O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida

Keyingi yillarda mamlakatimizda yerlarni muhofaza qilishga va yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlashga, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirishga, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvdan oqilona foydalanilishini ta’minlashga, shuningdek suvlarning zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga hamda uning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga yer munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatidan kelib chiqib, bo‘sh turgan yerlarni hisobga olish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirish, huquq egalarining yer uchastkalarini olganlik uchun haq to‘lashni amalga oshirish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari yer osti suvlarini yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlar uchun olish keskin o‘sganligi, shuningdek quduqlarni ruxsatsiz burg‘ilash va suvlardan nazoratsiz, hisobga olmasdan foydalanish hollari davom etayotganligi sababli yer osti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga davlat mulkidagi bo‘sh turgan yerlarning hisobga olinishini tashkil etishni, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishni, yer uchastkalarini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning turlariga aniqlik kiritilmoqda, sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha aniq talablar belgilanmoqda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash zarur bo‘lgan hollar kengaytirilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining va O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy nomlarini aniqlashtirishga, shuningdek Ma’muriy-hududiy birliklarning davlat reyestrida obyektni ma’muriy-hududiy belgilashning tizimli kodi to‘g‘risidagi axborot aks ettirilishiga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, shuningdek “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga yer osti suvlariga quduqlarni qonunga xilof ravishda burg‘ilash va xavfli geologik jarayonlarning oldini olishga doir ko‘rsatmalar talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilashni, yer osti suvlari suv o‘lchash uskunalarisiz olinganda soliqni belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirishni, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilashga doir ruxsatnomani berish tartib-taomilini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ushbu Qonun yerlarni muhofaza qilish va yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, Ma’muriy-hududiy birliklar davlat reyestrining axborot tizimini takomillashtirishga, yer osti suvlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga va yer osti suv resurslaridan oqilona foydalanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 245-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar, № 7, 629-modda, № 8, 826, 829, 831-moddalar, № 9, 954, 964, 965-moddalar, № 10, 1070, 1071, 1073, 1077, 1078, 1083, 1084-moddalar, № 11, 1187, 1188, 1189-moddalar, № 12, 1279, 1280, 1282, 1286, 1287-moddalar; 2025-yil, № 1, 5, 8-moddalar, № 2, 187, 188, 196, 198, 201-moddalar) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 74-modda:

to‘rtinchi qismining:

dispozitsiyasi “yer osti suvlaridan o‘zboshimchalik bilan suv olish” degan so‘zlardan keyin “yer osti suvlariga quduqni qonunga xilof ravishda burg‘ilash” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining olti baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

beshinchi qismining sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma bir baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

2) 2041-modda birinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risidagi, fuqaro muhofazasi to‘g‘risidagi qonunchilik, shuningdek xavfli geologik jarayonlarning oldini olish yuzasidan vakolatli davlat organining ko‘rsatmalari talablarini bajarmaslik”;

3) 2601-moddaning birinchi qismi “(yer osti suvlariga doir qismida)” degan so‘zlardan keyin “74-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 82-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 161-modda, № 4, 199-modda, № 8, 469-modda, № 11, 792-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, № 1, 3-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 919-modda; 2024-yil, № 7, 629-modda, № 8, 831-modda, № 9, 958-modda, № 10, 1072-modda, № 11, 1193-modda; 2025-yil, № 2, 188-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 6-moddaning oltinchi xatboshisi “davlat ro‘yxatiga olinishini” degan so‘zlardan keyin “davlat mulkida bo‘lgan bo‘sh turgan yerlarning hisobga olinishini” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

2) 7-moddaning oltinchi xatboshisi “davlat ro‘yxatiga olinishini” degan so‘zlardan keyin “davlat mulkida bo‘lgan bo‘sh turgan yerlarning hisobga olinishini” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

3) 8-modda 1-bandining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ushbu Kodeksning 43-moddasiga muvofiq turlarga bo‘linadi”;

4) 9-moddaning:

beshinchi va oltinchi qismlari quyidagi mazmundagi beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlar bilan almashtirilsin:

“Sug‘orilmaydigan yerlarni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish ushbu modda oltinchi qismining talablarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi, sug‘oriladigan yerlarni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlarga o‘tkazish esa ushbu Kodeksning 441-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Egalikda, foydalanishda yoki ijarada bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar ushbu Kodeksning 36-moddasida belgilangan tartibda bekor qilinganidan keyin va ular takroran berilguniga (realizatsiya qilinguniga) qadar amalga oshiriladi, bundan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlar qonunda belgilangan tartibda e’tirof etilgan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish hollari mustasno.

