O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  qarori

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida “E-urug‘” axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-391-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha tanlovlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha tanlovlarni “E-urug‘” axborot tizimida tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha tanlovlarni “E-urug‘” axborot tizimida o‘tkazish haqidagi xabarni e’lon qilish va elektron tanlovlarni tashkil etish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha elektron tanlov g‘oliblarini aniqlash va tanlov natijalarini rasmiylashtirish.

  1. Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha elektron tanlovlarni o‘tkazishda zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni “E-urug‘” axborot tizimiga integratsiya qiladigan vazirlik va idoralar ro‘yxati 2-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha elektron tanlovlarni o‘tkazishda, shuningdek, urug‘liklar hajmi, sifati, seleksiya navi va avlodlari bo‘yicha ma’lumotlarni yuritishda “E-urug‘” axborot tizimi keng joriy etilishini ta’minlasin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovagamuvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2025-yil 18-mart,

166-son

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-martdagi 166-son qaroriga
1-ILOVA

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha tanlovlarni “E-urug‘” axborot tizimida tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi subyektlari o‘rtasida tanlovlarni “E-urug‘” axborot tizimida tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini belgilaydi.
  2. Mazkur Nizom talablari qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi va istiqbolli navlarini original urug‘larini ko‘paytirish va dastlabki ko‘paytirish hamda rayonlashgan navlarning birlamchi (elita) urug‘chiligini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi quyidagilarga:
  3. a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tizimidagi hamda xususiy sektorga o‘tkazilgan elita urug‘chilik xo‘jaliklari;
  4. b) ilmiy-tadqiqot muassasalari va ularning ilmiy-tajriba stansiyalari (ekin turiga qarab) hamda oliy ta’lim muassasalari;
  5. v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi tomonidan tashkil etilgan xususiy urug‘chilik korxonalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
  6. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza — fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi subyektlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun (maxsus elita urug‘chilik xo‘jaliklari bundan mustasno) taqdim etilgan elektron ariza;

“E-urug‘” axborot tizimidagi texnik uzilishlar — “E-urug‘” axborot tizimidagi elektron tanlovlar jarayonida bir yoki bir nechta ishtirokchining qatnashishi yoxud mazkur Nizom talablari asosida texnik operatorning xizmatlar ko‘rsatish imkonini cheklab qo‘yadigan texnik nosozliklar;

“E-urug‘” axborot tizimi — Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi tarkibiga kiruvchi, elektron tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish, monitoring va aprobatsiya tadbirlari uchun zarur axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari bazasini shakllantirish, shuningdek, yuridik shaxslarning ushbu jarayonlarda qatnashish imkonini ta’minlaydigan axborot tizimi;

ishtirokchi — original, elita va keyingi avlodlarga mansub qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun “E-urug‘” axborot tizimi orqali belgilangan tartibda ariza yuborgan qishloq xo‘jaligi subyektlari;

ishtirokchini autentifikatsiyalash — avval identifikatsiya qilingan foydalanuvchidan real vaqt rejimida olingan dastlabki identifikatsiya ma’lumotlari bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtirish orqali foydalanuvchining shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;

ommaviy oferta — tizimdan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini tuzish yuzasidan ishtirokchiga bildirilgan rasmiy taklif;

texnik operator — “E-urug‘” axborot tizimini ishlab chiqadigan hamda ishga tushirish, texnik va dasturiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradigan “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ;

to‘lov — elektron tanlovda qatnashish, arizani qabul qilish, tanlovni tashkil etish va bayonnomani rasmiylashtirish uchun ishtirokchi tomonidan to‘lanadigan pul mablag‘i;

foydalanuvchini identifikatsiyalash — shaxsiy ma’lumotlar yordamida foydalanuvchining shaxsini tasdiqlab, masofadan turib “E-urug‘” axborot tizimi xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratuvchi mexanizm;

xususiy urug‘chilik korxonalari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining tegishli qarorlariga asosan tashkil etilgan subyektlar;

huquqiy operator — “E-urug‘” axborot tizimi ishtirokchilari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi;

elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi axborotni elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo‘qligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiyalash imkonini beradigan imzo;

elektron tanlov g‘olibi — elektron tanlov mezonlari va shartlariga muvofiq o‘tish balini to‘plagan ishtirokchi;

