O‘zbekiston Respublikasining qonuni Kosmik faoliyat to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining qonuni Kosmik faoliyat to‘g‘risida

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi kosmik faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilik

Kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlari — kosmik faoliyatni amalga oshirishda foydalaniladigan yer usti inshootlari, binolari va texnikalari;

Yerni masofadan zondlash — kosmik apparatlarga va boshqa qurilmalarga (samolyot, vertolyot, uchuvchisiz uchish apparatlari va boshqalarga) o‘rnatilgan uskunalar orqali yer ustidagi va yer qa’ridagi obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish jarayoni;

Yerni masofadan zondlash milliy operatori (bundan buyon matnda Milliy operator deb yuritiladi) — kosmik tizimlarni boshqarish va (yoki) ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan, kosmik faoliyat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan yuridik shaxs;

kosmik apparat — kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish imkonini beradigan, kosmik fazoga uchirish uchun mo‘ljallangan texnik qurilma, shu jumladan sun’iy yo‘ldosh apparati;

kosmik monitoring — kosmik xizmatlarning kosmik monitoring obyektlari holatini kosmik apparatlar yordamida olingan kosmik suratlarga, shuningdek boshqa qo‘shimcha ma’lumotlarga ishlov berish hamda ularni tahlil qilish orqali o‘rganishga qaratilgan tarkibiy qismi;

kosmik obyekt — kosmik fazoda ishlash uchun mo‘ljallangan texnik qurilma, shu jumladan kosmik apparat va (yoki) uni kosmik fazoga olib chiqish vositasi hamda ularning tarkibiy qismlari;

kosmik surat — kosmik apparatlarga o‘rnatilgan maxsus qurilmalar yordamida elektromagnit spektrining turli diapazonlarida olingan va ma’lum bir algoritm bo‘yicha vizuallashtiriladigan ikki o‘lchovli tasvir;

kosmik texnologiyalar — kosmik faoliyatni amalga oshirish, shuningdek ushbu faoliyat natijalarini olish va ulardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan axborotni va (yoki) ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, izlash, ularga ishlov berish hamda ularni tarqatish uchun foydalaniladigan uslublar, qurilmalar, vositalar, usullar va jarayonlar majmui;

kosmik tizim — kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish hamda uning natijalaridan foydalanish uchun mo‘ljallangan, kosmik obyektlarni va yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlarini o‘z ichiga oladigan, funksional jihatdan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan texnik vositalar hamda amaliy ishlar majmui;

kosmik fazo — Yer atmosferasidan tashqaridagi havo hududini o‘zining tabiiy xususiyatiga ko‘ra o‘rab turadigan, kosmik obyektlar o‘z funksional vazifalarini amalga oshira oladigan fazo;

kosmik faoliyat — ilm-fan, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiyaga, axborotga, tijoratga, mudofaaga, xavfsizlikka oid maqsadlarga va boshqa sohalarga oid maqsadlarga erishish uchun kosmik texnologiyalar vositasida kosmik fazoni va Yerni tadqiq etishga hamda ulardan foydalanishga qaratilgan faoliyat;

kosmik faoliyat obyektlari — kosmik faoliyatni amalga oshirishda foydalaniladigan kosmik infratuzilma obyektlari;

kosmik faoliyat subyektlari — kosmik faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, shu jumladan ushbu Qonunga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida kosmik faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar;

kosmik xizmatlar — kosmik ma’lumotlardan, kosmik va raqamli texnologiyalardan iborat bo‘lgan geoaxborot tizimlaridan foydalangan holda, shu jumladan kosmik monitoring orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar.

4-modda. Kosmik faoliyatning asosiy prinsiplari

Kosmik faoliyatning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

mamlakatning ilmiy-texnik salohiyatidan va kosmik faoliyat imkoniyatlaridan samarali foydalanish;

kosmik texnologiyalardan foydalangan holda sohalarning raqamlashtirilish darajasini hamda shaffofligini oshirishga ko‘maklashish;

teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

kosmik faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va uni rag‘batlantirish;

kosmik faoliyatni amalga oshirishda ekologik talablarga, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga doir talablarga rioya etilishi ustuvorligi.

