
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
2025-yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorni don bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
G‘alla bozorini erkinlashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda ularning narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining 2025-yil hosilidan jami 2 850 ming tonna bug‘doyning:
1 650 ming tonnasini fermer xo‘jaliklari hamda boshqa bug‘doy yetishtiruvchilar (keyingi o‘rinlarda — bug‘doy yetishtiruvchilar) tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tijorat vakillari (keyingi o‘rinlarda — tijorat vakillari) omborlarida vaqtincha saqlashga qabul qilish;
1 000 ming tonna tovar bug‘doyni davlat resursi sifatida;
200 ming tonnasini urug‘lik uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
respublika tijorat banklari bug‘doy yetishtiruvchilar kesimida 2025-yil g‘alla hosilini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hamda urug‘lik bug‘doydan yuzaga kelgan qarzdorliklarni so‘ndirishga talab etiladigan boshoqli don hajmlari bo‘yicha hisob-kitoblarni uch kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan bug‘doy yetishtiruvchilar kesimida bug‘doy topshirish hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga yuboradi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu hisob-kitoblarga asosan bug‘doy keyinchalik birja savdolarida sotish uchun tijorat vakillari omborlarida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinishini ta’minlaydi.
- Quyidagilar:
2025-yil hosilidan vaqtincha saqlash, davlat resursi va urug‘lik uchun bug‘doyni qabul qiladigan omborlar dislokatsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
2025-yil hosilidan davlat resursiga xarid qilinadigan bug‘doyning sinflar kesimidagi narxlarini aniqlash koeffitsiyentlari 2-ilovaga muvofiq;
2026-yil hosili uchun tayyorlanadigan urug‘lik bug‘doyni vernalizatsiya qilish uchun sovitkichli omborxonalarda saqlash hajmlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki:
- a) 2025-yil g‘alla hosilidan boshlab, davlat resursiga xarid qilinadigan bug‘doy bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ (keyingi o‘rinlarda — birja) har yili 1-iyunga qadar tegishli yilning yanvar — aprel oylarida 3-sinf bug‘doy uchun birjada shakllangan o‘rtacha narxdan kelib chiqib, 3-sinf bug‘doy uchun o‘rtacha narxni o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi;
- b) davlat resursiga xarid qilinadigan bug‘doy uchun hisob-kitoblar birjaning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan narxlarga bug‘doyning sinflar kesimidagi narxlarini aniqlash koeffitsiyentlarini qo‘llagan holda amalga oshiriladi;
- v) Jamg‘arma davlat resursiga xarid qilingan bug‘doy tijorat vakiliga topshirilgan kundan e’tiboran ikki hafta muddatda bug‘doy uchun to‘lovlarni bug‘doy yetishtiruvchining 23210 maxsus hisobvaraqlariga o‘tkazib beradi;
- g) vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadigan tovar bug‘doyning:
saqlash xarajatlari Jamg‘armaning tijorat vakili va bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq 2026-yil 1-yanvarga qadar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan;
tashib keltirish bilan bog‘liq transport xarajatlari, qabul qilish va xaridorlarga yuklab jo‘natish xarajatlari tijorat vakili hamda bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq naqd va o‘zaro hisob-kitob orqali bug‘doy yetishtiruvchilar hisobidan to‘lab beriladi;
- d) vaqtincha saqlash uchun qabul qilinib, tijorat vakilining don saqlash sig‘imida saqlanayotgan bug‘doy hajmida kamomad yoki me’yordan ortiqcha yo‘qotishlar (kamayish) aniqlanganda, yuzaga kelgan kamomad qiymati kamomad aniqlangan kundagi bug‘doyning birja savdolaridagi narxiga 100 foiz ustama qo‘llagan holda tijorat vakilidan bug‘doy yetishtiruvchilar foydasiga undiriladi;
- e) bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan respublika hududida ekishga tavsiya etilmagan bug‘doy navlaridan, sifatsiz tayyorlangan va dorilanmagan urug‘lardan ekish uchun foydalanish holatlari aniqlanganda, ularga ushbu yil hosili uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi va yetishtirilgan hosilning davlat resurslariga sotilishi taqiqlanadi;
- j) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi, Jamg‘arma va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi bilan birgalikda har chorakda va har kalendar yilning 1-may holatiga o‘tgan yillarda davlat zaxirasi, davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urug‘lik uchun qabul qilingan bug‘doy qoldig‘ini to‘liq geometrik o‘lchovdan o‘tkazadi.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat resursiga xarid qilingan, shuningdek, vaqtincha saqlashga qabul qilingan tovar bug‘doyni barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotishga;
Jamg‘armaning tijorat vakili bo‘lgan donni qayta ishlash quvvatiga ega bug‘doy yetishtiruvchilarga o‘zlari yetishtirgan tovar bug‘doyni o‘z omboriga vaqtincha saqlashga qabul qilib, ushbu bug‘doydan 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda un ishlab chiqarib, birja savdolari orqali sotish majburiyatini olganda, tovar bug‘doyni grafik asosida qayta ishlab sotishga;
bug‘doy yetishtiruvchilarga urug‘lik bug‘doy uchun urug‘lik tayyorlash korxonalari oldidagi, shuningdek, bug‘doyni tashish, qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish xarajatlari bo‘yicha tijorat vakillari oldidagi qarzdorliklarini vaqtincha saqlashdagi tovar bug‘doy hisobidan urug‘lik tayyorlash korxonalari hamda tijorat vakillari bilan o‘zaro shartnomalar asosida qoplashga ruxsat beriladi.