Yer fondining toifasi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) to‘g‘risidagi hujjatlarda, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishini belgilovchi hujjatlarda hamda davlat yer kadastri hujjatlarida, shuningdek Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan elektron ko‘chirmalarda ko‘rsatiladi”;

yettinchi qismi sakkizinchi qism deb hisoblansin;

5) 12-moddaning to‘qqizinchi qismi “tuproq eroziyasiga qarshi kurashish tadbirlarini ishlab chiqishni” degan so‘zlardan keyin “qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan qurilish obyektlarini joylashtirishni (qurishni)” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

6) 13-moddaning to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari tumanlar va shaharlar hokimlari tomonidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan qurilish obyektlarini joylashtirishni (qurishni) nazarda tutuvchi ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari esa viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi. Yer tuzish loyihalariga o‘zgartirishlar ushbu loyihalarni tasdiqlagan organlarning ruxsati bilan kiritiladi. Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan qurilish obyektlarining turlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;

7) 28-moddaning:

birinchi qismi “O‘zbekiston Respublikasida” degan so‘zlardan keyin “yer uchastkalarini olganlik va” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan almashtirilsin:

“Yer uchastkalarini olgan yuridik va jismoniy shaxslar ushbu Kodeksga muvofiq elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra yoki baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadigan miqdorda haq to‘laydi, shuningdek qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplaydi.

O‘z egaligida va foydalanishida hamda mulkida yer uchastkalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yerlardan foydalanganlik uchun haq to‘laydi. Yerdan foydalanganlik uchun haq har yili to‘lanadigan yer solig‘i shaklida olinadi, uning miqdori yer uchastkasining sifatiga, joylashishiga va suv bilan ta’minlanish darajasiga qarab belgilanadi”;

uchinchito‘rtinchi va beshinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin;

8) 36-modda:

birinchi qismi quyidagi mazmundagi 91-band bilan to‘ldirilsin:

“91) yer uchastkasini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda — muddati o‘tgan qarzdorlik uning mavjudligi to‘g‘risida vakolatli organlar tomonidan ogohlantirish berilgan sanadan e’tiboran olti oy ichida bartaraf etilmaganda”;

quyidagi mazmundagi sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

“Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinganda, mazkur yer uchastkasi zaxira yerlar toifasiga o‘tkazilmaydi hamda tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining tasarrufida bo‘lgan bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olinadi.

Tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining tasarrufida bo‘lgan bo‘sh turgan yer uchastkalari o‘n besh kunlik muddatda tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan davlat yer kadastrida hisobga olinishi hamda ushbu yerlarni boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berish (realizatsiya qilish) choralari ko‘rilishi kerak”;

9) 43-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi mazmundagi ikkinchi — beshinchi qismlar bilan almashtirilsin:

“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar:

foydalanish turiga ko‘ra — qishloq xo‘jaligi yerlariga va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga;

suv bilan ta’minlanish darajasiga ko‘ra — sug‘oriladigan yerlarga va sug‘orilmaydigan yerlarga bo‘linadi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari haydaladigan yerlarga (sug‘oriladigan va lalmi ekin yerlari), ko‘p yillik dov-daraxtlar (bog‘lar, tokzorlar, tutzorlar, mevali daraxt ko‘chatzorlar va boshqa ko‘p yillik dov-daraxtlar) egallagan yerlarga, tashlandiq yerlarga, pichanzorlarga va yaylovlarga bo‘linadi. Qishloq xo‘jaligi yerlari maxsus muhofaza qilinishi lozim.

Qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlar ihota daraxtzorlari, ichki xo‘jalik yo‘llari, kommunikatsiyalar, suv havzalari, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan binolar va inshootlar egallagan yerlarga bo‘linadi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishga (qurishga) yo‘l qo‘yiladi. Bunda mazkur yerlar ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga asosan qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlar sifatida hisobga olinadi.

