O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

[Ko‘chirma]

Qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, bo‘sh turgan yer uchastkalarini tezroq iqtisodiy oborotga kiritish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xo‘jaliklar faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:

(a) tuman hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi yerlarida ekin ekish va mahsulot yetishtirishni tashkil etish;

(b) chorvachilik uchun ozuqa ekinlar yetishtirish hajmini oshirish orqali go‘sht va sut mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash;

(v) yerdan samarali foydalanishni iqtisodiy mexanizmlar orqali rag‘batlantirish, aholi bandligi va turmush darajasini oshirish.

II. Elektron onlayn auksionlar o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib-taomillar

2. Belgilansinki, barcha turdagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda 2025-yil 11-martdan joriy etilgan tartibga muvofiq:

(a) elektron onlayn auksion savdosini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomani e’lon qilish muddati 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolarda — 5 kundan 1 kunga qisqartiriladi;

(b) takroriy savdolarda faqat bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda e’lon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;

(v) har takroriy savdoda lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlang‘ich narxning 20 foiziga tushganiga qadar pasaytiriladi.

3. 2025-yil 1-apreldan boshlab barcha hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha turdagi yerlarni ijaraga berish bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron onlayn auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va to‘lov to‘liq to‘langanda chegirma berish tartibi bekor qilinsin, ushbu to‘lovlar 15 ish kuni ichida to‘liq to‘lanishi shartligi belgilansin.

4. 2025-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududi doirasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar jami maydonining o‘rtacha 10 — 20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqarilsin.

III. Qayta ijara

5. Ushbu qaror kuchga kirguniga qadar ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlar yoki ijaraga olish huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlardan muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lgan ijarachilarga:

(a) yer uchastkasidan o‘zi foydalangan muddatdan qat’i nazar, tuman hokimi ishtirokida uch tomonlama shartnoma asosida yerga bo‘lgan huquqlari va majburiyatlarini, shu jumladan, qo‘shimcha to‘lovlar va bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlarni to‘lab borish majburiyatini boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish) huquqi berilsin;

(b) agar ular dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini olish bo‘yicha 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 15-aprelga qadar o‘tkazilgan ochiq elektron tanlovlarda g‘olib bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va mehnat migrantlari bo‘lsa, ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdori ushbu yer uchastkasi normativ qiymatining bir barobariga va boshqa shaxslar uchun ushbu yer uchastkasi normativ qiymatining to‘rt barobariga teng miqdorda belgilansin.

6. Sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish jarayonida undiruvni qarzdorning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini uzoq muddatga ijaraga olish huquqiga qaratishda quyidagi soddalashtirilgan tartib joriy etilsin:

(a) undiruvni ijara huquqiga qaratish uchun tuman (shahar) hokimining — ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi;

(b) ijara huquqini baholash talab etilmaydi, davlat ijrochisi vakolatli tashkilotlardan yer uchastkasining normativ qiymatini aniqlab, unga teng bo‘lgan boshlang‘ich narx miqdorini mulkiy huquqni xatlash dalolatnomasida ko‘rsatadi;

(v) elektron onlayn auksion savdolari ushbu qarorning 2-bandi talablarini inobatga olgan holda o‘tkaziladi;

(g) elektron onlayn auksion savdolari natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma yer ijarasi shartnomasi bo‘yicha huquqlar va majburiyatlar qolgan muddatga qarzdordan auksion g‘olibiga o‘tganligini — qayta ijarani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

IV. Fermerlarga imtiyozlar

7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil hosilidan boshlab har yili paxtadan 50 sentner/gektar, g‘alladan 80 sentner/gektardan yuqori hosil olganini soliq hisobotlarida aks ettirgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga kelgusi yilda:

(a) ijaraga olingan jami yer maydonining 25 foiziga almashlab ekish usulida chorva uchun ozuqa, sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va dukkakli ekinlarni ekish (joylashtirish) kafolatlanadi;

(b) O‘zbekiston fermerlari kengashiga a’zolik badali paxta xomashyosi bo‘yicha birjada e’lon qilinadigan boshlang‘ich narxdan va donning shakllangan o‘rtacha narxidan 0,3 foiz miqdorida belgilanadi;

(v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmonining 15-bandiga muvofiq yer solig‘ini hisoblashda bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda uch karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanadi.

8. Quyidagilar:

(a) qishloq xo‘jaligi kooperativlariga a’zo bo‘lgan fermer xo‘jaliklarining 50 foizidan oshmagan qismiga paxta yetishtirish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurslari hisobidan 50 foizlik mol-mulk garovi, xususan, yerga ijara huquqi garovi bilan imtiyozli kredit ajratishga ruxsat etilsin, bunda ushbu kredit paxta xomashyosining e’lon qilingan boshlang‘ich narxidan kelib chiqib ajratilsin;

(b) qishloq xo‘jaligi kooperativlariga a’zo bo‘lgan fermer xo‘jaliklari yetishtirgan paxta xomashyosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat berilsin, bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning axborot portalida tuzilishi va ular bo‘yicha to‘lovlar birjaning hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish (to‘lov hujjatlariga muvofiq pul o‘tkazish) qoidalari asosida amalga oshirilishi belgilansin.