Ushbu hisob-kitoblarda bug‘doyning qiymati joriy yil uchun birjada e’lon qilingan 3-sinf bug‘doyning o‘rtacha narxidan past bo‘lmasligi lozim.
Urug‘lik bug‘doy tayyorlash korxonalari, tijorat vakillari va Jamg‘arma o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomaga asosan debitor qarzdorliklar undiriladi.
- Tijorat vakillari omborlarida vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan bug‘doyni birja savdolarida sotishdan tushgan mablag‘lar, birinchi navbatda, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlar hamda urug‘lik bug‘doydan yuzaga kelgan qarzdorliklarni so‘ndirishga yo‘naltirilsin.
- Urug‘lik tayyorlash korxonalari qabul qilingan urug‘lik bug‘doy uchun hisob-kitoblarni Jamg‘arma tomonidan tijorat banklariga joylashtiriladigan kredit resurslari hisobidan ikki bosqichda amalda oshiradi:
birinchi bosqichda — urug‘lik bug‘doyning har tonnasiga joriy yil hosili 3-sinf bug‘doyi uchun birjada e’lon qilingan o‘rtacha narxda;
ikkinchi bosqichda — urug‘lik sifatida amalda sotilgan (elektron hisob-faktura asosida) bug‘doyning har tonnasi uchun Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 12-oktabrdagi 641-son qarorida boshoqli don urug‘larining avlodlari uchun belgilangan ustamalarni qo‘llagan holda qayta hisob-kitob qilinadi.
Bunda:
barcha urug‘lik yetkazib bergan xo‘jaliklar bilan hisob-kitoblar tayyorlangan umumiy urug‘lik hajmi va amalda sotilgan urug‘lik nisbatida aniqlanadigan ulushga muvofiq miqdorda amalga oshiriladi;
Jamg‘arma urug‘lik bug‘doyni xarid qilish, tayyorlash va sug‘urtalash xarajatlarini kreditlash uchun 12 oy muddatga (shundan 6 oy imtiyozli davr bilan), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridan 4 foiz bandga past stavkada kredit resurslarini urug‘lik bug‘doy tayyorlash korxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga joylashtiradi;
tijorat banklari ushbu kredit resurslari hisobidan urug‘lik bug‘doy tayyorlash korxonalariga sug‘urta polisi asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 12 oy muddatga (shundan 6 oy imtiyozli davr bilan) kredit ajratadi;
urug‘lik tayyorlash korxonalarining bank hisobvaraqlariga urug‘lik bug‘doyni sotishdan tushgan mablag‘lar, birinchi navbatda, Jamg‘arma resurslari hisobidan ajratilgan kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda urug‘lik bug‘doy tayyorlash korxonalari tomonidan yetkazib berilgan urug‘lik bug‘doy uchun qarzlarni 2026-yil hosili uchun bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratiladigan imtiyozli kreditlar hisobidan ustuvor ravishda to‘lab berilishini tashkil etadi;
urug‘lik bug‘doy hisob-kitobini amalga oshirish uchun tijorat banklari Jamg‘armaga alohida kredit buyurtmalari taqdim etadi hamda ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘larning boshqa yo‘nalishlarga sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda urug‘lik tayyorlash korxonalari qabul qilingan urug‘lik bug‘doy uchun bug‘doy yetishtiruvchilar bilan hisob-kitoblarni yuritish tartibini tasdiqlasin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, tijorat vakillari, g‘allachilik klasterlari bilan birgalikda:
hududlarning ichki imkoniyatini inobatga olgan holda 2025-yil hosilidan tayyorlangan urug‘lik bug‘doyni sovitkichli omborxonalarda saqlab, ularning tinim davrini o‘tagan holda ekish amaliyotini joriy etsin;
urug‘lik bug‘doy tayyorlash korxonalarida 2026-yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik bug‘doy to‘dalarini nav va avlodlar bo‘yicha tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash ishlarini 2025-yil 15-avgustga qadar yakunlasin.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki hafta muddatda tayyorlangan urug‘liklarni sovitkichli omborxonalarda saqlash tartibini tasdiqlasin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir hafta muddatda urug‘lik to‘dalarini (partiya) sovitkichli omborxonalarda saqlanishi bo‘yicha tasdiqlangan manzilli ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
- a) o‘n kun muddatda:
Transport vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2025-yil bug‘doy hosilini tashishning tavsiyaviy tariflarini;
tijorat vakillari hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan birgalikda bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish bo‘yicha xizmatlar tarifining cheklangan darajasini tasdiqlasin va joylarga yetkazilishini ta’minlasin;