“Elektron hukumat” idoralararo integratsion platformasi — jismoniy va yuridik shaxslarning haqiqiy identifikatsiyalash, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikda mansabdor shaxslarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridan ruxsat olib foydalanishini ta’minlovchi davlat axborot tizimi;

QR-kod — vakolatli organ tomonidan elektron tanlov natijalari bo‘yicha bayonnomalarga jahon internet tarmog‘i orqali joylashtiriladigan havola.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining hududiy boshqarmalarining elektron tanlovlarni o‘tkazish bo‘yicha e’lonlari asosida texnik operator tomonidan elektron tanlovlar “E-urug‘” axborot tizimida mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
  2. Texnik operator integratsiya qilish orqali shakllangan ma’lumotlar va hujjatlarning haqqoniyligi va ishonchligi uchun javobgar hisoblanmaydi.

Texnik operator ishtirokchining shartnomada (ofertada) belgilangan shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishini va maxfiyligini ta’minlaydi.

  1. Texnik operator elektron tanlovni tashkil etish va o‘tkazishda “E-urug‘” axborot tizimi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar ro‘yxatga olinishini, operatsiyalar to‘g‘risidagi hisobotlar va ma’lumotlar shakllantirilishini hamda yuborilgan yoki qabul qilingan shaklda uning yaxlitligi va o‘zgarmasligini ta’minlagan holda besh yildan kam bo‘lmagan muddatda saqlanishini ta’minlaydi.
  2. Huquqiy operator o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi majburiyatlarni bajaradi:

elektron tanlovni belgilangan vaqtda tashkil etish;

texnik operator bilan birgalikda elektron tanlovning inson omili aralashuvisiz “E-urug‘” axborot tizimida o‘tkazilishini ta’minlash;

elektron tanlov yakunlanganligi to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish;

texnik operator bilan birgalikda boshqa shaxslarning elektron hujjat va xabarlarga, shuningdek, ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlariga ruxsatsiz kirishidan himoyalash choralarini ko‘rish;

elektron hujjat va xabarlarni hamda ishtirokchining shaxsiy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

texnik operator bilan birgalikda elektron tanlov natijalari deb e’tirof etiladigan elektron bayonnomalarni shakllantirish hamda elektron bayonnomalarni elektron tanlov g‘oliblarining shaxsiy kabinetlari orqali taqdim etish;

aholi va tadbirkorlik subyektlarini elektron tanlovlarda ishtirok etish tartibi to‘g‘risida ommaviy va boshqa axborot vositalari orqali muntazam ravishda tanishtirib borish;

ishtirokchi va elektron tanlovga aloqador boshqa shaxslarni elektron tanlovga oid ma’lumotlar bilan tezkor va qulay ravishda xabardor qilish;

ishtirokchilarga “E-urug‘” axborot tizimidagi elektron tanlovlarda qatnashish imkoniyatlarining tengligini ta’minlash;

elektron tanlovni o‘tkazish tartibi buzilishini oldini olish hamda bunday holatlar aniqlanganda ularni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish.

Huquqiy operatorga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

  1. Texnik operator o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi majburiyatlarni bajaradi:

“E-urug‘” axborot tizimini uzluksiz ishlashini ta’minlash;

o‘tkazilgan elektron tanlovga oid barcha ma’lumotlarni (ishtirokchining shaxsini oshkor qilmagan holda) o‘zining axborot tizimida kunlik va muntazam (haftalik, oylik va choraklik) davriylik bilan bitimlar reyestri ko‘rinishida umumiy foydalaniladigan va mashinada o‘qiladigan formatlarda yuklab olish imkoniyatini yaratish;

ishtirokchi “E-urug‘” axborot tizimini yanada qulayroq ishlashi borasida o‘z fikrini erkin va oshkora bildirishi uchun messenjer va boshqa tarmoqlardan foydalanishini hamda ushbu maqsadlarda keng foydalaniladigan boshqa servis va imkoniyatlar doimiy ishlashini ta’minlash.

Texnik operatorga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

  1. Huquqiy operator va uning hududiy boshqarmalari hamda ishtirokchi “E-urug‘” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tadi.

