Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 7-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 20-fevralda ma’qullangan

Keyingi yillarda mamlakatimizda yer uchastkalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish, shuningdek atrof-muhitning muhofaza qilinishini kuchaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash, iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga yer va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik, shaharsozlik reglamentlari talablariga rioya etilishini ta’minlash, yerdan foydalanuvchilarning, ijarachilarning va yer uchastkalari mulkdorlarining yer uchastkalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish maqsadida yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari respublikamizda skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar hududlarining hamda ularda ekilgan daraxtlarning muhofaza qilinishini kuchaytirish, ularning yerlarida bino va inshootlar qurilishining oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etilishini, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ularning hududlarini qisqartirish, mazkur hududlarda bino va inshootlar qurish taqiqlanishini, ushbu cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishini, botanika bog‘larini xususiylashtirish va ularning hududlarida qurilishni amalga oshirish taqiqlangan holda botanika bog‘larining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur Qonun yer uchastkalaridan foydalanish jarayonida yer va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlashga, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni hamda yashil hududlarni muhofaza qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga imkon beradi, shuningdek yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 1, 3-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 314-modda, № 12, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 12, 656-modda; 2007-yil, № 4, 158, 166-moddalar, № 6, 248-modda, № 9, 416, 422-moddalar, № 12, 607-modda; 2008-yil, № 4, 187, 188, 189-moddalar, № 7, 352-modda, № 9, 485, 487, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 128-modda, № 9, 329, 334, 335, 337-moddalar, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 5, 176, 179-moddalar, № 9, 341-modda, № 12, 471, 477-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430-modda, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 471-modda, № 9, 592-modda, № 11, 787-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 204-modda, № 7, 449-modda, № 10, 593-modda, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, № 3, 217-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 966, 968, 973-moddalar, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 466-moddalar, № 6, 575-modda, № 10, 981-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 187, 188-moddalar, № 4, 265-modda, № 5, 319-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 1, 8-modda, № 2, 111-modda, № 3, 245-modda, № 8, 818-modda, № 9, 954, 964-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1079, 1083-moddalar, № 11, 1186-modda, № 12, 1280, 1287-moddalar) 2294-moddasi ikkinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi mazmundagi “g” band bilan to‘ldirilsin:

“g) davlat mulki bo‘lgan hamda aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerning yoki uning bir qismining begonalashtirilishiga, uning hududi qisqartirilishiga sabab bo‘lsa”.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 246-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar, № 7, 629-modda, № 8, 826, 829, 831-moddalar, № 9, 954, 964, 965-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1078, 1083, 1084-moddalar, № 11, 1187, 1188, 1189-moddalar, № 12, 1279, 1280, 1282, 1286, 1287-moddalar) quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 65-modda:

birinchi qismining dispozitsiyasidagi “yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga nomuvofiq foydalanish” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

ikkinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan bir gektargacha maydonga ega yer uchastkasida sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash hamda muhofaza qilish, shu jumladan yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishini, tuproqning qayta tiklanishini va hosildorligi oshirilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi”;

uchinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan bir gektardan ortiq maydonga ega yer uchastkasida sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash hamda muhofaza qilish, shu jumladan yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishini, tuproqning qayta tiklanishini va hosildorligi oshirilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi”;

2) 67-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“67-modda. Vaqtincha egallab turilgan yer uchastkalarini o‘z vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanish uchun yaroqli holga keltirmaslik

Vaqtincha egallab turilgan yer uchastkalarini o‘z vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanish uchun yaroqli holga keltirish yuzasidan majburiyatlarni bajarmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”;

3) 68-modda nomi va birinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“68-modda. Yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish

Tasdiqlangan yer tuzish loyiha hujjatlaridan tegishli ruxsat bo‘lmay turib chetga chiqish, xuddi shuningdek tegishli organlar bilan kelishmay turib obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish va ularni foydalanishga topshirish”;

4) 681-modda:

birinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga, bino va inshootga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno”;

quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:

“Fuqarolar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga turar joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”;

5) quyidagi mazmundagi 682-modda bilan to‘ldirilsin:

“682-modda. Davlat kadastrlarini yuritish qoidalarini buzish

Davlat kadastrlarini yuritish bo‘yicha vakolatli organlarning mansabdor shaxslari tomonidan tegishli davlat kadastrlarini yuritish qoidalarini buzish, shuningdek Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritish uchun davlat kadastrlarining axborotini taqdim etishdan bo‘yin tovlash yoki noto‘g‘ri axborotni taqdim etish —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”;