- b) Jamg‘arma va birja bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari tomonidan bug‘doy yetishtiruvchilar kesimida tasdiqlangan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan bug‘doyni birja savdolariga qo‘yish bo‘yicha oylik grafiklarni umumlashtirgan holda tasdiqlasin va kelgusi oyda birja savdolariga qo‘yiladigan bug‘doy hajmlarini joriy oyning 30-sanasiga qadar birjaning rasmiy veb-sahifasiga joylashtirib borsin;
- v) Jamg‘arma bilan birgalikda:
davlat resursiga xarid qilingan bug‘doyni birja savdolariga qo‘yish bo‘yicha oylik grafikni 2025-yil 30-sentabrga qadar ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
kelgusi oylarda birja savdolariga qo‘yiladigan bug‘doy hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kalendar oy boshlanishidan ikki kun oldin birjaning rasmiy veb-sahifasiga joylashtirish uchun taqdim etib borsin;
zarur hollarda ichki bozorda bug‘doy narxlari keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bug‘doy tanqisligi kuzatilgan hududlar uchun birja savdolariga qo‘shimcha bug‘doy qo‘yish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Bunda tijorat vakillari tomonidan bug‘doy tanqisligi kuzatilgan hududlarda tovar bug‘doyni xarid qilish va sotish jarayonida qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmaydi va sotishda soliq solish bazasiga kiritilmaydi.
- Tijorat vakillari omborlarida vaqtincha saqlashga qabul qilingan bug‘doy birja savdolariga oyma-oy grafik asosida qo‘yilishini inobatga olib:
2024-yil hosili uchun bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati, istisno tariqasida, 2025-yil 1-sentabrga qadar;
2025-yil hosili uchun bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati, istisno tariqasida, 2026-yil 1-aprelga qadar uzaytirilsin.
Bunda Jamg‘arma tomonidan bug‘doy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga joylashtirilgan kredit resurslarini qaytarish muddati mutanosib ravishda uzaytiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur qarorning 5-bandigamuvofiq bug‘doyni qayta ishlashga yo‘naltirgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotlarining birja savdolariga grafik asosida chiqarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
- Jamg‘arma tomonidan tijorat vakillariga o‘tkazib beriladigan va qaytariladigan mablag‘lar hamda tijorat vakillari omborlarida vaqtincha saqlashga bug‘doy topshirgan bug‘doy yetishtiruvchilarning mahsulot sotishdan tushgan mablag‘lari harakati qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruvga qaratilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlarda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
- Jamg‘armaga donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni, shuningdek, Jamg‘arma, tijorat vakili va bug‘doy yetishtiruvchilar o‘rtasidagi moliyaviy hisob-kitoblar tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ishga tushirilgan “d-xarid.uz” axborot tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berilsin.
Bunda “d-xarid.uz” axborot tizimini xarid qilish bahosi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Jamg‘arma hamkorligida o‘tkaziladigan ekspertiza yakunlari bo‘yicha aniqlanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga va Markaziy bankka 2025-yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va sotishda shaffoflikni ta’minlash, to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi hamda ajratilgan kreditlar so‘ndirilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatish tavsiya etilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda yo‘llarda g‘alla o‘rish va don tashish texnikalarining harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, g‘alla maydonlarida yong‘in kelib chiqishining oldini olish, shuningdek, yetishtirilgan hosilning talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘rsin.
- Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarorigaasosan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tayyor holda import qilingan yangi zamonaviy g‘alla o‘rish kombayni va paxta terish mashinasi hamda ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorlarni qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berish uchun Jamg‘arma tomonidan 2025-yilda moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilsin.
Bunda 2025-yilda ushbu resurslar asosida xarid qilingan texnikalarga Jamg‘arma tomonidan texnikalar uchun qonunchilikda belgilangan subsidiya va kompensatsiyalar ajratilmaydi.
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovagamuvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 31-may,
345-son