O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonun:

1) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;

2) fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;

3) o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari (bundan buyon matnda Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni e’tirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;

4) 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida ikki yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno);

5) fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;

6) 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;

7) xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;

8) fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.

2-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

bir martalik umumdavlat aksiyasi — o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq 2018-yil 20-apreldan 2019-yil 1-mayga qadar o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi;

ortiqcha egallangan yer uchastkasi — yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiq bo‘lgan, yer uchastkasining chegarasidan tashqarida, unga tutash hududda joylashgan yer maydoni;

o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi — fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarsiz, shu jumladan bunday hujjatlar yo‘qolgan yoki to‘liq rasmiylashtirilmagan holda egallab kelinayotgan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkasi.

3-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish

Ushbu Qonun 1-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan yer uchastkalariga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda faqat ijara huquqi, ushbu yer uchastkalarida qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etiladi. Bunda ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanadi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan e’tirof etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qaroridan norozi bo‘lgan shaxslar ushbu qaror ustidan sudga qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyat qilishi, prokuratura va adliya organlari esa qarorni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sudga ariza (shikoyat) berishi mumkin.

2-bob. Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish asoslari

4-modda. Yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish asoslari

Fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

5-modda. Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish asoslari

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun fuqarolarga, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va inshootlar qurish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

ortiqcha egallangan yer uchastkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga tutashgan bo‘lsa;

fuqarolarga ajratilgan va ular tomonidan ortiqcha egallangan yer uchastkasining umumiy maydoni ushbu Qonun 12-moddasi uchinchi qismining talablariga muvofiq bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasi ilgari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

6-modda. Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish asoslari

Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida e’tirof etish mumkin deb topgan yoki e’tirof etishni rad etgan yoxud bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi munosabati bilan arizalarning ko‘rib chiqilishi yakuniga yetmagan hollarda, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish ushbu Qonunning 4-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi.

7-modda. Tuman (shahar) hokimlarining yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi qarorlarini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilmagan hollarda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish asoslari

Tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

qaror tuman (shahar) hokimlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida 2021-yil 8-iyunga qadar qabul qilingan bo‘lsa;

tuman (shahar) hokimlarining qarorlarini tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan rad etilgan bo‘lmasa;

yer uchastkasi ajratilganidan keyin ikki yil ichida bino va inshoot belgilangan maqsadlarga muvofiq qurilgan yoki ularning qurilishi boshlangan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

8-modda. Fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga bo‘lgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish asoslari

Fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga bo‘lgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

fuqaro bog‘dorchilik va uzumchilik shirkati a’zosi bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

9-modda. Kichik sanoat zonalari hududlariga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish asoslari

2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududlariga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining mazkur kichik sanoat zonasi hududida o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan (bundan mavjud binoni qayta qurish, rekonstruksiya qilish mustasno) yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va inshootlar yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

investitsiya majburiyatlari va boshqa ijtimoiy majburiyatlar to‘liq bajarilgan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

10-modda. Xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish asoslari

Fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilgan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

mazkur yer uchastkasida joylashgan binolar va inshootlar, yakka tartibdagi uy-joy xususiylashtirilganligi to‘g‘risida vakolatli davlat organi tomonidan berilgan hujjat mavjud bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

11-modda. Fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish asoslari

Fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylari egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar:

mazkur yer uchastkasida joylashgan binolar va inshootlarga, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joyga bo‘lgan mulk (egalik qilish) huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;

mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;

mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

12-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishning qo‘shimcha shartlari

Ushbu Qonunning 4 — 11-moddalarida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq bo‘lgan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylarning qonunchilik hujjatlariga hamda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish to‘g‘risidagi hujjatlarga (mavjud bo‘lsa) muvofiq qurilish taqiqlangan hududlarda joylashmaganligi mazkur yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun asos bo‘ladi.

Binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish masalasi yer fondining toifasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘zgartirilganidan keyin ko‘rib chiqiladi.

Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi quyidagi o‘lchamlarda e’tirof etiladi:

1) agar yer uchastkasi 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan bo‘lsa, — barcha hududlarda 0,24 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda;

2) agar yer uchastkasi 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan bo‘lsa, — Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda.