5-modda. Kosmik faoliyatni amalga oshirishning asosiy maqsadlari

Kosmik faoliyatni amalga oshirishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashish;

Yerni, kosmik fazoni va samoviy jismlarni tadqiq etish, shuningdek ular to‘g‘risidagi ilmiy bilimlarni to‘plash va rivojlantirish;

kosmik texnologiyalar yordamida sohalarning raqamlashtirilishini jadallashtirish;

ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiyaga, tijoratga oid sohalar va boshqa sohalarning manfaatlarini ko‘zlagan holda mamlakat hududini kosmik texnologiyalar yordamida tadqiq etish;

kosmik faoliyat sohasida kosmik xizmatlar ko‘rsatish;

iqlim o‘zgarishining oldini olish va uning ta’sirini yumshatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududini doimiy ravishda monitoring qilib borishga ko‘maklashish;

kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

2-bob. Kosmik faoliyat sohasini davlat tomonidan tartibga solish

6-modda. Kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

kosmik faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

kosmik fazoni va sayyoralarni tinchlik maqsadlarida tadqiq etish hamda kosmik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha xalqaro hamkorlikda ishtirok etish;

mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish, shuningdek uning mudofaasini va xavfsizligini mustahkamlash maqsadida kosmik faoliyat natijalaridan foydalanish, kosmik obyektlarni yaratish va (yoki) uchirish;

kosmik xizmatlarning milliy bozorini yaratish va rivojlantirish;

kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

kosmik infratuzilmani, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni, ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ta’lim tashkilotlarida, shu jumladan yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlarida kosmik faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda faoliyatni amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish samaradorligini Yerni masofadan zondlashdan, geoaxborot tizimlaridan, kosmik va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oshirishga ko‘maklashish;

o‘z bo‘ysunuvida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tarkibiga kiradigan harbiy tuzilmalarga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralarga mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq maxsus topshiriqlar va vazifalarni bajarishda geoaxborot tizimlaridan, kosmik va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amaliy yordam ko‘rsatish;

iqtisodiyotning tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish va ularni tahlil qilish orqali aniqlashga ko‘maklashish;

kosmik faoliyat sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

vazirliklar va idoralar tomonidan faoliyatning tegishli sohalarida amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llashga doir takliflarni ishlab chiqish va ishlarni muvofiqlashtirish;

tarmoqlarda vazirliklar va idoralar tomonidan kosmik texnologiyalarning qo‘llanilish darajasini monitoring qilish hamda ularning joriy etilishini jadallashtirish;

kosmik faoliyatni ommalashtirishga doir ishlarni ilm-fan va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etish;

geoaxborot ma’lumotlar bazasini to‘ldirish va yangilab borish.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

kosmik faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

kosmik faoliyat sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

kosmik faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladi;

foydalanishdan chiqarilgan kosmik obyektlarni va texnik vositalarni utilizatsiya qilish tartibini belgilaydi;

kosmik faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi kosmik faoliyat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli davlat organi:

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda hamda strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga ko‘maklashadi;

kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;

kosmik infratuzilmani, kosmik tadqiqotlarni va texnologiyalarni, ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

ta’lim tashkilotlarida, shu jumladan yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlarida kosmik faoliyatning yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda faoliyatni amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish samaradorligini Yerni masofadan zondlashdan, geoaxborot tizimlaridan, kosmik va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda oshirishga ko‘maklashadi;

o‘z bo‘ysunuvida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tarkibiga kiradigan harbiy tuzilmalarga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralarga mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq maxsus topshiriqlar va vazifalarni bajarishda geoaxborot tizimlaridan, kosmik hamda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amaliy yordam ko‘rsatadi;

kosmik monitoring obyektlarida kosmik monitoring, shu jumladan davlat kosmik monitoringi amalga oshirilishini ta’minlaydi;

tarmoqqa mansubliligi bo‘yicha vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llashga doir takliflarni ishlab chiqadi va ishlarni muvofiqlashtiradi;

tarmoqlarda vazirliklar va idoralar tomonidan kosmik texnologiyalarning qo‘llanilish darajasini monitoring qiladi va ularning joriy etilishini jadallashtiradi;

kosmik faoliyatni ommalashtirish bo‘yicha ishlarni ilm-fan va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etadi;

kosmik faoliyatni amalga oshirish chog‘ida kuzatishlarni olib boradi, olingan ma’lumotlarni to‘playdi, ularga ishlov beradi, ularni tahlil qiladi, saqlaydi va ulardan foydalanadi;

