2 iyul – O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun
Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning tarixiy xotirasi, buguni, kelajagi, orzu-umidlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.
Shu ramzlardan biri Davlat gerbidir. Gerb – bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsol hisoblanadi
Davlatimiz gerbi 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdiqdangan.
Gerbimiz davlatimizning siyosiy, milliy, xo‘jalik, jug‘rofiy, etnik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini hamda boy tarixiy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa milliy boyligimiz paxta chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarakka o‘ralganligi hamda gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turishi aks ettirilgan.
Gerbning yuqori qismida hurligimizning ramzi sifatida sakkizburchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida afsonaviy Humo qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambarak tasmasiga “O’zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.
Davlat organlari hamda tashkilotlarning muhrlarida va hujjatlari blankalarida, O‘zbekiston Respublikasining pul belgilarida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportida, identifikatsiyalovchi ID-kartasida va diplomatik pasportida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning identifikatsiyalovchi ID-kartalarida davlat gerbi tasviring aks ettirilishi mazkur ramzning davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmatsizlik ma’muriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Zero, o‘zini mana jannatmakon yurt fuqarosi, bag‘rikeng xalqning munosib farzandi deb bilgan har bir inson gerbimizni, ona-vatanimiz kabi aziz va muqaddas deb, e’zozlashi shart.