O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda, sohilbo‘yi mintaqalari bundan mustasno, (keyingi o‘rinlarda — dala chetlari) hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini samarali tashkil qilish va ko‘paytirish orqali mamlakatning eksport ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadida:
- Belgilansinki, dala chetlari hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi yangi tartib joriy etiladi:
- a) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish bo‘yicha:
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida mahsulot yetishtirish, qishloq xo‘jaligi subyektlariga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishni tashkil qilish vazifasi yuklatiladi;
Agentlik yil davomida daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarning talablarini o‘rganadi;
Suv xo‘jaligi vazirligi tegishli dala chetlarida suv ta’minoti mavjudligi va ushbu yerlarga ekin ekilishi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmasligi yuzasidan, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi esa tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlari yuzasidan xulosalarni Agentlikka taqdim etadi;
Agentlik har yili 1-yanvarga qadar talabni hisobga olgan holda, shuningdek, har bir tuman va mahallaning iqlim sharoitidan, bu yerdagi aholining tajribasidan kelib chiqib, ekin turlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga taklif beradi;
o‘simliklar karantini va himoyasi davlat inspektorlari har bir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga alohida biriktiriladi;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga dala chetlarini ikkilamchi ijaraga berishni tashkil qilish uchun dala chetlariga doir ma’lumotlar (jumladan, mulkchilik shakli, suv ta’minotiga oid) Agentlik tomonidan “Agroko‘makchi” mobil dasturida keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har yili 1-fevralga qadar tegishli yil hosili uchun dala chetlarida ekin ekish ishlarini tashkil etish va yetishtiriladigan mahsulotning prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi;
Agentlik har yili 15-fevralga qadar har bir konturga urug‘, ko‘chat tarqatadigan va mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni aniqlab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga bog‘lab beradi;
- b) dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha:
ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;
dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi.
- Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan mablag‘larni tijorat banklarining buyurtmanomalariga asosan Markaziy bankning asosiy stavkasida tijorat banklariga resurs sifatida yo‘naltirsin. Bunda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tavsiyasiga ko‘ra:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanadi;
suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
Mazkur resurslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-344-son qaroriga asosan Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga Davlat budjetidan ajratiladigan ssuda mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-121-son qarorigamuvofiq:
- a) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A. Xaitov) quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratishi;
- b) ushbu mablag‘lar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratilishi, bunda kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida o‘rnatiladigan quritish sexi va sovitkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida ularning qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi olinishi;
tashabbuskorlarga quritish sexi va sovitkichli omborxonalar o‘rnatib berilgandan so‘ng mahsulot yetkazib beruvchining hisob raqamiga o‘tkazib berish sharti bilan ajratilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Markaziy bank Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida tijorat banklari tomonidan tashabbuskorlarga kreditlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-apreldagi PQ-121-son qarori 6-bandida belgilangan talablar asosida Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratib borish choralarini ko‘rsin. Bunda mazkur kreditlar meva-sabzavot mahsulotlarini quritish va qadoqlashga mo‘ljallangan uskunalar, stellajlar hamda plastik yashiklar xarid qilish uchun ham ajratilishi belgilab qo‘yilsin.
- Quyidagilar:
Agentlik direktori boshchiligida dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda — Respublika ishchi guruhi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;
dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy va tumanlar ishchi guruhlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy va tuman ishchi guruhi) 2 va 3-ilovalarga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Respublika ishchi guruhiga (I. Ergashev) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
har bir tuman bo‘yicha dala chetlaridagi hamda xonadon va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalaridagi yer maydonlarini o‘rganib, aniq o‘lchamlarini tasdiqlash;
tuman (shahar) hokimlari va Kadastr agentligining hududiy bo‘limlari tomonidan mulkchilik huquqi aniqlanmagan dala chetlaridan foydalanish huquqini belgilash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil qilish;
har bir tuman kesimida dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida ekin ekiladigan maydon va mahsulot turlarini o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlar bazasini tegishli yilning 15-fevraliga qadar shakllantirish;
dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida ekish uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos urug‘ va ko‘chatlar tanlab olinishi bo‘yicha tavsiyalar berish hamda agrotexnik tadbirlarni subyektlar kesimida tashkil qilish;
hosildor urug‘ va ko‘chat navlarining, shuningdek, mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishini tashkil etish;
yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sotuvini, shu jumladan, “Uzex Agro” elektron savdo platformasi orqali tashkil qilish.
