
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida
2025-yil 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalarni samarali ijro etish hamda axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar (keyingi o‘rinlarda — kiberjinoyatlar)ga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida qaror qilaman:
Ustuvor vazifalar
- Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida yagona ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, bu borada barcha mas’ul davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda manzilli hamkorligini tashkil etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilansin.
- Mas’ul davlat organlari, tashkilotlar, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining har biriga kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining kibermadaniyatini yuksaltirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha qat’iy javobgarlik yuklatilsin.
- Banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari uchun o‘z kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilansin.
- Normativ-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish
- Ichki ishlar vazirligi (Tashpulatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar bugungi kundagi amaliyot, zamon talablari hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni kompleks o‘rgangan holda sohaning ustuvor yo‘nalishlari va ishlash mexanizmlari, shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish va fosh etishda davlat organlari, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining aniq mas’uliyatini belgilaydigan “Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va Markaziy bankning quyidagi takliflari ma’qullansin:
(a) kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasidan, bank hisobraqamidan, SIM kartasidan hamda elektron hamyonidan (elektron akkauntlar) foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar (drop) uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar belgilash;
(b) axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi amaldagi normalarni oqibat mavjud bo‘lmasada, javobgarlik yuzaga kelishi nuqtai nazaridan takomillashtirish;
(v) banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish;
(g) jinoyat qonunchiligi bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralarini kuchaytirish;
(d) jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanishni javobgarlikni hamda jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash;
(e) huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bank siriga oid so‘rov va qarorlari ijrosini ta’minlashning aniq muddatlarini belgilashni hamda ularni bajarish mexanizm va talablarini yengillashtirishni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish.
- Ichki ishlar vazirligi (Tashpulatov), Davlat xavfsizlik xizmati (Kurbanov), Bosh prokuratura (Yo‘ldoshev) va Markaziy bank (Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur qaror bilan ma’qullangan takliflarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
III. Kiberjinoyatlarning oldini olish mexanizmlari
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) banklar va to‘lov tashkilotlarining o‘z axborot xavfsizligi siyosatiga va kiberxavfsizlik talablariga rioya etish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan har oy yakuni bo‘yicha tizimida eng ko‘p kiberjinoyatlar (zaifliklar va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan) qayd etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxatini ommaga e’lon qilish amaliyoti joriy qilinadi;
(b) Markaziy bank tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning tranzaksiyalarini monitoring qilish orqali aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”) alomatlari yoki shubhalar mavjud bo‘lgan holatlarni aniqlash hamda ular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tezkor xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
(v) Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili aholining kibermadaniyatini yuksaltirishga va kibergigiyenasini shakllantirishga qaratilgan kompleks targ‘ibot-tashviqot dasturi tasdiqlanadi hamda ijrosi qat’iy nazoratga olinadi.
- Kiberjinoyatlarning oldini olish yo‘nalishidagi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida quyidagilarga alohida e’tibor qaratilsin:
(a) respublika miqyosida har yilning noyabr oyini “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilish;
(b) kiberjinoyatlarning yangi shakllari va ularni sodir etish usullarini inobatga olish;
(v) kiberjinoyatlarning shakllari va ularni sodir etish usullari to‘g‘risida ogohlantirish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardagi maqsadli (target) reklama xizmatidan bepul tarzda foydalanish.
- Markaziy bank (Ishmetov) 2025-yil 1-sentabrga qadar quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni amalga oshirsin:
(a) banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari hamda kredit byurolarining tranzaksiyalari va boshqa zaruriy ma’lumotlarini Markaziy bankning yagona platformasiga integratsiya qilish;
(b) Markaziy bankda markazlashgan antifrod tizimini hamda banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining antifrod tizimlarini (session, tranzaksion va telekommunikatsiya) joriy etishni yakuniga yetkazish;
(v) platforma va maxsus himoya tizimlari bo‘yicha texnik topshiriq loyihalarini “Kiberxavfsizlik markazi” DUK, Ichki ishlar vazirligi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi bilan kelishilgan holda ishlab chiqish.
- Raqamli texnologiyalar vazirligi (Shermatov) manfaatdor idoralar va muassasalar bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar soxta qo‘ng‘iroqlarni cheklash tizimini to‘liq joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni yakunlasin.
