14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni
1992-yilning 14-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etildi. Shu munosabat bilan, 1993-yildan boshlab, 14-yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. Bu sana Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, faxriylar va o‘z burchini yuksak mas’uliyat bilan bajarib kelayotgan barcha insonlarni sharaflash kuni hisoblanadi.
Vatan himoyachilari kuni mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, xalqimizning osoyishta hayoti uchun jonini tikkan insonlarni e’tirof etish imkoniyatidir. Bu nafaqat harbiylar uchun, balki yurt tinchligini saqlashga hissa qo‘shayotgan har bir vatandosh uchun ham qadrli bayramdir.
14-yanvar xalqimizni jipslashtiruvchi, yurt himoyachilariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish kuni sifatida, milliy g‘urur va vatanparvarlik ramzi bo‘lib qolmoqda.
Ona yurtimiz har doim o‘zining mard, jasur yigitlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz ota-ona va oilasini, o‘zi yashayotgan yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Ushbu bayramning nishonlanishi xalqimizning o‘z milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi. Markazimiz jamoasi nomidan barcha Vatan himoyachilarini ushbu muborak bayram bilan tabriklaymiz hamda ularga oilaviy tinchlik-xotirjamlik, sog’liq-salomatlik tilab qolamiz. Hayotingiz doimo sharaf va zafarlarga to‘liq bo‘lsin. Vatanimiz osmoni doimo musaffo bo‘lishi uchun har doimgidek o‘z kuch-g‘ayratingizni ayamang! Barchani Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklaymiz! Bayramingiz muborak. Azizlar!