“E-urug‘” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart:

O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblangan yuridik shaxslar, yuridik shaxs hisoblanmaydigan tadbirkorlik subyektlari uchun — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, bankdagi hisobvarag‘i rekvizitlari, bog‘lanish uchun ma’lumotlar (pochta manzili, shu jumladan, elektron pochta manzili, mobil telefon raqami) “Elektron hukumat” idoralararo integratsion platformasiga joylanganligi;

ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari to‘ldirilgandan so‘ng, shaxsni identifikatsiyalash elektron raqamli imzo asosida amalga oshirilishi.

Ishtirokchi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi identifikatsiyalash jarayonida elektron tanlovni o‘tkazish tartibi bilan tanishganligi, “E-urug‘” axborot tizimining o‘ziga xos jihatlari va tartib-taomillarini qabul qilganligi to‘g‘risida texnik va huquqiy operator bilan elektron tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha elektron shartnoma (oferta)ni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.

Ushbu shartnoma “E-urug‘” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi va hisoboti yuritiladi.

“E-urug‘” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan (identifikatsiya qilinmagan) va mazkur Nizom talablariga mos kelmagan yuridik shaxs elektron tanlovda qatnashish uchun ariza berish huquqiga ega bo‘lmaydi hamda elektron tanlovda ishtirok etmaydi.

  1. Ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchiga “E-urug‘” axborot tizimida shaxsiy kabinet ochiladi.
  2. Ishtirokchi elektron tanlovda qatnashish, elektron tanlov haqidagi ma’lumot va hujjatlar bilan tanishish, tegishli tashkilotlardan qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rab olish, bank hisobvarag‘idagi foydalanilmay qolgan mablag‘ning komissiya to‘lovlaridan chegirilgan qismini olishga haqli hisoblanadi.
  3. Texnik operator elektron tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma e’lon qilingan vaqtdan boshlab ishtirokchiga ariza berish uchun “E-urug‘” axborot tizimiga erkin kirish imkonini yaratadi.
  4. Ishtirokchining elektron tanlovda qatnashish bo‘yicha arizasi xabarnomada keltirilgan arizani qabul qilish boshlanadigan kundan arizani qabul qilish yakunlanadigan kuni soat 23:59 gacha (GMT+5) “E-urug‘” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
  5. Paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi ishtirokchilarga 20 gektardan 100 gektargacha bo‘lgan maydonda urug‘lik yetishtirish uchun ariza topshirish imkoni beriladi.

Boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun urug‘lik maydonlari bo‘yicha cheklovlar belgilanmaydi.

Paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi ishtirokchilar elektron tanlovda qatnashish uchun “E-urug‘” axborot tizimida ochilgan hisobvarag‘iga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravariga teng mablag‘ni joylashtirgan holda ariza beradi.

Elektron tanlovda qatnashish uchun to‘lov miqdori elektron tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma e’lon qilingan kundagi bazaviy hisoblash miqdorida amalga oshiriladi.

Boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari bo‘yicha elektron tanlovlarda qatnashish uchun to‘lovlar undirilmaydi.

  1. Ishtirokchining hisobvarag‘idagi mablag‘ to‘lov uchun yetarli bo‘lmaganda, texnik operator bu haqda ishtirokchini “E-urug‘” axborot tizimi orqali xabardor qiladi.

Ishtirokchini xabarnoma bilan o‘z vaqtida tanishmaganligi uchun texnik operator javobgar hisoblanmaydi.

  1. Ishtirokchi elektron tanlovda qatnashish bo‘yicha arizani “E-urug‘” axborot tizimida elektron shaklda to‘ldiradi va yuboradi.

Ishtirokchi ushbu Nizom talablariga muvofiq kelganda, texnik operator elektron tanlovda qatnashish uchun ruxsat beradi hamda bu haqda ishtirokchini uning shaxsiy kabineti yoki elektron pochta manzili orqali xabardor qiladi.

Har bir ishtirokchiga elektron tanlovda qatnashish va shaxsni oshkor etuvchi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash uchun maxsus raqam beriladi.

  1. Ishtirokchi elektron tanlovda qatnashish bo‘yicha arizasini qabul qilish muddati tugashidan besh kun oldin qaytarib olishi, shuningdek, zaruratga ko‘ra unga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda takroran yuborishi mumkin.

