
Raqamli agrar islohotlar: O‘zbekiston tajribasi Koreya delegatsiyasi e’tiborida
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ direktori U. Maxmudov Janubiy Koreyaning “Firmmit Co Ltd” kompaniyasi bosh direktori Park Sunkee boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, xususan, Markaz tomonidan ishlab chiqilgan raqamli platformalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Platformalarning funksional imkoniyatlari, integratsiyalashuv darajasi, xizmat bosqichlari haqida tushuntirildi.
Alohida e’tibor sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilayotgan yangi tizimlarga qaratildi. Ayniqsa, hosildorlikni bashorat qilish, kasalliklarni aniqlash kabi aqlli texnologiyalar koreyalik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Delegatsiya vakillari muloqot davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va O‘zbekistonning raqamli agrar infratuzilmasini yuqori baholadilar.
Uchrashuv doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va texnologik yechimlar bo‘yicha aloqalarni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.