“In-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-344-son hamda “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 30-dekabrdagi PQ-465-son qarorlariga muvofiq, shuningdek, respublika hududlarida yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etgan tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “In-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

muvofiqlik sertifikatiga (ixtiyoriy) ega bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun ariza bilan murojaat qilish hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi;

muvofiqlik sertifikatiga (ixtiyoriy) ega bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi;

muvofiqlik sertifikatiga (ixtiyoriy) ega bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini parvarishlash bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan monitoring yuritish tartibi.

  1. Belgilansinki, muvofiqlik sertifikatiga (ixtiyoriy) ega bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Qishloq xo‘jaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan muvofiqlik sertifikatiga (ixtiyoriy) ega bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun talab etiladigan mablag‘larning nazarda tutilishini ta’minlasin.
  3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2025-yil 28-iyul,

468-son

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-iyuldagi 468-son qaroriga
ILOVA

“In-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha tadbirkorlik subyektlariga muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarni xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) subsidiya ajratish, ajratilgan subsidiya mablag‘laridan samarali foydalanilishi yuzasidan monitoring yuritish hamda maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarish tartibini belgilaydi.

Subsidiyalar yangi intensiv bog‘, tokzorlarni barpo etgan, shuningdek, dala chetlariga, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekilgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilgan talabgorlarga Jamg‘arma hisobidan ko‘chatlar turi, navi va xarajatining hisob-kitobidan kelib chiqib ajratiladi.

  1. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:

intensiv bog‘ — intensiv ko‘chatlar (pakana va yarimpakana) hamda payvandtaglardan yetishtirilgan ko‘chatlarni zich ekish sxemasida resurs-tejamkor agrotexnologik tadbirlarni amalga oshirish asosida tashkil etilgan va suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan mevali bog‘;

“in-vitro” laboratoriyasi — o‘simlik organizmining to‘qimalarini mikroklonal ko‘paytirish usuli orqali “sog‘lom”, viruslardan holi bo‘lgan ko‘chat hamda payvandtag yetishtirish uchun ixtisoslashgan, maxsus jihozlangan laboratoriya;

muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) — sertifikatlangan ko‘chatlarning belgilangan talablarga muvofiqligi ko‘chatlar turi, navi, nav tozaligi va viruslar (kasalliklar)dan holiligini tasdiqlovchi sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat;

talabgor — yangi intensiv bog‘ va/yoki tokzor barpo etishda payvandtagli meva va tok ko‘chatlari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun murojaat qilgan tadbirkorlik subyekti;

Agrosubsidiya” AT — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi.

  1. Subsidiyalar:

yangi intensiv bog‘ barpo etgan talabgorga hamda dala chetlariga, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekilgan muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir payvandtagli meva ko‘chatiga 25 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan uzumning danaksiz va yangi nav ko‘chatlariga (keyingi o‘rinlarda — tok ko‘chatlari) 7,5 ming so‘mdan, mahalliy tok ko‘chatlariga 2 ming so‘mdan oshmagan miqdorda ajratiladi.

  1. Muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi ushbu Nizomga 1-ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha qoplanadi.

2-bob. Subsidiya ajratish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilish

  1. “In-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishga ko‘maklashuvchi tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda — Ishchi guruh) ushbu Nizomga 2-ilovagamuvofiq namunaviy tarkibda tashkil etiladi.
  2. Talabgor yangi bog‘ va tokzorlar barpo qilingan hamda dala chetlariga, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi yer maydonlariga ekilgan ko‘chatlar turi, navi, qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mazkur Nizomga 3-ilovagamuvofiq xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha Ishchi guruhga “Agrosubsidiya” AT orqali quyidagilarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:

sog‘lom, viruslardan holi bo‘lgan “in-vitro” laboratoriyasida ko‘paytirilgan payvandtagli ko‘chatlarning muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) nusxasi;

talabgor bilan “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi;

ko‘chatlar sotib olingani bo‘yicha hisob-faktura, “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligining tavsiyasi va muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) bo‘yicha uch yillik kafolat xati.

Talabgor arizadagi ma’lumotlar va ilova qilingan hujjatlarning to‘g‘riligi uchun javobgar hisoblanadi.

Talabgordan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Ushbu Nizomning 6-bandidanazarda tutilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmaganda yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim etilganda Ishchi guruh tomonidan arizani qabul qilish rad etiladi.

3-bob. Talabgorning murojaatini ko‘rib chiqish va subsidiya ajratish

  1. Ishchi guruhi talabgorning arizasini ko‘rib chiqishda quyidagilarga mas’ul hisoblanadi:

tuman (Quvasoy shahar) hokimi — Ishchi guruh faoliyatini tashkil qilish va talabgorning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi arizasini joyiga chiqqan holda o‘z muddatida va to‘liq o‘rganishga hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarning to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — subsidiya ajratish to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishga;

tuman (shahar) fermerlar kengashi raisi — talabgor va “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi shartlarining bajarilishi (ko‘chat yetkazib berish muddatlari, sifati va boshqalar) bo‘yicha talabgorning huquqlari himoya qilinishiga;

o‘simliklar karantini va himoyasi tuman bo‘limi boshlig‘i — “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligi muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan “in-vitro” laboratoriyasida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlari ekilganiga;

Agentlikning tuman (Quvasoy shahar) loyiha ofisi rahbari — talabgorning arizasida “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlari uchun subsidiya hisoblanishiga, bunda:

  1. a) xarajatlarning 50 foizi, biroq har bir muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan payvandtagli meva ko‘chatiga 25 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  2. b) muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan tok ko‘chatlariga 7,5 ming so‘mdan, muvofiqlik sertifikati (ixtiyoriy) mavjud bo‘lgan mahalliy tok ko‘chatlariga 2 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.
  3. Ishchi guruh “Agrosubsidiya” AT orqali taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni uch ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganadi va talabgorga subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi yoki rad etish to‘g‘risidagi xulosani tasdiqlaydi.

