“fsp.agro.uz” ichki bozor narxlarini barqarorlashtirish borasidagi muhim qadam

“fsp.agro.uz” ichki bozor narxlarini barqarorlashtirish borasidagi muhim qadam

Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini samarali jamg‘arish va monitoring qilish uchun zamonaviy va shaffof tizim – “Oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiralash” axborot tizimi (fsp.agro.uz) ishga tushirildi.

Mazkur tizim orqali kartoshka, piyoz, sabzi va guruch kabi muhim oziq-ovqat mahsulotlarini hududlar va tadbirkorlik subyektlari kesimida real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyati yaratildi.

Bu jarayonda mahsulotlarni zaxiralash rejalariga muvofiq ma’lumotlarni jamlash, kundalik savdo hajmlarini kuzatish hamda sotilgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish amalga oshiriladi. Ushbu shaffof mexanizm mahsulotlar resurslarining nazoratini kuchaytirish va mavsumiy narxlarning keskin o‘zgarishini oldini olish imkonini beradi.

Hozirgi kunga kelib, qish va bahor mavsumlari uchun rejalashtirilgan 619,8 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi 637 ming tonnaga yetib, reja 105 foizga bajarildi. Ushbu ma’lumotlar tizim orqali tadbirkorlik subyektlari bo‘yicha kiritilib, umumiy statistik ko‘rsatkichlar shakllantirilgan.

Bu yangi mexanizmning amaliy joriy etilishi bir qator ijobiy natijalarni ta’minlamoqda:

Sun’iy narx oshishini nazorat qilish: Mahsulot zaxiralari va savdo ma’lumotlarining shaffofligi narxlarni sun’iy ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Hududiy ehtiyojlarga mos taqsimot: Mahsulotlarni joylashuviga qarab taqsimlash orqali aholining mavsum davomida kerakli oziq-ovqat mahsulotlariga doimiy kirishini ta’minlaydi.

Tadbirkorlar faoliyatini kuzatish: Tizim har bir tadbirkorning mahsulot zaxirasi va savdo faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatish imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligi strategiyasini shakllantirish: Yig‘ilgan ma’lumotlar kelgusida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat siyosatini belgilashda asosiy vosita sifatida qo‘llaniladi.

Ushbu innovatsion mexanizm ichki bozorni barqarorlashtirish va oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.