O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy hamda IT-xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son Farmoni bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

  1. Belgilansinki, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda — IT-park) rezidentlariga quyidagi qo‘shimcha faoliyat turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi:

axborot texnologiyalari sohasida tashkil etiladigan ta’lim xizmati doirasida, ushbu xizmatdan yillik umumiy daromadining 40 foizidan oshmagan holda, ingliz tili bilan bir qatorda boshqa xorijiy tillarni ham o‘qitish;

Internet jahon axborot tarmog‘i orqali axborot xizmatlarini (biznes-jarayonlari autsorsingi) eksport qilish faoliyati doirasida, ushbu xizmatdan yillik umumiy daromadining 40 foizidan oshmagan holda, biznes-jarayonlar autsorsingi yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish;

Internet jahon axborot tarmog‘i orqali bilim jarayonlari autsorsingi (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
  2. a) 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2030-yil 1-yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSh dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti to‘lanadigan) ko‘rsatgan, O‘zbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslarini ushbu kalendar yil yakuniga qadar foyda solig‘idan ozod etish;
  3. b) 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan IT-park rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari) — O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari singari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda foyda solig‘ining 5 foiz stavkasini tatbiq etish;
  4. v) 2028-yil 1-yanvardan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar quyidagi mezonlardan biriga to‘g‘ri keladigan IT-park rezidentlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5099-son Farmonidanazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlarini uzaytirish (qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno):

kalendar yil davomida jami daromadi tarkibida IT-park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari bo‘yicha eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar;

kalendar yil davomida o‘n sakkiz yoshdan oshgan bitiruvchilarining 50 foizdan ortiq qismi IT-park rezidenti bo‘lgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi mazkur banddan kelib chiqib, 2025-yil 1-yanvarga qadar Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. Belgilab qo‘yilsinki, 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar tajriba-sinov tariqasida IT-park rezidentlariga quyidagi barcha shartlar bajarilgan hollarda korporativ bank kartalari orqali reklama xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etiladi:

100 milliondan ortiq auditoriyaga ega Internet jahon axborot tarmog‘idagi xorijiy axborot resurslari va tizimlari (shu jumladan, veb-saytlar, platformalararo resurslar, ijtimoiy tarmoqlar va messendjerlar) reklama xizmatlaridan foydalanilganda;

kalendar yil davomida eksport tushumlarining 10 foizi doirasida, biroq 100 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

reklama xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimiga kiritilgan taqdirda.

Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan tajriba-sinov natijalari asosida korporativ bank kartalari orqali reklama xizmatlari uchun to‘lovlarning ruxsat etiladigan yuqori miqdorlari kelgusida Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida belgilab boriladi.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining  2025-yil 1-apreldan boshlab oliy ta’lim muassasalarining axborot texnologiyalari sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilari, shuningdek, IT-park rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga ham “IT-visa” berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
  2. Belgilansinki, raqamlashtirish sohasidagi eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar faoliyatini rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish maqsadida 2028-yil 1-yanvarga qadar Raqamli texnologiyalar sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.

Bunda Dastur ishtirokchilariga IT-park rezidenti maqomi beriladi va ular tomonidan ko‘rsatilgan tegishli xizmatlar hajmidan kelib chiqib:

zamonaviy ofislar, kovorking markazlari, sport majmualari, tibbiyot va ta’lim xizmatlaridan foydalanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi yoxud ular bo‘yicha hamkorlik dasturlari asosida chegirmalar taqdim etiladi;

hududlarda tashkil etilayotgan “IT-shaharcha”lar kovorking maydonlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda huquqiy maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi;

professional ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun xalqaro nufuzli platformalarda imtiyozli shartlarda ta’lim olish uchun sharoitlar yaratiladi;

tajriba almashish, ijtimoiy va biznes aloqalarni rivojlantirish maqsadida uchrashuv, forum va boshqa tadbirlar o‘tkazib boriladi.

  1. Raqamli texnologiyalar sohasidagi xizmatlar eksportini oshirish va mamlakatimizga ushbu sohadagi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
  3. a) quyidagilar Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi takliflari asosida tasdiqlanadi:

mazkur Farmonning 3-bandida ko‘zda tutilgan 100 milliondan ortiq auditoriyaga ega bo‘lgan Internet jahon axborot tarmog‘idagi xorijiy axborot resurslari va tizimlari ro‘yxati;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-fevraldagi “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-87-son qarorining 9-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan prodyuserlik, reklama, reportaj va boshqa roliklarni tayyorlash hamda translyatsiya qilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi chet el kompaniyalari (shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar), xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalari, shuningdek, chet elda tadbirlar (ko‘rgazmalar, anjumanlar, davra suhbatlari va seminarlar) tashkil qilish va ularda ishtirok etish xizmatlarini ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar ro‘yxatlari;

  1. b) IT sohasidagi korxonalar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar va loyihalar asosida ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash choralari yuzasidan ma’lumotlar (tashkilotlar kesimida) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi;
  2. v) IT-park rezidentlari uchun imtiyozlar to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash hamda ularning samaradorligini monitoring qilib borish maqsadida 2027-yil 1-iyunga qadar:

Raqamli texnologiyalar vazirligi mavjud platformalarda IT-ta’lim xizmatini ko‘rsatuvchi IT-park rezidentlarida tahsil olib, o‘quv kurslarini tamomlagan hamda IT-park rezidenti bo‘lgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan bitiruvchilar reyestri yuritilishini tashkil qiladi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ushbu platforma soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi;

Soliq qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini shakllantirishda ularning shaxsiy kabinetida ushbu platforma ma’lumotlarini onlayn ko‘rib borish imkoniyatini yaratadi.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

2024-yil 14-oktabr,

PF-157-son

 

Add a Comment

Your email address will not be published.