O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida” 2023-yil 9-noyabrdagi O‘RQ-877-son Qonunining mazmuni va mohiyati to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida” 2023-yil 9-noyabrdagi O‘RQ-877-son Qonunining mazmuni va mohiyati to‘g‘risida

Joriy yil 9 noyabrda qabul qilingan “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida” Qonunning maqsadi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonunining 3-moddasiga asosan Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

biologik himoya vositalari — o‘simliklarning va o‘simlik mahsulotining zararli organizmlariga qarshi kurashish uchun qo‘llaniladigan foydali organizmlar yoki ularning yashash faoliyati mahsulotlari;

zararli organizmlar — o‘simliklarning, hayvonlarning yoxud kasallik qo‘zg‘atuvchi agentlarning o‘simliklarga yoki o‘simlik mahsulotlariga zarar yetkazuvchi har qanday turi, xili yoki biotipi;

kimyolashtirish vositalari — o‘simliklarning rivojlanishini, pishib yetilishini tezlashtirish, hosildorligini va sifatini oshirish, shuningdek tuproq unumdorligini yaxshilash uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalar;

mineral o‘g‘itlar — tayyorlangan yoki qazib olingan, tarkibida mineral shaklidagi oziqlantiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan o‘g‘itlar;

pestitsidlar — zararli organizmlarga qarshi kurashish uchun qo‘llaniladigan moddalar;

fitosanitariya tadbirlari- zararli organizmlar tomonidan yetkaziladigan iqtisodiy zarar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;

o‘simliklarni himoya qilish — zararli organizmlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar majmui;

o‘simliklarni himoya qilish vositalari — o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalar va biologik himoya vositalari.

4-modda. O‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar

O‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

inson sog‘lig‘i va atrof-muhit xavfsizligining ustuvorligi;

tizimlilik va uzluksizlik;

biologik usulni qo‘llash ustuvorligi;

ochiqlik va shaffoflik.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

o‘simliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini, yangi texnikani va texnologik jarayonlarni hamda qishloq xo‘jaligida ularning qo‘llanilish usullarini yaratishga, sinashga va joriy etishga doir ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik hamda loyihalashtirish ishlarini amalga oshiradi;

o‘simliklarni himoya qilish sohasida mutaxassislar tayyorlanishini, qayta tayyorlanishini va ularning malakasi oshirilishini ta’minlaydi;

kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llashga doir uslubiy ko‘rsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqish hamda joriy etishda ishtirok etadi;

qishloq xo‘jaligining kimyoviy va biologik himoya vositalariga, favqulodda vaziyatlar holatida kimyoviy vositalarning zaxiralarini shakllantirishga bo‘lgan ehtiyojini aniqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli davlat organi:

o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

zararli organizmlarga qarshi kurashishning integratsiyalashgan tizimini ishlab chiqadi va joriy etadi;

O‘zbekiston Respublikasi hududiga boshqa mamlakatlardan zararli organizmlar kirib kelishi xavfining oldini olish va ularga qarshi kurashish choralarini ko‘radi;

kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari bo‘yicha texnik reglamentlarni ishlab chiqadi;

kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olish uchun sinovlar o‘tkazish, ro‘yxatga olish, ilmiy tadqiqotlar uchun olib kirishga ruxsat beradi;

biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;

kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olishni amalga oshiradi hamda kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olganlik to‘g‘risida guvohnoma beradi;

mineral o‘g‘itlarning va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya beradi;

mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnoma beradi;

O‘simliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashishning qo‘llash uchun ruxsat etilgan kimyoviy hamda biologik vositalari, defoliantlar va o‘simliklar o‘sishini boshqaruvchi vositalar ro‘yxatini yuritadi hamda e’lon qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda o‘simliklarni himoya qilish vositalarining qo‘llanilishi taqiqlangan yoki cheklangan faol va nofaol ingrediyentlarini aniqlaydi, O‘simliklarni himoya qilish vositalarining qo‘llanilishi taqiqlangan yoki cheklangan faol va nofaol ingrediyentlari reyestrini yuritadi hamda nazorat qiladi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish hamda qo‘llash, texnik reglamentlarga rioya etish, o‘simliklarni himoya qilish vositalarining inson sog‘lig‘iga va atrof-muhitga ta’sirini aniqlash bilan bog‘liq faoliyatini muvofiqlashtiradi;