Ishchi guruh rahbari va uning a’zolari xulosaning to‘g‘ri rasmiylashtirilgani va haqqoniyligi uchun mas’ul hisoblanadi.

Subsidiya ajratish rad etilgan taqdirda, talabgor bir oy muddatda Ishchi guruh xulosasida ko‘rsatilgan kamchiliklarni to‘liq bartaraf qilgan holda, “Agrosubsidiya” AT orqali subsidiya ajratish to‘g‘risida qayta murojaat qilishi mumkin.

Talabgor Ishchi guruhning subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosasidan norozi bo‘lgan taqdirda, yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

  1. Ishchi guruh talabgorga subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani rasmiylashtirgandan so‘ng bir ish kuni ichida tasdiqlangan xulosani “Agrosubsidiya” AT orqali Agentlikka yuboradi.
  2. Ishchi guruh xulosasi Agentlik tomonidan besh ish kun ichida ko‘rib chiqilib, talabgorga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish haqida “Agrosubsidiya” AT orqali ma’lum qiladi.

Bunda Agentlik tomonidan subsidiya ajratishni rad etishga ushbu Nizomning 6-bandi talablariga rioya qilinmagan holatlar asos hisoblanadi.

  1. Agentlik Ishchi guruh tomonidan tasdiqlangan ijobiy xulosaga asosan besh ish kuni ichida talabgorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga subsidiyani o‘tkazib beradi.
  2. Agentlikning subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosasida ko‘rsatilgan kamchiliklar (sabablar) talabgor tomonidan bartaraf etilgan holda, qayta murojaat qilinishi mumkin.

4-bob. Monitoring qilish tartibi

  1. Talabgor dala chetlariga hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga hamda loyiha asosida tashkil etilgan yangi bog‘ va tokzorlarga ekilgan ko‘chatlarda o‘z muddatida agrotexnik tadbirlarini o‘tkazish va parvarishlash ishlarini amalga oshirib boradi.
  2. Talabgor tomonidan dala chetlariga hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga hamda loyiha asosida tashkil etilgan yangi bog‘ va tokzorlarga ekilgan ko‘chatlarda o‘z muddatida agrotexnik tadbirlarini o‘tkazish va parvarishlash ishlarini amalga oshirilgani yuzasidan Ishchi guruh ikki yil mobaynida monitoring qilib boradi.
  3. Ishchi guruh ko‘chatlar uchun ajratilgan subsidiyadan samarali foydalanish holatini har yili bir marta monitoring qiladi va ko‘chatlarning holati yuzasidan (yaxshi yoki yomon) ikki nusxada dalolatnoma rasmiylashtiradi hamda dalolatnomaning bir nusxasi Ishchi guruhda va ikkinchi nusxasi talabgorda saqlanadi.
  4. Monitoring davomida kamchiliklar aniqlanganda, Ishchi guruh uch ish kuni ichida talabgorga ajratilgan subsidiya mablag‘larini qaytarish haqidagi talabnoma xatini yuboradi.

Talabgor ogohlantirish xatini olgan kundan e’tiboran bir oy ichida ajratilgan subsidiyani Agentlikning maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytaradi.

  1. Tuman (shahar) ishchi guruhi talabgor tomonidan xarid qilingan va ekilgan muvofiqlik sertifikatiga (ixtiyoriy) ega bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarining rivojlanish holati yuzasidan monitoring o‘tkazadi.

O‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra birinchi va ikkinchi yillarda qurib qolgan va kasallanib yaroqsiz holga kelgan ko‘chatlar soni ekilgan ko‘chatlar umumiy sonining 10 foizidan oshganda, olingan subsidiya nobud bo‘lgan ko‘chatlar soniga mutanosib ravishda qaytariladi.

Ko‘rib qolgan va kasallanib yaroqsiz holga kelgan ko‘chatlar talabgor tomonidan kuzgi ekish mavsumida “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlariga almashtirilib, ko‘chatlar to‘liqligi 90 foizdan yuqori bo‘lganda subsidiyalar qaytarilmaydi.

Subsidiya ajratilgan maydonlarda ko‘chatlar to‘liqligini ta’minlash uchun talabgor tomonidan qo‘shimcha ravishda ekilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlariga subsidiya ajratilmaydi.

Talabgor subsidiyani belgilangan muddat va miqdorda qaytarmaganda, Agentlik subsidiyani sud tartibida undirish choralarini ko‘radi.

  1. Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan subsidiya predmetidan maqsadli foydalanilmayotgan yoki yaroqsiz holdaligi aniqlansa, bunday holatlar videotexnika vositalari orqali qayd etilishi (yozib olinishi) va ikki kun muddatda Ishchi guruhga taqdim qilinishi mumkin.
  2. Tuman (shahar) Ishchi guruhi jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha kelib tushgan videoyozuvlarni qabul qilingandan so‘ng uch ish kuni mobaynida talabgor yoki uning vakolatli xodimi ishtirokida o‘rganish o‘tkazadi.
  3. Talabgor ushbu Nizom talablarini bajarmagan taqdirda, Agentlikning yoki tuman ishchi guruhining subsidiyani qaytarish haqidagi yozma xabarnomasini olgan kundan e’tiboran bir oy muddatda olingan subsidiyani Agentlikning tegishli maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytarishi lozim.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Subsidiya berishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish orqali hal etiladi.

Bunda taraflar o‘rtasida kelishmovchiliklar muzokaralar o‘tkazish orqali hal etilmagan taqdirda, nizolar sud tartibida hal qilinadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi subsidiyadan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi.
  2. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.