish va jihozlash ishlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi;

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda naslli urug‘chilik stansiyalarida O‘zbekiston sharoitiga mos, chidamli va unumdorligi yuqori mahalliy ipak qurti zotlarini yaratish maqsadida 2025-2026-yillarda xorijiy donor va hamkorlarning grantlarini jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar.

  1. Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida 2024-2025-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining ro‘yxati 3-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida amalga oshiriladigan naslli urug‘chilik stansiyalari tashkil etish, ipak matosi va ipak matosidan tayyor mahsulot hamda ipak mahsulotidan sohaga noan’anaviy bo‘lgan dori-darmon, kosmetika kabi tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024 — 2026-yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 4 foiz stavkada 30 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasini ochsin.

Bunda, kredit liniyasi hisobidan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 6 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari mutanosibligini ta’minlash maqsadida ushbu mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-apreldagi PQ-212-son qarori asosida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ochilgan kredit liniyasini maqbullashtirish evaziga ajratilishi inobatga olinsin.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

yaylovlarni rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha mas’ul organni belgilash;

“Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi hamda ilmiy-tadqiqot institutlarini Qo‘mita tarkibidan chiqargan holda faoliyatini takomillashtirish;

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining qorako‘lchilikni rivojlantirish, teri va jun sanoati yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha vazifalarini belgilash.

  1. Kengjamoatchilik fikrini inobatga olib hamda tutlarning noyob navlarini saqlab qolish maqsadida Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Ipakchi ko‘chasi, 1-uy manzilidagi bino va inshootlar ularga biriktirilgan yer uchastkasi bilan birgalikda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.

Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Ipakchi ko‘chasi, 1-uy manziliga joylashtirilsin.

Institut o‘ziga tegishli bo‘sh turgan yer maydonlariga tut daraxtlarining noyob navlari ekilishini va ularning genofondini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.

  1. Pillachilik sohasini bozor tamoyillari asosida rivojlantirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh 4-ilovagamuvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Ishchi guruh 2024-yil 1-iyulga qadar mazkur Farmondan kelib chiqib, 2025-yil pilla yetishtirish mavsumidan boshlab pillachilik sohasini bozor tamoyillari asosida rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2856-son qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisidan“hamda maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi” so‘zlari chiqarib tashlansin.
  3. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev va qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.