- Dala chetlari hamda xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalariga doir ma’lumotlarni raqamlashtirish maqsadida bir oy muddatda:
- a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda — dala chetlariga doir;
Suv xo‘jaligi vazirligi — kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga doir;
Kadastr agentligi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda — xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldidagi yer maydonlari, mahallaning ichki ko‘chalariga doir ma’lumotlarni yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari chegaralari kesimida xatlovdan o‘tkazib, Geoaxborot tizimiga kiritsin hamda Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimidagi (UZKAD) ma’lumotlarning mazkur bandda nazarda tutilayotgan davlat tashkilotlariga taqdim qilinishini ta’minlasin;
- b) Agentlik Geoaxborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlarni “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilsin;
- v) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi dronlardan foydalangan holda xatlovdan o‘tkazish ishlariga ko‘maklashsin.
- Shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq dala chetlariga har yili 1-aprelga qadar ekin ekmaganlik va yil davomida mahsulot yetishtirmaganlik holatlari aniqlanganda (fors-major holatlari bundan mustasno):
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga ularning barcha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari uchun yer solig‘i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi;
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan belgilangan tartibda ajratiladigan kredit resurslari hisobidan moliyalashtirish to‘xtatiladi;
dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi.
- Respublika, hududiy va tuman ishchi guruhlariga quyidagi vakolatlar berilsin:
dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olish istagini bildirgan talabgorlar ro‘yxatini (keyingi o‘rinlarda — talabgorlar) shakllantirish. Bunda talabgorlar ro‘yxatini shakllantirishda kambag‘al oilalarning a’zolariga ustuvorlik beriladi;
dala chetlariga har yili 1-aprelga qadar ekin ekmagan va yil davomida mahsulot yetishtirmagan yerdan foydalanuvchilarga nisbatan dalolatnoma rasmiylashtirib, jarima qo‘llash uchun Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim qilish, shuningdek, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladigan kredit resurslari hisobidan moliyalashtirishni to‘xtatish yuzasidan tegishli tijorat banklariga murojaat qilish;
doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan yerlarda joylashgan dala chetlaridan bir yil mobaynida unumli foydalanmaganligi yuzasidan ushbu yerlar biriktirilgan davlat organlariga taqdimnomalar kiritish;
dala chetlarining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi va ijarachisi har yili 1-aprelga qadar ushbu yer maydoniga ekin ekmagan yoki ikkilamchi ijaraga bermaganda, dala chetlarini talabgorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘n yilgacha muddatga ikkilamchi ijaraga berish haqida dala chetlarining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi va ijarachisiga talabnoma kiritish.
- Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
- a) Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh. Xamrayev) dala chetlarida ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida suv bilan ta’minlash uchun mas’ul ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin;
- b) Statistika agentligi (B. Begalov) Agentlik (I. Ergashev) bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar Statistika agentligining integratsiyalashgan axborot tizimini Agentlikning “Agroko‘makchi” mobil dasturiga integratsiya qilish orqali respublika bozorlaridagi kuzatiladigan mahsulotlar narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘ysin;
- v) Agentlik (I. Ergashev) dala chetlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, ularni zararli organizmlardan himoya qilishning uyg‘unlashgan, samarali va innovatsion uslublarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi hamda har bir hududda seminar va treninglar o‘tkazilishini tashkil qilsin;
- g) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri va hokimlari:
ishchi guruhlarning tavsiyasiga asosan, dala chetida yetishtirilgan mahsulotlarni aholiga yetkazib beruvchi tadbirkorlarga har bir tuman (shahar)da dehqon bozorlari, savdo markazlari va transport qatnovi gavjum avtomobil yo‘llari chetlaridan joy ajratib berishni, harakatlanuvchi ko‘chma do‘konlar faoliyatini yo‘lga qo‘ysin;
dala chetlaridan samarali foydalanish va qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi ilg‘or tajribaga ega usta dehqonlar tomonidan 4-ilovaga muvofiq respublikaning boshqa hududlarida har yili mart — aprel oylarida hamda takroriy ekin ekiladigan iyun — iyul oylarida har haftaning ikki kuni mobaynida ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilsin.