9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun yer uchastkasiga bo‘lgan huquq turi, ishchilar soni, normativ hosildorlikka nisbatan yetishtirilgan hosil miqdori kabi qo‘shimcha mezonlarni belgilasin.

10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda samarali faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarini rag‘batlantirish choralari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

V. Qaror ijrosini tashkil etish va nazorat qilish

11. Kadastr agentligi:

(a) har chorak yakuni bilan keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘sh turgan yer uchastkalarining nomma-nom ro‘yxatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etib borsin;

(b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-dekabrga qadar Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish (“Uzkad”), “Yer hisobot”, “Agroplatforma.uz”, “E-ijara” axborot tizimlarida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida onlayn almashinishini va o‘zaro muvofiq bo‘lishini ta’minlasin.

12. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi:

(a) chorvachilik xo‘jaliklarining chorva uchun ozuqa ekiladigan yer maydonlariga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganib, bir hafta ichida, keyinchalik har chorakda bu haqdagi ma’lumotni Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etib borsin;

(b) o‘tkaziladigan elektron onlayn auksion savdolari haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda chorvachilik xo‘jaliklarini darhol xabardor qilib borsin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda:

(a) qo‘shimcha to‘lovlar va bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlardan muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘lgan hamda yerdan samarali foydalanmayotgan yer ijarachilari ro‘yxatini shakllantirsin;

(b) samarali foydalanilmayotgan yerlarni mazkur qarorda belgilangan tartibda qaytarib, elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish yoki qayta ijaraga berish choralarini ko‘rsin;

(v) 2025-yil hosilidan keyin Bosh vazir o‘rinbosari J. Qo‘chqorov tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq 30 ming gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-18-son Farmoniga asosan ochiq elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin.

14. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi:

(a) ikki hafta muddatda qarzdor qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilari ishtirokidagi ijro ishlari ro‘yxatini shakllantirsin;

(b) bir oy muddatda ushbu ishlar bo‘yicha boshqa mulk va mulkiy huquqlar bo‘lmagan hollarda yer uchastkasiga ijara huquqi xatlanishi va elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

16. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

18. Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

   Toshkent sh.,

2025-yil 28-mart,

   PQ-131-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi PQ-131-son qaroriga
ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan

O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3680-son qarori 4-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtiriladigan paxta xomashyosi bo‘yicha birjada e’lon qilinadigan boshlang‘ich narxdan hamda donning shakllangan o‘rtacha narxidan 0,6 foiz miqdorida, bunda 2025-yil hosilidan boshlab paxtadan gektariga 50 sentnerdan va g‘alladan 80 sentnerdan yuqori hosil olgan fermer xo‘jaliklari uchun 0,3 foiz miqdorida”.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-57-son qaroriga 1-ilovada:

(a) 11-pozitsiyaning “Qamrab olinadigan tumanlar” ustuni “, Yangibozor, Gurlan” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;

(b) 14-pozitsiyaning “Qamrab olinadigan tumanlar” ustuni “, Hazorasp, Yangiariq” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.

5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori bilan tasdiqlangan Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:

(a) 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“16. Operator buyurtmani olgan kundan ikki ish kunidan kechiktirmay, elektron onlayn auksion savdo o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnomani savdo platformasida e’lon qiladi. Bunda:

elektron onlayn auksion savdolarini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomalar savdolar o‘tkazilishidan besh kalendar kuni va takroriy savdolarda bir kalendar kuni oldin e’lon qilinadi;

takroriy savdolarda bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda e’lon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;

sotilmagan lot narxi har takroriy savdoda 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlang‘ich narxning 20 foiziga tushganiga qadar pasaytiriladi”;

(b) 18-bandda:

birinchi xatboshidagi “Ikki yoki undan ortiq” so‘zlari “Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ikki yoki undan ortiq” so‘zlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidagi “Elektron onlayn-auksion savdoda” so‘zlari “Dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun elektron onlayn-auksion savdoda” so‘zlari bilan almashtirilsin;

(v) 19-bandda:

birinchi xatboshidagi “qiymatining dastlabki 15 foiz miqdori 10 ish kuni ichida” so‘zlari “qiymati 15 ish kuni ichida” so‘zlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshidan “hamda elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi tomonidan “bo‘lib-bo‘lib to‘lash” tanlangan taqdirda, to‘lov grafigiga asosan teng taqsimlanadi” so‘zlari chiqarib tashlansin;

(g) 27-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:

“Bunda mazkur mablag‘larning jami miqdori bir kalendar yilda bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan oshmasligi lozim”;

(d) 28 va 29-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.