Yer uchastkalari boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga o‘tkazilgan hollarda, yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi ular avval joylashgan ma’muriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini e’tirof etish shartlariga muvofiq, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda e’tirof etiladi.

Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan o‘lchamlardan oshgan hollarda, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga bo‘lgan ijara huquqi, basharti boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa, dehqon xo‘jaligini yoki tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun e’tirof etiladi.

3-bob. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni aniqlash ishlarini tashkil etish hamda ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibi

13-modda. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni aniqlash ishlarini tashkil etish

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish har yilgi reja-jadval (bundan buyon matnda reja-jadval deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi.

Reja-jadval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (bundan buyon matnda Kadastr agentligi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarori bilan reja-jadvalga asosan, ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan vakolatli tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etiladi.

14-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimi hamda unda ma’lumotlar va hujjatlarni yig‘ish

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda avtomatlashtirilgan axborot tizimi deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.

Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimining operatoridir.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlar hamda hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hamda ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan vakolatli tashkilotlar tomonidan kiritiladi (biriktiriladi).

Ushbu ma’lumotlar va hujjatlar vakolatli tashkilot rahbarining yoki uning o‘rinbosarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Ma’lumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ushbu Qonunning 15-16-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, ikki bosqichda kiritiladi (biriktiriladi).

Ma’lumotlarning va hujjatlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilishi (biriktirilishi) ustidan nazorat prokuratura va adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Vakolatli tashkilotlar tegishli ma’lumotlarni va hujjatlarni o‘z axborot tizimlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilgan holda taqdim etishi mumkin.

15-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ma’lumotlarni va hujjatlarni kiritishning (biriktirishning) birinchi bosqichi

Ma’lumotlarni va hujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishning (biriktirishning) birinchi bosqichida Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy bo‘linmalari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimida tegishincha ijara va mulk huquqini e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqiladigan yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yig‘majildi (bundan buyon matnda elektron yig‘majild deb yuritiladi) yaratiladi.

Elektron yig‘majildga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi (biriktiriladi):

1) yer uchastkasining kadastr raqami;

2) yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar:

fuqaroning va yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, doimiy yashash joyi va telefon raqami;

rezident bo‘lgan yuridik shaxsning to‘liq nomi, ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami va ushbu yuridik shaxs rahbarining telefoni raqami;

3) yer uchastkasi joylashgan manzil, yer fondining toifasi va maydoni, shuningdek 1984-yilgi koordinatalar butunjahon geodeziya tizimidagi (WGS-84) shartli chegaralar;

4) yer uchastkasining joylashuv sxemasi;

5) yer uchastkasidan amalda foydalanilish maqsadi;

6) yer uchastkasining ushbu Qonun 1-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlardan biriga mansubligi.

Elektron yig‘majild ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan vakolatli tashkilotlarga ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini ko‘rib chiqish, shuningdek ma’lumotlarni va hujjatlarni kiritish (biriktirish) uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tegishincha yuboriladi.

16-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ma’lumotlarni va hujjatlarni kiritishning (biriktirishning) ikkinchi bosqichi

Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ma’lumotlarni va hujjatlarni kiritishning (biriktirishning) ikkinchi bosqichida ikki oy muddatda ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan vakolatli tashkilotlar:

yuborilgan elektron yig‘majildni ko‘rib chiqadi;

ma’lumotlar va hujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritadi (biriktiradi).

Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga:

1) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy bo‘linmalari tomonidan — yer uchastkasining elektron onlayn-auksionga qo‘yilganlik yoki qo‘yilmaganlik holati to‘g‘risidagi, shuningdek binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilganligi yoki xususiylashtirilmaganligi to‘g‘risidagi;

2) tuman (shahar) hokimliklari tomonidan:

fuqaro bog‘dorchilik va uzumchilik shirkati yig‘ilishining bayonnomasiga muvofiq shirkat a’zosi ekanligi, shuningdek uning binolar va inshootlarga, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joyga bo‘lgan huquqi e’tirof etilganligi yoki e’tirof etilmaganligi haqidagi;

yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilganligi yoki ajratilmaganligi to‘g‘risidagi;

ushbu Qonunning 13 va 27-moddalariga asosan tashkil etilgan ishchi guruhlar va jamoatchilik guruhlarining dalolatnomalariga ko‘ra mazkur Qonunning 12-moddasi uchinchi qismiga muvofiq yer uchastkasi egallab olingan yil to‘g‘risidagi;

3) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari tomonidan — kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlari qabul qilingan investitsiya majburiyatlarini va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajarganligi yoki bajarmaganligi haqidagi;

4) tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan — o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning soni, ulardan amalda foydalanilish maqsadlari to‘g‘risidagi;

5) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining, Transport vazirligining, Suv xo‘jaligi vazirligining, Raqamli texnologiyalar vazirligining, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli hududiy organlari (bo‘linmalari), tegishli muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan (elektr, aloqa, gaz, ichimlik suvi, kanalizatsiya) foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan — o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning qurilishi qaysi hududda qonunchilik hujjatlariga hamda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish to‘g‘risidagi hujjatlarga (mavjud bo‘lsa) muvofiq taqiqlangan bo‘lsa, tegishincha ularning o‘sha hududlarda joylashganligi yoki joylashmaganligi haqidagi;

6) tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan — o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning hamda ular joylashgan yer uchastkasining sanitariya-himoya zonalarida, chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinida joylashganligi yoki joylashmaganligi to‘g‘risidagi;

7) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi tomonidan — yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha hamda unda qurilgan binolar va inshootlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi;

8) O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan — yer uchastkasi egallab olingan (egallangan) hamda binolar va inshootlar qurilgan davrning ushbu Qonunning 4 — 7-moddalarida va 9-moddasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risidagi;

9) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan — yer uchastkasi tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilganligi hamda ushbu qarorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmaganligi haqidagi;

10) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan — qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligining miqdori (bundan yakka tartibdagi uy-joylar qurilgan yer uchastkalari mustasno) to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hujjatlar kiritiladi (biriktiriladi).

Joyiga chiqib o‘rganish ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan reja-jadvalga muvofiq bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlar va hujjatlarning haqqoniyligi, to‘liqligi hamda o‘z vaqtida kiritilishi (biriktirilishi) uchun ularni taqdim etgan tashkilotlar javobgar bo‘ladi.

Yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, shuningdek unda qurilgan binolar va inshootlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda soliq organlari mazkur qarzdorlikni bartaraf etish haqidagi xabarnomani ikki oy muddatda qarzdorning manziliga yozma shaklda hamda uning telefon raqamiga xabar tarzida yuboradi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat soliq qarzdorligini bartaraf etish uchun berilgan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi uchun to‘xtatib turiladi.

Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan tegishli ma’lumotlar qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin yangilanadi.

17-modda. Ma’lumotlarni jamoatchilikka e’lon qilish

Avtomatlashtirilgan axborot tizimida to‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari tegishli fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarining e’lonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlar va hujjatlar bo‘yicha e’tirozlari mavjud bo‘lgan taqdirda, elektron yig‘majilddagi ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida ular bo‘yicha vakolatli tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkin.

Shikoyatlar “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

18-modda. Ma’lumotlar va hujjatlarni o‘rganish

Elektron yig‘majildga oid ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida shikoyat kelib tushmagan taqdirda elektron yig‘majild ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq barcha vakolatli tashkilotlar tomonidan to‘liq kiritilgan (biriktirilgan) ma’lumotlar va hujjatlar bilan birga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik tarzda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga ko‘rib chiqish uchun uch ish kuni ichida yuboriladi.

Agar mazkur muddat ichida shikoyat kelib tushgan bo‘lsa, mazkur shikoyat vakolatli organlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga uch ish kuni ichida kiritiladi.

Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi ma’lumot, shuningdek avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma’lumotlar va hujjatlarga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda, mazkur o‘zgartirish vakolatli tashkilotlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga uch ish kuni ichida kiritiladi.

Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumot va (yoki) avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma’lumotlar va hujjatlarga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga vakolatli tashkilotlar tomonidan kiritilganidan keyin bir ish kuni ichida, biroq elektron yig‘majilddagi ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida bir oy ichida elektron yig‘majild Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar ushbu Qonun talablariga muvofiqligi jihatidan ikki oy ichida o‘rganiladi, shuningdek ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida belgilangan asoslarga muvofiq yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish asosliligi to‘g‘risida xulosa tayyorlanadi va avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi (biriktiriladi).