kosmik faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, shuningdek kosmik fazoni tadqiq etish va undan foydalanish bilan bog‘liq xalqaro-huquqiy masalalarni hal qilishga ko‘maklashadi hamda xalqaro majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydi;

kosmik suratlarni qabul qilish, ularga ishlov berish va ularni tarqatish tartibini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

kosmik fazoga uchiriladigan O‘zbekiston Respublikasining kosmik obyektlarini xalqaro standartlarga va qonunchilikka muvofiq tamg‘alashni amalga oshiradi;

harbiy maqsadga va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni ishlab chiqishga, ishlab chiqarishga va yetkazib berishga hamda kosmik infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga doir davlat mudofaa buyurtmasini O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda shakllantiradi;

ikki xil maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda belgilaydi va tegishli tadqiqotlarni tashkil etadi;

kosmik faoliyat sohasidagi dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

kosmik faoliyat sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiradi;

Milliy operatorni belgilaydi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi:

kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi hamda strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqadi, shuningdek maxsus vakolatli davlat organining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

kosmik faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyat sohasidagi dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;

xalqaro hamkorlik doirasida maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining kosmik faoliyat sohasidagi manfaatlarini ifoda etadi va amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtiradi;

kosmik faoliyat sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi va ushbu yo‘nalishni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

vazirliklar va idoralarning kosmik faoliyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini ko‘zlagan holda, kosmik faoliyat imkoniyatlaridan foydalanadi, shuningdek harbiy kosmik texnologiyalarni yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:

harbiy maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda ikki xil maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini ko‘zlagan holda, kosmik texnologiyalardan foydalanishni rejalashtiradi va amalga oshiradi;

qo‘llanilishi kosmik faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikani yaratishga, ishlab chiqarishga va yetkazib berishga doir davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirishni amalga oshiradi;

harbiy maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda ikki xil maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;

harbiy maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda ikki xil maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilash bo‘yicha tizimli tadqiqotlarni tashkil etadi;

harbiy maqsadga mo‘ljallangan kosmik texnologiyalarning sinovdan o‘tkazilishini maxsus vakolatli davlat organi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tashkil etadi;

mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini ko‘zlagan holda, kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosati bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro kosmik loyihalari va dasturlarini amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ishtirok etadi;

kosmik texnologiyalarning harbiy maqsadlarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani tayyorlaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi;

mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini ko‘zlagan holda, kosmik faoliyat sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirishga doir takliflarni ishlab chiqadi va maxsus vakolatli davlat organiga kiritadi.

3-bob. Kosmik faoliyatni tashkil etish

11-modda. Kosmik faoliyat sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish

Kosmik faoliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlar kosmik faoliyatning ilmiy jihatdan kuzatib borilishini ta’minlashni, kosmik texnologiyalarning yangi namunalarini ishlab chiqishni, kosmik texnologiyalarni rivojlantirishga, joriy etishga va ulardan foydalanishga yo‘naltirilgan kosmik sinovlarni, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi.

Kosmik faoliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ilmiy va ilmiy-texnikaviy loyihalar doirasida amalga oshiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Kosmik tizimlarni yaratish bo‘yicha loyihalar ilmiy tadqiqotlarni, ishlanmalarni hamda kosmik faoliyat obyektlarini va ularning tarkibiy qismlarini ilmiy jihatdan ishlab chiqish, loyihalashtirish, ishlab chiqarish, o‘rnatish, qurish, sinovdan o‘tkazish, shuningdek ulardan foydalanish jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

Kosmik faoliyat sohasidagi ilmiy va ilmiy-texnikaviy loyihalar hamda kosmik tizimlarni yaratish bo‘yicha loyihalar olimlarni, yuqori malakali mutaxassislarni, jamoat tashkilotlarini, O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim tashkilotlarini, shuningdek xalqaro ekspertlarni va chet davlatlarning olimlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi.

12-modda. Kosmik tizimlarning turlari

Quyidagilar kosmik tizimlarning turlari jumlasiga kiradi:

Yerni masofadan zondlash;

kosmik monitoring;

davlat kosmik monitoringi;

kosmik aloqa tizimi;

yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi;

kosmik tizimlarning ilmiy, iqtisodiy, ekologiyaga, axborotga va tijoratga oid maqsadlarda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yaratilgan boshqa turlari.