6) 913-moddaning:

nomidagi “shuningdek chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylari bo‘yicha kadastr axborotlarini taqdim etish” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;

7) 245-moddaning birinchi qismi “67” raqamidan keyin “682” raqami bilan to‘ldirilsin;

8) 2661-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2661-modda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining organlari

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining organlariga ushbu Kodeksning 60-moddasi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida, 601-moddasida, 65-moddasida (yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga nomuvofiq foydalanishga oid qismida, bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar mustasno), 68-moddasida (bundan tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar, suv fondi yerlari mustasno), 681-moddasida va 69-moddasida (bundan qishloq xo‘jaligi yerlarining chegara belgilariga oid qismi mustasno) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va jarima solish tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga quyidagilar haqli:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori va uning o‘rinbosarlari;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining tumanlar (shaharlar) bo‘limlari boshliqlari”.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 82-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 161-modda, № 4, 199-modda, № 8, 469-modda, № 11, 792-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, № 1, 3-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 919-modda; 2024-yil, № 7, 629-modda, № 8, 831-modda, № 9, 958-modda, № 10, 1072-modda, № 11, 1193-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 9-modda:

quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

“Yerlardan asosiy foydalanish maqsadi yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlarini belgilash yo‘li bilan aniqlashtiriladi.

Yer uchastkalarining huquqiy rejimi ularning yer fondining muayyan toifasiga mansubligidan va ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turidan kelib chiqqan holda belgilanadi”;

uchinchi — yettinchi qismlari tegishincha beshinchi — to‘qqizinchi qismlar deb hisoblansin;

2) 10-moddaning:

to‘rtinchi qismidagi “asosiy foydalanish maqsadini” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

beshinchi qismidagi “Foydalanish maqsadiga” degan so‘zlar “Ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

3) quyidagi mazmundagi 21-bob bilan to‘ldirilsin:

“21-bob. Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari, ularni o‘zgartirish tartibi va ruxsat etilgan foydalanishning belgilangan asosiy turidan qat’i nazar yer uchastkalaridan foydalanish

101-modda. Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turlari yer uchastkasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faoliyatning yo‘l qo‘yiladigan turlaridir.

Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari hududning funksional zonalashtirilishini belgilovchi shaharsozlik hujjatlari bilan asosiy, shartli ruxsat etilgan va yordamchi turi sifatida belgilanadi.

Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatoriga muvofiq ko‘rsatiladi.

102-modda. Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi yer uchastkasi qaysi faoliyatni yuritish maqsadlari uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘sha faoliyatning asosiy turini aks ettiradi.

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi u to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olishning integratsiyalashgan axborot tizimiga kiritilgan kundan e’tiboran belgilangan hisoblanadi.

103-modda. Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi yer uchastkasidagi faoliyat turi bo‘lib, uni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish va shaharsozlik reglamentida belgilangan shartlarga rioya etish talab qilinadi.

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi u to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olishning integratsiyalashgan axborot tizimiga kiritilgan kundan e’tiboran belgilangan hisoblanadi.

104-modda. Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turi

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turi yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga yoki yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turiga nisbatan qo‘shimcha hisoblanadigan, mustaqil bo‘lishi mumkin bo‘lmagan va faqat ushbu turlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan yer uchastkasidagi faoliyat turidir.

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turi hududning funksional zonalashtirilishini belgilovchi shaharsozlik hujjatlari tasdiqlangan kundan e’tiboran belgilangan hisoblanadi.

Ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turlariga muvofiq foydalaniladigan yer uchastkasining maydoni mazkur yer uchastkasining ruxsat etilgan foydalanishning asosiy yoki shartli ruxsat etilgan turiga muvofiq foydalaniladigan maydonidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy (shartli ruxsat etilgan) va yordamchi turlarining chegaraviy nisbati har bir hududiy zona uchun shaharsozlik reglamenti, shuningdek qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

105-modda. Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini o‘zgartirish tartibi

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini o‘zgartirish uning huquq egasining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini o‘zgartirish uchun ariza davlat xizmatlari markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini o‘zgartirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglament O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turini o‘zgartirish uning huquq egasi tomonidan shaharsozlik reglamentida nazarda tutilgan yordamchi turlar orasidan faoliyat turlarini tanlash yo‘li bilan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

106-modda. Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma olish tartibi

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma olish uning huquq egasining arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma olishga doir ariza davlat xizmatlari markazi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma jamoatchilik muhokamasi natijalarini inobatga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmalari hamda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi tegishli hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarining qarorlariga asosan beriladi.

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turi uchun ruxsatnoma olish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglament, shu jumladan yer uchastkalarining huquq egalari bilan ochiq muhokamalar o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanishning ayrim turlariga ruxsatnoma olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda to‘lov undirilishi mumkin.