Andijon (Sh. Abduraxmonov), Namangan (Sh. Abdurazakov) va Farg‘ona (X. Bozarov) viloyatlari hokimliklari mazkur qarorga 4-ilovaga muvofiq ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilish uchun ilg‘or tajribaga ega usta dehqonlarning respublikaning boshqa hududlariga yuborilishini tashkil qilsin.
- Respublika ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar faoliyati yuzasidan ma’lumotlarni umumlashtirish, tahlil qilish, chora-tadbirlar va tegishli takliflar ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan Agentlik markaziy apparatida 8 ta shtat birligidan iborat boshqarma, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda viloyatlar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalarida 2 ta shtatdan iborat bo‘limlar tashkil qilinsin.
Belgilansinki, mazkur shtat birliklari, istisno tariqasida, 2025-2026-yillar uchun joriy etiladi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi tizimini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan saqlanadi.
- Quyidagilar:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda eksportbop mevali daraxtlar ekish prognoz ko‘rsatkichlari 5 va 6-ilovalarga muvofiq;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarni aniqlash mezonlari 7-ilovaga muvofiq;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari tomonidan dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari samarali yetishtirilishini tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agentlik va tijorat banklarining qarzdorlik sababli banklar balansiga olingan issiqxona komplekslari, qayta ishlash sexlari va muzlatkichli omborlardan (keyingi o‘rinlarda — obyektlar) samarali foydalanish bo‘yicha yangi tartibni joriy qilish to‘g‘risidagi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Bosh vazir o‘rinbosari J. Xodjayev va Agentlik direktori I. Ergashev ikki hafta muddatda har bir obyektni ishonchli boshqaruvga olishga talabgor bo‘lgan kamida uch nafar tajribali tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantiradi hamda ularni tijorat banklariga doimiy ravishda taqdim qilib boradi;
tijorat banklari tomonidan tajribali (ijobiy kredit tarixi va doimiy pul aylanmasiga ega bo‘lgan) tadbirkorlarga obyektlar uch yil muddatga ishonchli boshqaruvga beriladi, bunda loyiha doirasida pul tushumlari bo‘yicha operatsiyalar to‘liq bank orqali amalga oshirilishi belgilanadi;
obyektlardan kelib tushadigan daromadning 50 foizi tijorat banklariga o‘tkaziladi, bunda obyektlar qiymati bo‘yicha qarzdorlik mos ravishda kamaytiriladi;
bir yil ichida ijobiy faoliyat yuritgan taqdirda, obyektlar tajribali tadbirkorlarga 10 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari J. Xodjayev, Markaziy bank raisi T. Ishmetov, qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abduraxmonov hamda Agentlik direktori I. Ergashev ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi uchun mas’ul va javobgar etib belgilansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
- Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Agentlik bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
- Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me’yorlari izoh qismining to‘qqizinchi xatboshisi“Kadastr” so‘zlaridan keyin “O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
- Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori I.K. Ergashev, Bosh prokuror o‘rinbosari J.J. Xatamov, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari S.A. Nishanbayev, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi rahbari A.J. Vaxabov, qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov, suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, Kadastr agentligi direktori F.J. Pulatov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A. Xaitov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi K.K. Kuranbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-dekabr,
PQ-465-son