Elektron yig‘majildning, ma’lumotlar va hujjatlarning ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida belgilangan asoslarga muvofiq emasligi yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish asosli emasligi to‘g‘risida xulosa chiqarish uchun asos bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining xulosasi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.

19-modda. Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq ekanligi to‘g‘risida xabardor qilish

Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish ushbu Qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Kadastr agentligi tomonidan tegishli shaxslarning telefon raqamiga ushbu Qonunning 23-moddasida belgilangan bir martalik to‘lovni yigirma ish kuni ichida to‘lash to‘g‘risidagi xabarnoma avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.

Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmagan taqdirda, ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi ishlar to‘xtatib turiladi.

Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq tayyorlangan ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada (majlisda) ko‘rib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.

20-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish

Ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan ma’lumotlar va hujjatlar uch oy ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalarida (majlislarida) muhokama qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, ro‘yxatga olish va e’lon qilish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning “E-qaror” yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi:

1) yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etilayotgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar (fuqarolar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan yili, yuridik shaxs bo‘lgan rezidentlarning to‘liq nomi, ro‘yxatdan o‘tgan sanasi hamda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami);

2) ijara huquqi e’tirof etilayotgan yer uchastkasi joylashgan manzil, maydon, undan amalda foydalanilish maqsadi, u egallab olingan yil;

3) mulk huquqi e’tirof etilayotgan binolar va inshootlardan amalda foydalanilish maqsadi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.

21-modda. Huquq egasi

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi inventarizatsiya jarayonida aniqlangan va avtomatlashtirilgan axborot tizimida mazkur yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxs sifatida ko‘rsatilgan fuqaro va yakka tartibdagi tadbirkor, shuningdek rezident bo‘lgan yuridik shaxs nomiga e’tirof etiladi.

Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxs vafot etgan taqdirda, binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi hamda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ushbu vafot etgan shaxs nomiga e’tirof etiladi. Bunda mazkur obyektga nisbatan merosni rasmiylashtirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq vorislik tartibida hal etiladi.

22-modda. Ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini o‘zgartirish

Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi e’tirof etilishi lozim bo‘lgan yer uchastkasi aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kirmagan taqdirda ham yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining e’tirof etilishiga yo‘l qo‘yiladi, bundan sug‘oriladigan yerlar mustasno.

Bunda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining e’tirof etilishi mazkur yer uchastkasini qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Fuqarolarga tegishli bo‘lgan, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi e’tirof etilganda yer uchastkasi aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari toifasiga o‘tkazilishi munosabati bilan fuqarolardan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar undirilmaydi.

Fuqarolarga tegishli bo‘lgan, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkalardan boshqa yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi e’tirof etilganda yer uchastkasi aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilishi munosabati bilan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiriladi.

4-bob. Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov

23-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov miqdorlari

Ushbu Qonun 1-moddasi ikkinchi qismining 1, 3, 5, 7, 8-bandlarida belgilangan asoslarga muvofiq yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:

1) Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;

2) Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;

3) viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;

4) boshqa aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.

Bir martalik to‘lovni to‘lashdan quyidagilar ozod etiladi:

1) bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar;

2) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan to‘lovning ellik foizi miqdorida undiriladi.

Agar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topish belgilangan xulosasiga asosan dalolatnoma shakllantirilgan, biroq bir martalik yig‘im undirilmagan yoki to‘liq hajmda undirilmagan bo‘lsa, u holda bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq undiriladi, bunda bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida undirilgan bir martalik yig‘im summasi inobatga olinadi.

Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida to‘langan bir martalik yig‘im va ushbu Qonun doirasida undiriladigan bir martalik to‘lov o‘rtasidagi farq qaytarilmaydi.