kimyolashtirish vositalarining va o‘simliklarni himoya qilish vositalarining sifatini nazorat qiladi, ulardan foydalanish to‘g‘risida xulosalar beradi, inson sog‘lig‘iga va atrof-muhitga zararli ta’siri aniqlangan taqdirda ularning qo‘llanilishini taqiqlaydi;

o‘simliklarni himoya qilish sohasida kadrlar tayyorlanishini, qayta tayyorlanishini va ularning malakasi oshirilishini tashkil etadi;

kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llashga doir uslubiy ko‘rsatmalarni, tavsiyanomalarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida uchraydigan karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar ro‘yxatini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

o‘simliklarni himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;

kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini hisobga olish, olib kirish, saqlash, realizatsiya qilish, qo‘llash, zararsizlantirish, ko‘mib tashlash va yo‘q qilishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etadi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

11-modda. O‘simliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan davlat nazoratini maxsus vakolatli davlat organi amalga oshiradi.

Maxsus vakolatli davlat organi quyidagilar ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi:

o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi;

mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnomani, mineral o‘g‘itlarning va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyani olish tartibiga rioya etilishi;

mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish chog‘ida ko‘rikdan o‘tkazish, ularni saqlash, realizatsiya qilish, qo‘llash, tashish, muomaladan chiqarish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, ko‘mib tashlash va yo‘q qilish tartibiga rioya etilishi;

biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibiga rioya etilishi;

biologik himoya vositalarini ishlab chiqarishning texnologik jarayonlariga va ularda yetishtiriladigan biologik mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlariga doir talablarga rioya etilishi.

Kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilish, qo‘llash, tashish, muomaladan chiqarish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, ko‘mib tashlash hamda yo‘q qilish chog‘ida sanitariya va ekologiya talablariga rioya etilishini tekshirish davlat sanitariya nazorati hamda ekologik nazorat doirasida amalga oshiriladi.

O‘simliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazoratini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

12-modda. O‘simliklar karantini davlat inspektorlarining o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi huquqlari

O‘simliklar karantini davlat inspektorlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududiga qonunchilikda belgilangan tartibda kirish;

o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlangan taqdirda, kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari mavjud bo‘lgan yuklarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishini taqiqlash;

bojxona organlaridan, temir yo‘l stansiyalarining, avtovokzallarning (avtostansiyalarning), aeroportlarning va boshqa tashkilotlarning ma’muriyatlaridan olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan kimyolashtirish vositalari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘rab olish;

biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibiga muvofiq hujjatlarni talab qilish;

o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha ijro etilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish;

kimyolashtirish vositalarining va o‘simliklarni himoya qilish vositalarining kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiqligini aniqlash maqsadida ulardan laboratoriya tekshiruvlari hamda tegishli ekspertiza uchun namunalar olish;

zararli organizmlar rivojlanishi va tarqalishining oldini olish maqsadida fitosanitariya monitoringi hamda prognozini, shuningdek o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.

O‘simliklar karantini davlat inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

13-modda. O‘simliklar karantini davlat inspektorlarining o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi majburiyatlari

O‘simliklar karantini davlat inspektorlari:

mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish chog‘ida mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirishga doir ruxsatnoma mavjudligini tekshirishi hamda ularning mazkur ruxsatnomaga muvofiqligini baholashni amalga oshirishi;

biologik himoya vositalarini olib kirish va olib chiqish chog‘ida ularning fitosanitariya sertifikatiga, karantin ruxsatnomasiga muvofiqligini baholashni amalga oshirishi;

kimyolashtirish vositalarining va o‘simliklarni himoya qilish vositalarining laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilishini tashkil etishi;

zarur bo‘lganda biologik himoya vositalarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq hujjatlarni so‘rab olishi va ularga baho berishi;

biologik himoya vositalarining samaradorligi monitoringini o‘tkazishi;

o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilishga doir tadbirlarni belgilashi shart.

O‘simliklar karantini davlat inspektorlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

30-modda. Kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini tashishga doir talablar

Kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini insonning sog‘lig‘iga hamda atrof-muhitga zarar yetkazish ehtimolini istisno etgan holda, maxsus jihozlangan transport vositalarida tashishga yo‘l qo‘yiladi.

Kimyolashtirish vositalarini va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini tashish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.