AgroTarozi dasturiy ta’minoti hududlarda joriy etilmoqda
Paxta qabul qilish maskanlarida hisob-kitobning shaffofligini ta’minlash maqsadida “AgroTarozi” platformasini o‘rnatish ishlari respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Dasturiy ta’minotni joylarga joriy etish jarayonida mavjud sharoit o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “Qumtex Invest” MChJ klasteriga qarashli “Do‘stlik” paxta tozalash korxonasida “AgroTarozi” dasturining dekstop uskunasini o‘rnatish vaqtida bir qator texnik muammolar qayd etildi. Jumladan, tarozi COM-port simlari ishlamayotgani, tarozi butunlay ishdan chiqqani va ichiga suv to‘lib qolganligi, kamera manzillari hamda login-parollarning hech kim tomonidan noma’lumligi aniqlandi. Mutasaddilar tomonidan bu kamchiliklar tezda bartaraf etilishi ta’kidlandi. “AgroTarozi” tizimi to‘liq ishga tushirilgach, paxta qabul qilish jarayonlarida hisob-kitobning aniqligi va nazoratning oshishiga xizmat qiladi.