Ishtirokchi elektron tanlovda qatnashish bo‘yicha arizani qaytarib olganda, texnik operatorga xabarnoma yuborishi lozim.

Texnik operator ishtirokchining so‘roviga ko‘ra, elektron tanlovda qatnashish uchun amalga oshirilgan to‘lov mablag‘ini (komissiya to‘lovlari chegirilgan holda) bir ish kuni ichida ishtirokchining tijorat bankidagi hisobvarag‘iga (yoki plastik kartasiga) qaytarilishini ta’minlaydi.

  1. Elektron tanlovda qatnashish bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddati tugagandan so‘ng, elektron tanlovlar yakunlangunga qadar ishtirokchining arizasi va to‘lovlarni qaytarib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  2. “E-urug‘” axborot tizimida elektron tanlovlar ushbu Nizomga 1-ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

2-bob. Elektron tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

Elektron tanlovni o‘tkazilishi haqidagi xabarnomani e’lon qilish tartibi

  1. Elektron tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lonlar huquqiy operatorning hududiy boshqarmalari tomonidan “E-urug‘” axborot tizimida hamda ommaviy va mahalliy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari elektron tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnomani o‘z rasmiy veb-saytida joylashtirishi mumkin.

E’londa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-son qaroriga 5-ilova bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlardagi maydonlarning prognoz ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda urug‘lik yetishtiriladigan tuman (Quvasoy shahar), ixtisoslashgan massivlar, ekin maydonlari (gektar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar beriladi.

“E-urug‘” axborot tizimiga joylashtirilgan elektron tanlovga ushbu tizim orqali avtomatik ravishda maxsus raqam beriladi.

  1. Elektron tanlov o‘tkaziladigan kun huquqiy operatorning hududiy boshqarmalari tomonidan berilgan e’lonlarda belgilanadi.

Bayram va dam olish kunlarida elektron tanlovlar o‘tkazilmaydi.

Elektron tanlovni o‘tkazish va g‘oliblarni aniqlash tartibi

  1. Elektron tanlovda mazkur Nizom talablariga mos keluvchi barcha ishtirokchilar qatnashishi va ariza berishi mumkin.

Bunda ishtirokchini “E-urug‘” axborot tizimida ro‘yxatga olish, identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash “Elektron hukumat” idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.

  1. Ishtirokchi har yili paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish uchun — 15-yanvardan 5-fevralga qadar (2025-yilda 19-martdan 25-martga qadar), boshoqli don ekinlari urug‘liklarini yetishtirish uchun — 15-iyuldan 5-avgustga qadar ariza topshiradi.
  2. Ishtirokchiga tegishli ma’lumotlar qat’iy ravishda integratsiya qilingan vazirlik va idoralarning ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.

Bunda ishtirokchining barqarorlik reytingi hamda elektron tanlovga aloqador vazirlik va idoralarning ma’lumotlari “Elektron hukumat” idoralararo integratsion platformasidan, ishtirokchining umumiy yer maydoni, elektron tanlovda ko‘rsatilgan ekin joylashtiriladigan maydon, suv bilan ta’minlanganligi, tuproq unumdorligiga oid ma’lumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarini “Agro.gov.uz”, “CropAgro”, “Hosil qabuli”, “eFito” va boshqa axborot tizimlaridan olinadi.

  1. Integratsiya qilish orqali shakllantiriladigan ma’lumotlar asosida ishtirokchiga ball beriladi va ushbu Nizomga 2-ilovadamuvofiq baholash reytingi yordamida ballar taqsimlanadi.
  2. Ishtirokchi har bir mezon bo‘yicha yig‘gan ballari bilan ariza berish jarayonida tanishadi va zaruratga ko‘ra arizani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
  3. “E-urug‘” axborot tizimiga kelib tushgan har bir arizaga maxsus raqam (identifikatsiya raqami) avtomatik ravishda biriktiriladi.
  4. Ishtirokchi arizasining holati haqidagi ma’lumotlar uning shaxsiy kabineti orqali ma’lum qilib boriladi.
  5. Elektron tanlov ixtisoslashgan massivlarda joylashgan ekin maydonlarida urug‘lik yetishtirish uchun o‘tkaziladi.