107-modda. Ruxsat etilgan foydalanishning belgilangan asosiy turidan qat’i nazar yer uchastkalaridan foydalanish

Ruxsat etilgan foydalanishning belgilangan turidan qat’i nazar yer uchastkasidan:

geodeziya punktlarini, chegara, axborotga doir va boshqa belgilarni joylashtirish;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini servitut shartlarida joylashtirish;

muhandislik hamda geologik qidiruv va tadqiqotlarni amalga oshirish;

binolar va inshootlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun zarur bo‘lgan asosiy vositalarni, qurilishga doir hamda boshqa materiallarni bunday qurilish yoki rekonstruksiya qilish davrida qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtirish;

shaharsozlik reglamentlari talablariga muvofiq obodonlashtirish obyektlarini joylashtirish;

yerlarni rekultivatsiya qilishni amalga oshirish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun foydalanilishi mumkin”;

4) 15-moddaning birinchi qismidagi “yer uchastkalarining joylashgan manzili va o‘lchamlari” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlari, yer uchastkalarining joylashgan manzili va o‘lchamlari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

5) 20-modda birinchi qismining birinchi xatboshisidagi “Yerlarning mo‘ljallangan asosiy maqsadiga” degan so‘zlar “Yerlardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

6) 241-moddaning beshinchi qismidagi “ulardan foydalanishning mazkur Kodeksning 20-moddasida nazarda tutilgan asosiy maqsadini saqlab qolish sharti bilan” degan so‘zlar “ulardan ushbu Kodeksning 20-moddasida nazarda tutilgan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini saqlab qolish sharti bilan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

7) 25-moddaning to‘rtinchi qismidagi “belgilangan maqsadlarda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

8) 29-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisidagi “asosiy foydalanish maqsadini” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

9) 301-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisidagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “undan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

10) 302-modda:

ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisidagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “undan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

uchinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “foydalanish maqsadini” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

11) 35-modda ikkinchi qismining 2-bandidagi “foydalanish maqsadi” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

12) 36-modda birinchi qismining 6-bandidagi “belgilanganidan boshqa maqsadlarda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga nomuvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

13) 39-modda birinchi qismi:

1-bandidagi “undan foydalanish maqsadiga” degan so‘zlar “undan ruxsat etilgan foydalanishning turlariga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

6-bandidagi “foydalanish maqsadi” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning turlari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi 11-band bilan to‘ldirilsin:

“11) qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini o‘zgartirish”;

14) 40-modda birinchi qismining:

1-bandidagi “yerdan belgilangan maqsadga muvofiq” degan so‘zlar “yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

6-bandidagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

15) 49-moddaning to‘rtinchi qismidagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

16) 51-moddaning oltinchi qismidagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

17) 64-modda:

birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “daraxtzorlar, bog‘lar, sayilgohlar, xiyobonlar” degan so‘zlar “o‘rmon-bog‘lar, skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Umumiy foydalanishdagi yerlarda faqat yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga mos keladigan imorat va inshootlar qurishga ruxsat beriladi, bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno”;

quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:

“Davlat mulki bo‘lgan hamda aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni yoki ularning bir qismini xususiylashtirish yoxud boshqacha tarzda begonalashtirish, ushbu yerlarda binolar va inshootlarni qurish (bundan yengil turdagi obyektlar, shuningdek obodonlashtirish va muhandislik infratuzilmasi obyektlari mustasno) yoki mavjud binolar va inshootlarning qurilish maydonlarini kengaytirish, shuningdek ushbu yerlarning hududini qisqartirish taqiqlanadi”.

18) 72-moddaning birinchi qismidagi “ularning belgilangan maqsadiga” degan so‘zlar “ulardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

19) 73-moddaning birinchi qismidagi “ularning belgilangan maqsadiga” degan so‘zlar “ulardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

20) 74-moddaning birinchi qismidagi “ularning belgilangan maqsadiga” degan so‘zlar “ulardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

21) 75-moddaning birinchi qismidagi “ularning belgilangan maqsadiga” degan so‘zlar “ulardan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlariga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

22) 85-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi “yer uchastkalaridan belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

23) 90-modda ikkinchi qismining:

ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga nomuvofiq foydalanganlikda”;

yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“vaqtincha egallab turilgan yer uchastkalarini qaytarish muddatini buzganlikda yoki ularni ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanishga yaroqli holatga keltirishga oid majburiyatlarni bajarmaganlikda”.

