Kuni kecha qishloq xo‘jaligida tub burilish yasayotgan eng dolzarb mavzulardan biri — raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJda o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Hisob palatasi vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilgan loyihalar, natijalari va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Markaz  tomonidan ishlab chiqilgan va tatbiq etilgan dasturiy ta’minotlari haqida taqdimotlar namoyish etildi. Platformalarning ishlash mexanizmi, foydalanuvchilar uchun qulaylik darajasi va samaradorlik ko‘rsatkichlari yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Muhokamalarning asosiy e’tibor markazida esa “SRBISA” — sug‘orishni raqamli boshqarish tizimi turdi. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan mazkur loyiha suv resurslarini yanada oqilona boshqarish, har bir tomchi suvni hisobga olish, suv taqsimotida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda  loyiha doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, muammolar va ularning amaliy yechimlari yuzasidan aniq takliflar bildirildi. Xususan, tizimni boshqa tashkilotlar tizimlari bilan integratsiyalash, mavjud infratuzilmani zamonaviy talablar asosida yangilash va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur loyihani joriy etilishi natijasida  suv manbasidan boshlab to ekin maydonlarigacha bo‘lgan har bir jarayonni kuzatish, tahlil qilish va nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa nafaqat suv tejamkorligi, balki hosildorlikni oshirish, agrotexnik tadbirlarning samaradorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Shubha yo‘qki, raqamli yondashuv – bu bugunning emas, balki ertangi kunning zaruriyati. Suvning har tomchisini hisobga olgan holda, hosildorlikni ilmiy asosda boshqarish – bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasining yangi bosqichi sari dadil qadamidir.