logo-grreen
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–899-son, 19.01.2024-y.) bilan bir qator kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–899-son, 19.01.2024-y.) bilan bir qator kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to’g’risida”gi, “Pedagogning maqomi to’g’risida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati to‘g‘risida
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–899-son, 19.01.2024-y.) bilan bir qator kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, quyidagilarga nisbatan javobgarlik belgilandi:

– Mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, xuddi shuningdek ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish  BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinadi.

– Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratish huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

– Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.

– Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

– Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, 5 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo’llanilishi mumkin bo’lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

– Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish, kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, quyidagilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi:

“Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchiga yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, egallab olish yoki to‘sib qo‘yish yoki jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘zining mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Yangi qo‘shimcha kiritildi:

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki
2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to’g’risida”gi Qonuni

“Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to’g’risida”gi Qonun (O’RQ–903-son, 02.02.2024-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi asosiy prinsiplar, sohani davlat tomonidan tartibga solish, tuproq unumdorligini oshirish asoslari va tartibi belgilandi.

Qishloq xo’jaligi vazirligi tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Yer egalari Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutidan o’ziga tegishli yer uchastkasidagi tuproqning sifatini baholash to’g’risida axborot olish huquqiga ega.

Yer egalari shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xo’jaligiga oid bo’lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda tuproqning mavjud unumdor qatlamini sidirib olishi va saqlashi shart.

Sidirib olingan tuproqning unumdor qatlamini qurilish tashkilotlari hokimliklar tomonidan belgilangan joylarga saqlash uchun olib chiqadi.

Tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmaganligi va saqlanmaganligi fakti aniqlanganda, yetkazilgan zararning o’rni mahalliy byudjetga qoplanadi. Mazkur pul mablag’laridan qishloq xo’jaligida foydalanilmayotgan sug’oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun foydalaniladi.

Tuproqni o’rganish Qishloq xo’jaligi, Suv xo’jaligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirliklarining vakolatli tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

“Pedagogning maqomi to’g’risida”gi Qonuni

Qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq to’lash, rag’batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilandi.

Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro’si davlat himoyasi ostida bo’ladi.

Umumiy o’rta ta’lim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir o’quv yili davriga murabbiylikni amalga oshirish uchun tajribali pedagog biriktiriladi.

Qonunga ko’ra, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

  • pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo’jaligi ishlariga jalb qilish;
  • pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo’lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;
  • pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag’ ushlab qolish.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.