ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligi boshlandi

Bugun, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi muhim tadbirlardan biri — ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligi Toshkent shahridagi CAEx (Central Asian Expo Uzbekistan) majmuasida o‘z ishini boshladi.

Haftalik dasturidan xalqaro forumlar, B2B uchrashuvlar, strategik davra suhbatlari, sun’iy intellekt, raqamli hukumat, fintech yo‘nalishlari va yangi loyihalar taqdimotlari o‘rin olgan. Shuningdek, tadbir doirasida zamonaviy texnologik ishlanmalar, mahsulotlar va xizmatlar namoyish etiladigan keng ko‘lamli ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.

Agrosanoat sohasida raqamli yechimlar namoyish etilmoqda

Haftalik doirasidagi ko‘rgazmada qator yetakchi kompaniyalar bilan bir qatorda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ hamda uning ta’sischiligida tashkil etilgan “Drone Service” MChJ ilk bor ishtirok etmoqda.

Ishtirok doirasida agrosanoat tarmog‘ida qo‘llanilayotgan raqamli yechimlar, innovatsion texnologiyalar va dronlardan foydalanish imkoniyatlarini keng jamoatchilikka tanishtirish uchun imkoniyat yaratilmoqda.

2021-yilda tashkil etilgan Agrosanoatni raqamlashtirish markazi bugungi kunga qadar qishloq xo‘jaligi sohasida 30 dan ortiq raqamlashtirish loyihalarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etgan.

“Drone Service” MChJ esa qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, turli yo‘nalishlarda monitoring, servis va ta’lim xizmatlarini innovatsion dron texnologiyalari yordamida taqdim etadi.

Raqamli texnologiyalar — agrosanoat taraqqiyoti yo‘lida

ICT Week Uzbekistan 2026 haftaligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yangi ishlanmalar bilan tanishish, tajriba almashish va istiqbolli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi.

Haftalik joriy yilning 25-sentabr kuni yakunlanadi.