O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PF–7-son Farmonining 8 va 9-bandlarida belgilangan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 7-apreldagi 89-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash doirasida joylarda keng qamrovli o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

Mazkur xizmat safari Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ rahbariyati va ishchi guruh a’zolari ishtirokida tashkil etilib, Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi qator hududlarda olib borildi.

Tashrif davomida AgroDocs, Hosil-qabuli va AgroTarozi dasturlaridan foydalanish jarayonlari, axborot tizimlarining amaldagi holati, infratuzilma bilan uzviy integratsiyasi va foydalanuvchi tajribasi atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, g‘alla qabul qilish jarayonlari va u bilan bog‘liq texnologik jarayonlar ham sinchiklab o‘rganildi.

O‘rganish natijalari sohada raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, mavjud axborot tizimlarini takomillashtirish va ularning samaradorligini oshirish borasida aniq taklif va amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu jarayonlar qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida boshqarish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli infratuzilmani kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etiladi.