13-modda. Yerni masofadan zondlash

Milliy operator ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiyaga, axborotga, tijoratga oid maqsadlarda, shuningdek mamlakat mudofaasi va xavfsizligi ehtiyojlari uchun Yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini olishni rejalashtirish, olish, ularga ishlov berishni, ularni saqlash va tarqatishni amalga oshiradi.

Zarurat bo‘lganda Milliy operator Yerni masofadan zondlashga doir ma’lumotlarni vazirliklar hamda idoralarga, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarga taqdim etadi.

14-modda. Kosmik monitoring

Kosmik monitoring Milliy operator tomonidan mahalliy va (yoki) xorijiy kosmik apparatlar va texnologiyalar vositasida amalga oshiriladi.

Qonunchilikka muvofiq mulkchilik shakli, huquqiy rejimi va xususiyatidan qat’i nazar, yer usti, kosmik fazo va ularda joylashgan barcha obyektlar, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatli hodisalar kosmik monitoring obyektlari deb hisoblanadi.

Kosmik monitoring vazirliklar va idoralarga, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarga kosmik xizmatlar ko‘rsatish maqsadida amalga oshiriladi.

Kosmik monitoring quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

vazirliklar va idoralar kelgusi yil uchun kosmik xizmatlarga, jumladan ushbu xizmatlarning hajmi, davriyligi va ularni taqdim etish muddatlari haqidagi, shu jumladan kosmik monitoringga bo‘lgan ehtiyoj to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (shunday ehtiyoj mavjud bo‘lganda) har yili 20-iyulga qadar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi;

maxsus vakolatli davlat organi taqdim etilgan ma’lumotlar asosida ehtiyojlarni o‘rganadi va maqbullashtiradi hamda kelgusi yilning oxiriga qadar kosmik xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etadi.

15-modda. Davlat kosmik monitoringi

Davlat kosmik monitoringi kosmik monitoring obyektlarida sodir bo‘layotgan jarayonlar va o‘zgarishlar tamoyillarini davlat manfaatlarini ko‘zlagan, kosmik texnologiyalardan foydalangan holda o‘rganishdan, shu jumladan Yerni masofadan zondlash ma’lumotlariga va boshqa ma’lumotlarga ishlov berishdan hamda ularni tahlil qilishdan, shuningdek qonunchilikning buzilishi hollarini aniqlashga ko‘maklashishdan iboratdir.

Davlat kosmik monitoringi faqat Milliy operator tomonidan amalga oshiriladi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Davlat kosmik monitoringi ushbu moddaning to‘rtinchi — sakkizinchi qismlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Maxsus vakolatli davlat organi davlat kosmik monitoringini amalga oshirish maqsadida zarur birlamchi ma’lumotlarni tegishli vazirliklar va idoralardan so‘rab oladi hamda ularni Milliy operatorga uzatadi.

Milliy operator davlat kosmik monitoringini amalga oshiradi va taqdim etilgan ma’lumotlar bilan solishtirib, kosmik monitoring obyektlarida sodir bo‘layotgan jarayonlar va o‘zgarishlar tamoyillarini aniqlaydi.

Milliy operator davlat kosmik monitoringi natijalari asosida tegishli ma’lumotlarni tayyorlaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.

Maxsus vakolatli davlat organi Milliy operator tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qiladi va muvofiqlashtiradi, axborot-tahliliy ma’lumotnomani tayyorlaydi hamda tegishli vazirliklar va idoralarga taqdim etadi, shuningdek ushbu ma’lumotnoma asosida vazirliklar va idoralar tomonidan ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi axborotni so‘rov bo‘yicha oladi.

Maxsus vakolatli davlat organi davlat kosmik monitoringining natijadorligi to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

16-modda. Kosmik aloqa tizimi

Kosmik aloqa tizimi ma’lumotlar, audio- va videosignallar hamda boshqa turdagi axborotni kosmik apparatlar orqali uzatishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan kosmik va yerdagi komponentlar majmuidan iboratdir.

Kosmik aloqa tizimi yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarning kosmik apparatlar transponderlariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash uchun mo‘ljallangandir.