- Markaziy bank (Ishmetov) 2025-yil yakuniga qadar:
(a) voyaga yetmaganlar banklarda hisobraqamlari va bank kartalarini ochishi bo‘yicha tegishli talablarni ishlab chiqib, amaliyotda joriy etsin;
(b) banklar ota-onalarni ularning voyaga yetmagan farzandlari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar haqida xabardor qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;
(v) kiberjinoyatlarni sodir etish uchun fuqarolar o‘zlarining bank hisobraqami, bank kartalari hamda elektron hamyonlari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslar (drop) reyestrini yuritishni ta’minlasin;
(g) banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘zining mobil ilovalariga antivirus himoya tizimlarini o‘rnatish hamda foydalanuvchi qurilmasida zararli dasturlar belgilari mavjudligi aniqlanganda ularni ogohlantirish amaliyotini joriy etish choralarini ko‘rsin.
- Kiberjinoyatlarni fosh etish mexanizmlari
- Ichki ishlar vazirligi (Tashpulatov), Markaziy bank (Ishmetov) bir oy muddatda kiberjinoyatlarni barvaqt to‘xtatish va tezkorlik bilan fosh etish, shuningdek, pul mablag‘larining respublika hududidan chiqib ketishini oldini olish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tezkor harakatlanish tizimini yaratish yuzasidan qo‘shma choralarni ko‘rsin:
(a) ichki ishlar organlari mas’ul bo‘linmalari so‘roviga asosan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan bloklash;
(b) shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni zudlik bilan ichki ishlar organlari mas’ul bo‘linmalariga taqdim etib borish.
- Tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov davomida sodir etilgan kiberjinoyatlar yuzasidan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilinganligi bo‘yicha xulosani “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan berish tartibi joriy etilsin.
- Belgilansinki:
(a) Bosh prokuraturaning ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tuzilmasida 6 ta shtat birligidan iborat kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qonuniylikni ta’minlash bo‘limi tashkil etiladi hamda hududiy prokuraturalar va Transport prokuraturasining ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limlarida uning guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 44 ta shtat birligi ajratiladi;
(b) mazkur tuzilmalar ichki ishlar organlarining kiberjinoyatlarni tergov qilish va fosh etish faoliyati jarayonida qonunchilik ijrosi ustidan prokurorlik nazoratini amalga oshiradi;
(v) tashkil etilayotgan tuzilmalar Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatiga jalb etilgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
- Bosh prokuratura (Samadov) mazkur qarorga muvofiq prokuratura tuzilmasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qonuniylikni ta’minlash yo‘nalishida tashkil etilayotgan tuzilmalar xodimlarini 2025-yil 1-iyulga qadar Huquqni muhofaza qilish akademiyasida maxsus qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish choralarini ko‘rsin.
- Ichki ishlar vazirligi (Tashpulatov):
(a) 2025-yil 1-sentabrga qadar Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Markaziy bank o‘rtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda tezkorlik bilan ma’lumotlar uzatish va kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rish maqsadida elektron ma’lumotlar almashinuv platformasini ishga tushirsin;
(b) Tashqi ishlar vazirligi (Saidov) bilan birgalikda kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlarining ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishi hamda malakasini oshirish maqsadida ularning chet el davlatlariga xizmat safarlarini amalga oshirish choralarini ko‘rsin.
- Tashqi ishlar vazirligi (Saidov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda idoralararo ishchi guruh tuzgan holda uch oy muddatda Yevropa Ittifoqining “Kompyuter jinoyatlari to‘g‘risida”gi Budapesht konvensiyasiga muayyan shartlar asosida qo‘shilish masalasini har tomonlama o‘rganib chiqishni ta’minlasin va bu borada asoslantirilgan takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.
- Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda ilmiy yondashuvlar
- Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga va raqamli tergovga ko‘maklashish markazi tashkil etilsin va quyidagilar uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
(a) kiberjinoyatlar sodir etilishiga sabab va shart-sharoitlarni aniqlash maqsadida tergovga qadar tekshiruv hujjatlarini, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni hamda jinoyat ishlarini ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish orqali asoslantirilgan tavsiyalar ishlab chiqish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish;
(b) kiberjinoyatlarni fosh etish va ularni tergov qilish amaliyotidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish;
(v) kiberjinoyatlar yo‘nalishida tergov faoliyati samaradorligini oshirish hamda ta’lim jarayonini takomillashtirishni ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlash.
- Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
- Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov va Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov belgilansin.
- Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-aprel,
PQ-153-son