4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi 602-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 26-avgustda qabul qilingan 662-II-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 9, 162-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 3, 119-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 9, 248-modda; 2012-yil, № 9/1, 238-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2016-yil, № 12, 383, 385-moddalar; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 4, 199-modda, № 12, 886-modda; 2020-yil, № 1, 2-modda, № 9, 540-modda, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 570-modda; 2024-yil, № 7, 629-modda, № 9, 958-modda, № 10, 1072, 1080-moddalar) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 13-moddaning ikkinchi qismidagi “qat’iy belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 17-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“yer uchastkasidan qonunchilikda va ijaraga olish shartnomasida belgilangan shartlar asosida, ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq samarali va oqilona foydalanilishini ta’minlashi”.

5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 28-avgustda qabul qilingan “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi 666-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 432-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 14-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi “foydalanish maqsadi” degan so‘zlardan keyin “yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turi” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

2) 20-moddaning birinchi qismi “qaysi maqsadda foydalanish mo‘ljallanganligini” degan so‘zlardan keyin “va ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi 710-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 14-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 9, 244-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar; 2024-yil, № 8, 831-modda) quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin:

1) 5-moddaning ikkinchi qismidagi “milliy bog‘lar” degan so‘zlar “milliy bog‘lar, botanika bog‘lari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) X bobning nomidagi “milliy bog‘lar” degan so‘zlar “milliy bog‘lar, botanika bog‘lari” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

3) quyidagi mazmundagi 451-modda bilan to‘ldirilsin:

“451-modda. Botanika bog‘lari

Botanika bog‘lari o‘simlik dunyosini va uning genetik fondini saqlab qolish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini o‘rganish, iqlimga moslash va takror ko‘paytirish, ilmiy, o‘quv hamda ta’lim ishlarini olib borish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha bilimlarni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etiladigan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardir.

Botanika bog‘lari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan tashkil etiladigan umumdavlat ahamiyatiga molik botanika bog‘lariga va mahalliy ahamiyatga molik botanika bog‘lariga bo‘linadi.

Botanika bog‘lari hududida ushbu bog‘larni tashkil etish maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan va o‘simlik dunyosining saqlanib qolishiga tahdid soluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi”.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-fevralda qabul qilingan O‘RQ-676-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 145-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 923-modda, № 12, 1010-modda; 2024-yil, № 8, 830, 831-moddalar, № 9, 961-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 3-moddaning:

o‘n to‘qqizinchi xatboshisidagi “yer uchastkalaridan va boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda turlarining” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarining, boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda turlarining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

yigirmanchi xatboshisidagi “yer uchastkalaridan foydalanish turlarini belgilash” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini belgilash” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 14-moddaning to‘rtinchi qismidagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

3) 80-moddaning:

ikkinchi qismidagi “foydalanish maqsadini” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

to‘rtinchi qismidagi “foydalanish maqsadini” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 1-aprelda qabul qilingan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-680-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 286-modda; 2022-yil, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 11, 919-modda; 2024-yil, № 10, 1072, 1080-moddalar) 10-moddasiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

birinchi qismdagi “yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

yettinchi qismdagi “belgilangan maqsadda” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

9-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 1-aprelda qabul qilingan “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-681-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 287-modda; 2023-yil, № 6, 446-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 6-moddaning ikkinchi xatboshisidagi “yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishini” degan so‘zlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 9-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisidagi “maqsadli va samarali foydalanilishini” degan so‘zlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq samarali foydalanilishini” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

3) 10-moddaning beshinchi xatboshisidagi “shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi” degan so‘zlar “shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 15-noyabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘RQ-728-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 11, 1060-modda; 2022-yil, № 6, 577-modda; 2023-yil № 10, 795-modda; 2024-yil, № 2, 107-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 11-moddaning:

birinchi qismidagi “yoxud yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat berilgan turlariga” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar vujudga kelgan doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida xususiylashtirish subyektlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari, shuningdek xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tasdiqlanguniga qadar xususiylashtirilishi mumkin”;

2) 12-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar)”;

3) 23-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “yoki yer uchastkasidan foydalanishning ruxsat berilgan turlarida” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

4) 25-moddaning birinchi qismidagi “yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat berilgan turlariga” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.

11-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 9-martda qabul qilingan “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi O‘RQ-821-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 3, 183-modda; 2024-yil, № 2, 107-modda, № 10, 1079-modda) 19-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “shu jumladan xiyobonlar va botanika bog‘lari” degan so‘zlar “shu jumladan tabiat bog‘lari, milliy bog‘lar va botanika bog‘lari, shuningdek skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

14-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

Toshkent sh.,

2025-yil 5-may,

O‘RQ-1061-son