Kosmik apparatlar transponderi deganda signallarni qabul qilish, kuchaytirish va qayta uzatish uchun mo‘ljallangan elektron qurilma tushuniladi.

17-modda. Yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi

Yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi deganda kosmik apparatlarning signallari yordamida kosmik fazo va Yerdagi obyektlarning koordinatalari, tezligi va vaqtini aniq belgilashni ta’minlash uchun mo‘ljallangan texnika vositalari, dasturiy ta’minot va amaliy ishlar majmui tushuniladi.

Yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimidan kosmik fazodagi va Yerdagi obyektlarning joylashuvini hamda harakatini yuqori darajadagi aniqlik va ishonchlilik bilan aniqlash hamda kuzatish uchun foydalaniladi.

18-modda. Kosmik raketa komplekslaridan (kosmodromlardan) foydalanish

Kosmik raketa komplekslaridan (kosmodromlardan) kosmik obyektlarni kosmik fazoga olib chiqish uchun foydalaniladi.

Kosmik obyektlarni kosmik raketa komplekslaridan (kosmodromlardan) foydalangan holda kosmik fazoga uchirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan amalga oshiriladi.

19-modda. Kosmik faoliyatni litsenziyalash

Kosmik texnologiyalarni qo‘llovchi tashkilotlarning faoliyatini litsenziyalash “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

20-modda. Kosmik tizimlarni yaratish

Kosmik tizimlarni yaratish ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini, kosmik tizimlarni hamda ularning tarkibiy qismlarini loyihalashtirishni, ishlab chiqarishni, o‘rnatishni, qurishni va sinovdan o‘tkazishni, shuningdek ularni foydalanishga topshirishni o‘z ichiga oladi.

21-modda. O‘zbekiston Respublikasining kosmik obyektlarini tamg‘alash

O‘zbekiston Respublikasining kosmik fazoga uchirilgan kosmik obyektlari xalqaro standartlarga va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tamg‘aga ega bo‘lishi kerak.

22-modda. Kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish

Kosmik faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish uchun utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan kosmik obyektlarning va texnika vositalarining ro‘yxatini maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.

Kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish tanlangan texnologiyalarga hamda iqtisodiy maqsadga muvofiqligiga qarab, ulardan foydalanish (ularni saqlash) joyida yoki kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda amalga oshiriladi.

Kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilishga doir ishlar, ekologiya, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, o‘lchovlarning bir xilligini ta’minlash va aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash sohasidagi talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Foydalanishdan chiqarilgan kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish tartibi xalqaro shartnomalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

23-modda. Kosmik faoliyat obyektlarini ijaraga berish

Kosmik faoliyat obyektlarini kosmik faoliyat subyektlariga ijaraga berish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

4-bob. Kosmik infratuzilma

24-modda. O‘zbekiston Respublikasining kosmik infratuzilma obyektlari

O‘zbekiston Respublikasining kosmik infratuzilma obyektlari kosmik faoliyatning asosini tashkil etadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlarini;

kosmik obyektlarni.

O‘zbekiston Respublikasining kosmik infratuzilma obyektlari muhim strategik ahamiyatga ega obyektlardir.

25-modda. Yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlari

Yer usti kosmik infratuzilmasi obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

ilmiy-texnik va tajriba-eksperimental kosmik tadqiqotlar bazasi;

kosmik faoliyatni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan kosmik texnologiyalar va kosmik raketa komplekslarini ishlab chiqarish vositalari;

kosmodromlar;

kosmik raketalardan ajralib chiquvchi qismlarning qulash hududlari;

kosmik obyektlarni yerdan boshqarish komplekslari;

kosmik obyektlardan ma’lumotlarni olish, ularga ishlov berish va ularni tarqatish uchun mo‘ljallangan yer usti majmualari;

kosmik faoliyatda foydalaniladigan boshqa yer usti inshootlari va texnika vositalari.

Yer usti kosmik infratuzilmasining xavfsizligini va undan xavfsiz foydalanilishini ta’minlash uchun qo‘riqlanadigan yer uchastkalari tashkil etiladi.

5-bob. Kosmik faoliyat xavfsizligi

26-modda. Kosmik faoliyat xavfsizligini ta’minlash

Kosmik faoliyat odamlarning sog‘lig‘i saqlanishini, atrof-muhit muhofaza qilinishini hamda yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulki himoya qilinishini ta’minlash sharti bilan amalga oshiriladi.