Ushbu massivlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazining hududiy boshqarmalari e’lonlarida ko‘rsatiladi.

  1. E’londa berilgan parametrlardan kelib chiqib, elektron tanlov g‘olibi va g‘olib bo‘lmaganlarni ajratadigan chegara aniqlanadi.

Agar mazkur chegaraning ikki tarafida bir xil ball to‘plagan ishtirokchilar bo‘lsa, bunda arizani oldin topshirgan ishtirokchi elektron tanlov g‘olibi deb e’tirof etiladi.

  1. Elektron tanlov natijalari bo‘yicha axborot elektron tanlov o‘tkazilgan kuni soat 10:00 da (GMT+5) “E-urug‘” axborot tizimida avtomatik ravishda e’lon qilinadi.

Bunda “E-urug‘” axborot tizimida avtomatik ravishda elektron tanlov yakunlangan vaqt va uning natijalari to‘g‘risidagi axborot shakllantiriladi.

  1. Elektron tanlov natijalari bo‘yicha axborotda quyidagilar bayon etiladi:

elektron tanlov haqida ma’lumotlar;

elektron tanlov g‘oliblari ro‘yxati va ularning yer maydonlari;

elektron tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirilgan sana va vaqti.

  1. “E-urug‘” axborot tizimida elektron tanlov yakunlangandan keyin besh ish kunida elektron tanlov natijalari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.
  2. Elektron tanlov g‘olibi deb topilmagan ishtirokchining to‘lov mablag‘i elektron tanlov yakunlangan deb topilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida “E-urug‘” axborot tizimi orqali ishtirokchining tijorat bankidagi hisobvarag‘iga (yoki plastik kartasiga) to‘liq qaytariladi.

Ishtirokchining tijorat bankidagi hisobvarag‘i (yoki plastik karta raqami) noto‘g‘ri ko‘rsatilishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra mablag‘lar huquqiy operatorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga qaytib tushgan hollarda, texnik operator bu haqda “E-urug‘” axborot tizimi orqali ishtirokchini xabardor qiladi.

  1. Elektron tanlovda qatnashish uchun to‘lov, ishtirokchini arizasini yuborish, elektron tanlovlarni tashkil etish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikning rivojlantirish markazi va “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJga teng miqdorlarda taqsimlanadi.

3-bob. Elektron tanlov natijalarini rasmiylashtirish tartibi

  1. Texnik operator mazkur Nizomda belgilangan tartibda elektron tanlov natijalari bo‘yicha bayonnoma QR-kod bilan rasmiylashtiradi.

Elektron tanlov natijalari bo‘yicha bayonnoma mazkur Nizomga 3-ilovadagi namunaviy shaklga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Bayonnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

elektron tanlov sanasi;

bayonnoma rasmiylashtirilgan sana;

elektron tanlov g‘olibi haqida ma’lumotlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan hamda ushbu Nizomda belgilangan boshqa ma’lumotlar.

Bayonnoma elektron tanlov g‘olibi hamda huquqiy operatorning hududiy boshqarmasini shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.

  1. Bayonnoma “E-urug‘” axborot tizimi tomonidan yuritiladigan elektron tanlov natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalar reyestriga avtomatik ravishda kiritiladi.

Elektron tanlov natijalari bo‘yicha bayonnomalar reyestriga jahon internet tarmog‘i orqali QR-kod havolasi joylashtiriladi.

Elektron tanlov g‘olibining so‘roviga ko‘ra bayonnoma qog‘oz shaklida, huquqiy operatorning muhri bosilgan holda taqdim etilishi yoki pochta orqali yuborilishi mumkin.

4-bob. Elektron tanlov g‘olibining vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar urug‘lik qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan elektron tanlov g‘olibining vazifalari hisoblanadi:

g‘o‘za navlari va duragaylari urug‘liklarini belgilangan talablarga muvofiq yetishtirish, ko‘paytirish, O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish va realizatsiya qilishni litsenziya shartnomasi asosida patent egasining ruxsati bilan amalga oshirish;

tuziladigan shartnomaga asosan navlar bo‘yicha zarur hajmdagi, amaldagi standartlar talablariga mos keluvchi nav urug‘larining avlodlarini hisobga olgan holda yetishtirish;