Ushbu Qonun 1-moddasi ikkinchi qismining 2, 4, 6-bandlarida, 12-moddasining beshinchi qismida belgilangan asoslarga ko‘ra yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati miqdorida undiriladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati yer uchastkalaridan foydalanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 0,01 gektar maydon uchun fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklari bo‘yicha har yili yanvar va iyul oylarida belgilanadi, uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga taqdim etiladi. Bunda tegishli hududda oxirgi o‘n ikki oyda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini sotish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlardagi o‘rtacha narxlar, elektron onlayn-auksion o‘tkazilmagan hududlar uchun esa tegishli tuman (shahar) yoki yuqori turuvchi ma’muriy-hududiy birliklar bo‘yicha o‘rtacha narxlar ijara muddatiga ko‘ra tuzatish kiritilgan holda asos sifatida qabul qilinadi.

24-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov summasini taqsimlash

Ushbu Qonun 23-moddasining birinchi qismiga muvofiq undiriladigan bir martalik to‘lov summasi quyidagicha taqsimlanadi:

15 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasining maxsus g‘azna hisobvarag‘iga;

10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasining maxsus g‘azna hisobvarag‘iga;

10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasiga;

0,5 foizi — “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan maxsus hisobvarag‘iga;

qolgan qismi — ko‘chmas mulk joylashgan hududda tashabbusli budjetlashtirish doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishli tuman va shahar budjetlari orqali fuqarolar tashabbuslari jamg‘armalariga.

Ushbu Qonun 23-moddasining oltinchi qismiga muvofiq undiriladigan bir martalik to‘lov summasi quyidagicha taqsimlanadi:

5 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi budjetdan tashqari jamg‘armasining maxsus g‘azna hisobvarag‘iga;

5 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasining maxsus g‘azna hisobvarag‘iga;

5 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasiga;

qolgan qismi — ko‘chmas mulk joylashgan hududda tashabbusli budjetlashtirish doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishli tuman va shahar budjetlari orqali fuqarolar tashabbuslari jamg‘armalariga.

5-bob. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish chog‘idagi davlat va jamoatchilik nazorati

25-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish chog‘idagi davlat nazorati

Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish chog‘ida davlat nazorati, shu jumladan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hollarini barvaqt aniqlashga hamda ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar prokuratura va ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining, Kadastr agentligining hududiy bo‘linmalari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat nazoratini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlardan foydalaniladi.

26-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish chog‘idagi jamoatchilik nazorati

Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish chog‘idagi jamoatchilik nazorati fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

27-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga ko‘maklashish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan hududiy fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish birliklari bo‘yicha yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga ko‘maklashish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari (bundan buyon matnda jamoatchilik guruhlari deb yuritiladi) tashkil etiladi.

Jamoatchilik guruhi tarkibiga tegishli saylov okrugidan saylangan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputati, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi hamda har yuzta oiladan kamida bir nafardan fuqaro kiritiladi.

Jamoatchilik guruhlari:

yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish chog‘ida aniqlangan qonun buzilishlari hollari yuzasidan vakolatli davlat organlari xabardor qilinishini ta’minlaydi;

yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibi yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;

avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantirilgan ma’lumotlarni kuzatib boradi, zarur bo‘lgan taqdirda, ushbu ma’lumotlar bilan tanishishda fuqarolarga ko‘maklashadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari loyihalarining muhokamasida ishtirok etadi.

28-modda. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish hamda ularda binolar va inshootlar qurish bilan bog‘liq qonun buzilishlarini bartaraf etish

Ushbu Qonunga muvofiq huquqlar e’tirof etilmagan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish hamda ularda binolar va inshootlar qurish bilan bog‘liq qonun buzilishlarini bartaraf etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

29-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi.

30-modda. Ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ushbu Qonunga muvofiq e’tirof etilib, unga bo‘lgan huquq belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin mazkur yer uchastkasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va asoslarda xususiylashtirilishi mumkin.

31-modda. Nizolarni hal etish

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

Boshqa qonunlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etmaslik, bunday harakatlar uchun javobgarlik qo‘llash, binolar va inshootlarni o‘zboshimchalik bilan qurish bilan bog‘liq qonun buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi qoidalari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni ushbu Qonunda belgilangan muddatda va tartibda e’tirof etish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

32-modda. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

33-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

34-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

35-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi va amal qilish muddati

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ushbu Qonun 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.