Kosmik faoliyat xavfsizligi belgilangan xavfsizlik qoidalariga muvofiq maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek tegishli tarmoqlardagi vakolatli organlar tomonidan ta’minlanadi.

Kosmik faoliyat natijasida jismoniy shaxslarning sog‘lig‘iga, atrof-muhitga, yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek davlatning mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash ixtiyoriy ravishda yoki sudning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Fuqaro jarohat olganda yoki sog‘lig‘i boshqacha tarzda shikastlanganda unga u oladigan yoki biror-bir tarzda olishi mumkin bo‘lgan, yo‘qotilgan ish haqi (daromadi), shuningdek sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar, shu jumladan davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protezlar o‘rnatish, uni parvarishlash, sanatoriyda davolanish, maxsus transport vositasini sotib olish hamda boshqa kasbga tayyorlanishi xarajatlari, agar jabrlanuvchining ushbu yordam va parvarishlash turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, kompensatsiya qilinishi kerak.

Kosmik obyekt uchirilguniga qadar kosmik faoliyat subyektlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasidagi vakolatli davlat organiga raketadan ajralib chiquvchi qismlarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga qulash joylari koordinatalarini yuborishi shart.

Kosmik obyekt uchirilishi natijasida odamlar yoki hayvonlar halok bo‘lgan, shuningdek fuqarolarga va atrof-muhitga zarar yetkazilgan taqdirda, kosmik faoliyat subyektlari yetkazilgan zararning o‘rnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplashi shart.

Chet el yuridik yoki jismoniy shaxslariga tegishli bo‘lgan kosmik obyekt kosmik fazoga uchirilganda yoki u Yerga qaytayotganda faqat maxsus vakolatli davlat organi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan oldindan kelishilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining havo hududi orqali xavfsiz uchib o‘tishi mumkin.

27-modda. Kosmik faoliyatni amalga oshirish natijasida ro‘y bergan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish

Kosmik faoliyatni amalga oshirish natijasida ro‘y bergan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

28-modda. Kosmik faoliyat ta’sir qilgan hududlarda atrof-muhitning va aholi sog‘lig‘ining holatini ekologik nazorat qilish

Kosmik faoliyatning atrof-muhitga, tabiiy resurslarga va aholi sog‘lig‘iga ta’sirini nazorat qilish ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida kosmik faoliyatni amalga oshirish chog‘ida atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq favqulodda vaziyat yuzaga kelishi xavfi to‘g‘risida yoki favqulodda vaziyat yuzaga kelganligi haqida aholini xabardor qilish aholiga xabar berish va uni xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.

29-modda. Kosmik faoliyatni amalga oshirishdagi cheklovlar

Kosmik faoliyatni amalga oshirishda quyidagilar taqiqlanadi:

odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdidni yuzaga keltirish;

ommaviy qirg‘in qurolini kosmik fazoga chiqarish, joylashtirish yoki sinovdan o‘tkazish;

atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish uchun kosmik texnologiyalardan va (yoki) samoviy jismlardan foydalanish;

kosmik fazoni ifloslantirishning oldini olishga doir xalqaro normalar va standartlarni buzish.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

30-modda. Kosmik faoliyatni moliyalashtirish

Kosmik faoliyatni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, budjetdan tashqari jamg‘armalar, shuningdek Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

31-modda. Kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasining kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro hamkorligi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga rioya qilish asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xalqaro kosmik faoliyat bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro kosmik xizmatlar uchun haq to‘lash tartibi xalqaro shartnomalar asosida, xalqaro kosmik tashkilotlar va Xalqaro elektraloqa ittifoqining tavsiyalari inobatga olingan holda belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasining kosmik faoliyat sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

32-modda. Nizolarni hal etish

Kosmik faoliyat sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

33-modda. Kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Kosmik faoliyat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

34-modda. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-701-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819-modda, № 9, 957, 958-moddalar) 1-ilova 41-pozitsiyasining “Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar” ustunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

35-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

36-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ushbu Qonun 22-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan foydalanishdan chiqarilgan kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida belgilasin;

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

37-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

2025-yil 13-yanvar,

O‘RQ-1017-son

 

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.