faqat urug‘lik, bir avlodga mansub bo‘lgan bitta nav ekilishini ta’minlash;

ko‘paytirilayotgan navning qimmatli xo‘jalik belgilari va texnologik xususiyatlarini saqlash;

yuqori sifatli va nav sofligiga ega bo‘lgan avlodli urug‘lar yetishtirish;

avlodli urug‘liklarni yetishtirish tartibi va qoidalariga amal qilish;

nav originatori tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va me’yorlarda sifatli o‘tkazilishini ta’minlash;

urug‘lik tayyorlash korxonalari tomonidan ekish uchun sarflangan (sotilgan) urug‘lik (chigit, don) miqdorlari bo‘yicha “Hisob-dalolatnoma”ni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga, nav originatori va muallifiga hamda urug‘chilik subyektlariga topshirish muddati har yili 1-iyulga qadar, ustama haqlarini yakuniy to‘lab berish muddati har yili 1-avgustga qadar topshirish.

Quyidagilar qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan elektron tanlov g‘olibining funksiyalari hisoblanadi:

urug‘lik uchun ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini unumdor tuproqli, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi ta’minlangan, sho‘rlanmagan va tekis dalalarga joylashtirish;

almashlab ekish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish bo‘yicha reja-jadvalni tuzish va amalga oshirish;

xo‘jalikda urug‘chilik bo‘yicha agronom yoki agronom mutaxassisi bo‘lishini ta’minlash (xo‘jalik rahbari urug‘chilik bo‘yicha agronom yoki agronom bo‘lganda ushbu talab qo‘llanilmaydi);

foydalanishga ruxsat etilgan kimyoviy preparatlar bilan qayta ishlangan (zararsizlantirilgan) urug‘lik materiallarini ekish (maxsus elita urug‘chilik xo‘jaliklari bundan mustasno);

urug‘lik maydonlarini begona nav va o‘simliklardan tozalash;

kasallik keltirib chiqaruvchi begona ekinlarni urug‘lik maydonlar atrofiga ekmaslik hamda boshqa navlar bilan chatishishga yo‘l qo‘ymaslik;

urug‘lik paxta maydonlarda urug‘lik hosili to‘liq yig‘ishtirib olingandan so‘ng g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish;

urug‘lik paxta maydonlarida g‘o‘zaning har tupida o‘rta tolali navlarda 3 — 8-hosil shoxlarining 1-2 o‘rinlaridan, ingichka tolali navlarda 3 — 13-hosil shoxlarining to‘liq pishib ochilgan ko‘saklaridan qo‘l bilan, mashinalar yordamida ko‘saklar 60 — 65 foiz ochilganda urug‘lik paxta hosilini terish;

urug‘lik uchun ekilgan boshoqli don ekinlari maydonlarini urug‘lik don o‘rish uchun ajratilgan kombaynlarda o‘rish, urug‘lik donni urug‘lik don tashish uchun ajratilgan avtomashinalar bilan tashish;

yig‘ishtirib olingan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini avlodlari bo‘yicha amaldagi standartlar talablariga ko‘ra urug‘lik qabul qiluvchi korxonalarga topshirish.

  1. Elektron tanlov g‘olibi tomonidan mazkur Nizom talablari yoki agrotexnika qoidalari muntazam ravishda buzilganda, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari yetishtirilayotgan maydonlar tuman (Quvasoy shahar) aprobatsiya komissiyasi tomonidan yaroqsiz deb topiladi hamda urug‘lik yetishtirish huquqidan mahrum etiladi.

Elektron tanlov g‘olibi tomonidan urug‘lik maydonlarda g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining bitta navini ikkita avlodi ekilgan taqdirda, ustama to‘lashdagi farqlar inobatga olingan holda tuman (Quvasoy shahar) aprobatsiya komissiyasi tomonidan keyingi avlodga rasmiylashtiriladi.

Urug‘lik maydonlarda ilmiy asoslangan tavsiyalarga amal qilgan holda ko‘chat qalinligini ta’minlash talab etiladi.

Mazkur talablarga amal qilinmagan hollarda tuman (Quvasoy shahar) aprobatsiya komissiyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtiruvchi urug‘lik yetishtirish huquqidan mahrum etiladi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha elektron tanlovlar jarayonida yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
  2. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.