Agar qonunchilikda boshqacha hollar nazarda tutilmagan bo‘lsa, yer fondining boshqa toifalariga taalluqli bo‘lgan yerlar tarkibidagi haydaladigan yerlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar, tashlandiq yerlar, pichanzorlar va yaylovlar davlat yer kadastrida qishloq xo‘jaligi yerlari sifatida hisobga olinadi hamda maxsus muhofaza qilinadi”;

to‘rtinchi va beshinchi qismlari tegishincha oltinchi va yettinchi qismlar deb hisoblansin;

10) 44-moddaning ikkinchiuchinchi va to‘rtinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yer fondining boshqa toifalariga taalluqli bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar ham davlat yer kadastrida sug‘oriladigan yerlar sifatida hisobga olinadi. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mazkur yerlarga nisbatan ushbu Kodeksda sug‘oriladigan yerlar uchun belgilangan barcha talablar va shartlar tatbiq etiladi”;

Suv xo‘jaligi organlari sug‘oriladigan yeri bo‘lgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilarni manbalarning sersuvligini hisobga olgan holda joriy etilgan limitlar bo‘yicha suv to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilanadigan tartibda suv bilan ta’minlashi shart.

Sug‘oriladigan yerlardan faqat qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, shuningdek bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘p yillik dov-daraxtlar yetishtirish uchun foydalanilishi mumkin”;

11) quyidagi mazmundagi 441-modda bilan to‘ldirilsin:

“441-modda. Sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlarga o‘tkazish

Sug‘oriladigan yerlar maxsus muhofaza qilinishi lozim. Ushbu yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlarga o‘tkazish alohida hollarda, tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, yerlarning suv bilan ta’minlanganligi darajasi, shuningdek suv resurslarining mavjudligi hamda ularga doir limitlar hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining xulosalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xulosalarni olish uchun viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar taqdim etiladi:

1) yer uchastkasining joylashgan joyi, maydoni, kadastr raqami, konturlari soni va raqami, tuproq tipi, tarkibi, sifati va unumdorligi, suv bilan ta’minlanganlik darajasi, yerga bo‘lgan huquq egasi;

2) yer uchastkasini bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olish to‘g‘risidagi qarorning sanasi va raqami, bundan yer uchastkasidan qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlar sifatida foydalanish hollari mustasno;

3) yer uchastkasidan keyingi besh yil ichida foydalanish holati, bundan buyon undan sug‘oriladigan yerlar sifatida foydalanish maqsadga muvofiq emasligini asoslovchi tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, suv bilan ta’minlanish darajasidagi o‘zgarishlar, shuningdek ushbu vaziyatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan va ularni bartaraf etishga to‘sqinlik qiladigan holatlar;

4) qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining miqdori, ularning o‘rnini qoplash manbalari va muddatlari, qoplashdan tushgan mablag‘larni sarflash yo‘nalishlari;

5) tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish tadbirlari, ushbu tadbirlarni amalga oshirish muddatlari, ijrochilari va moliyalashtirish manbalari;

6) o‘sha hududning o‘zida yoki boshqa ma’muriy-hududiy birlikda joylashgan, sug‘oriladigan yerlar o‘rniga ularning maydonidan kam bo‘lmagan miqdorda ikki yil ichida yangidan o‘zlashtiriladigan va sug‘oriladigan yerlarga o‘tkaziladigan yer uchastkalari to‘g‘risida ushbu qismning 1-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlar, ushbu tadbirlarni amalga oshirish muddatlari, ijrochilari va moliyalashtirish manbalari;

7) yer uchastkasidan kelgusida foydalanish maqsadi. Bunda sug‘oriladigan yerlarni sanoat obyektlari, yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratishga ushbu maqsadlar uchun ilgari ajratilgan hududlarda bo‘sh turgan yer uchastkalari qolmagan taqdirda hamda renovatsiya va rekonstruksiya qilish orqali mavjud quvvatlarni oshirish choralari ko‘rilganidan keyin, shuningdek sanoat maqsadlarida ko‘p qavatli ishlab chiqarish maydonlarini ustuvor tartibda qurish sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilgan taqdirda har bir organ bildirilgan taklifni amalga oshirishning maqsadga muvofiq ekanligi yoki maqsadga muvofiq emasligi haqida bir oy ichida o‘z xulosasini taqdim etadi. Sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlarga o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida kamida ikkita organ tomonidan xulosalar taqdim etilgan hollarda mazkur masala ko‘rib chiqilmaydi.

Xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan Hukumat komissiyasi tomonidan umumlashtiriladi va ko‘rib chiqish uchun yarim yilda bir marta farmoyish loyihasi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi loyihasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlar to‘liq ko‘rsatilishi kerak”;

12) 451-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinishi munosabati bilan tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining tasarrufiga qaytarilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridir.

Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari belgilangan tartibda tuman, shahar hokimining qaroriga asosan davlat yer kadastrida hisobga olinadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun berish faqat bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari hamda zaxira fondi yerlari hisobidan amalga oshiriladi”;

13) 87-modda:

ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

“qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda va o‘rmon fondi yerlarida ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan qurilish obyektlarini joylashtiradigan (quradigan) yuridik va jismoniy shaxslar”;

quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

“Yer uchastkasi bo‘lingan hamda bir nechta yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan (realizatsiya qilingan) taqdirda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni bo‘lingan yer uchastkalarining maydoniga mutanosib ravishda qoplanadi.

Yer uchastkalari elektron onlayn-auksion vositasida realizatsiya qilinganda, shuningdek baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan bozor qiymati bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri realizatsiya qilinganda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari miqdori alohida ko‘rsatilishi va to‘lanishi kerak”;

uchinchito‘rtinchi va beshinchi qismlari tegishincha beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlar deb hisoblansin;

oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qolgan barcha hollarda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni to‘liq qoplanishi lozim. O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun xarajatlar smetalarida qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash uchun mablag‘lar nazarda tutilishi kerak”.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076-modda, № 11, 1190-modda, № 12, 1283, 1284, 1296, 1297-moddalar, № 2, 188, 194-moddalar) 445-moddasiga quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:

ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi “1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi” degan so‘zlardan keyin “bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.

quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:

“Yer osti suv manbalaridan suv o‘lchash uskunalarisiz suv olinganda soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining besh baravari miqdorida belgilanadi. Bunda mazkur qoida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sutkasiga 5 metr kubgacha bo‘lgan hajmda yer osti suvlarini yakka tartibda olish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi”.

4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 28-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi O‘RQ-635-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 8, 492-modda; 2021-yil, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 574-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 11-moddaning:

nomidagi “Davlat soliq qo‘mitasi” degan so‘zlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

birinchi xatboshisidagi “Davlat soliq qo‘mitasi” degan so‘zlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

2) 12-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi rahbarlari kiritiladi”;

3) 15-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ma’muriy-hududiy birliklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan ularni Ma’muriy-hududiy birliklarning davlat reyestriga kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha takliflar yoki iltimosnomalar taqdim etgan davlat organlari vakolatli davlat organlari tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan keyin o‘n ish kuni ichida tegishli hujjatlarni Ma’muriy-hududiy birliklarning davlat reyestriga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiga kiritishi shart.

Ma’muriy-hududiy birliklarning davlat reyestri quyidagilar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga oladi:

ma’muriy-hududiy birliklarning toifalari va nomlari;

obyektni ma’muriy-hududiy belgilashning tizimli kodi (ma’muriy-hududiy birlikning mansubligini aniqlovchi kod);

ma’muriy-hududiy birliklarning ma’muriy markazlari;

ma’muriy-hududiy birliklarning tavsiflari va kartografik chizmalari;

ma’muriy-hududiy birliklarni tuzish, tugatish va ularning chegaralarini o‘zgartirish, ma’muriy-hududiy birliklarning ma’muriy markazlarini belgilash va ko‘chirish, ma’muriy-hududiy birliklar bo‘ysunuvini o‘zgartirish sanalari;

ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga kiruvchi ma’muriy-hududiy birliklarning obyektni ma’muriy-hududiy belgilashning tizimli kodi ko‘rsatilgan ro‘yxati;

ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga kiruvchi ma’muriy-hududiy birliklarning ro‘yxati;

ma’muriy-hududiy birlikning muayyan ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga mansubligi;

ma’muriy-hududiy birliklar maydoni va ularning hududida yashaydigan aholi soni (aholini oxirgi ro‘yxatga olish ma’lumotlari bo‘yicha)”;

4) 45-moddaning matnidagi “Davlat soliq qo‘mitasi” degan so‘zlar “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-701-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819-modda, № 9, 957, 958-moddalar; 2025-yil, № 1, 3, 6-moddalar, № 2, 189, 197-moddalar) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 2-ilovaning 57-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

     
57. Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash bo‘yicha faoliyatga doir ruxsatnoma Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash bo‘yicha faoliyat. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi
      ”;

2) 4-ilova II bo‘limining 48-pozitsiyasi kuyidagi tahrirda bayon etilsin:

   
48. Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash bo‘yicha faoliyatga doir ruxsatnoma 150
    ”.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

8-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ushbu Qonun 1-moddasi, 2-moddasi 8-bandining uchinchi xatboshisi35-moddalari mazkur Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 5-may,

O‘RQ-1062-son