“Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ direktori Utkir Maxmudov boshchiligidagi ishchi guruh Karakalpakstanda bo‘lib, “AgroTarozi” platformasini amaliyotga joriy etish bo‘yicha keng qamrovli o‘quv-amaliy seminar tashkil etdi.

Seminarda hududlardagi don qabul qilish korxonalari mas’ullari, laboratoriya xodimlari, tarozibonlar hamda agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir davomida platformaning ishlash tamoyillari, ma’lumotlarni tizimga aniq va ishonchli kiritish mexanizmlari hamda inson omili sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldini olish usullari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Mutaxassislar tomonidan “AgroTarozi” tizimining asosiy afzalliklari amaliy misollar orqali namoyish etildi. Xususan, sun’iy intellekt yordamida hosil og‘irligini qayd etish, ma’lumotlarni avtomatik tahlil qilish va qabul jarayonlarini raqamlashtirish imkoniyatlari seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu platforma:

  • g‘alla qabul qilish jarayonlarida aniqlikni oshirish,
  • inson omilini kamaytirish,
  • ma’lumotlarni yagona tizimda yuritish,
  • hisob-kitoblardagi tushunmovchiliklarning oldini olish,
  • jarayonlarni tezkor va shaffof tashkil etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ayni paytda bunday o‘quv-amaliy seminarlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Ishchi guruh vakillari uchta alohida guruh shaklida viloyatlardagi don qabul qilish maskanlarida bo‘lib, tizimni joriy etish va undan samarali foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Mutaxassislar fikricha, “AgroTarozi” platformasi kelgusida nafaqat g‘alla, balki boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish va monitoring qilishda ham muhim raqamli yechimga aylanishi mumkin.

Bu esa agrar tarmoqda:

  • shaffoflikni kuchaytirish,
  • boshqaruv samaradorligini oshirish,
  • ma’lumotlar bazasini yagona tizimga integratsiya qilish,
  • zamonaviy raqamli nazorat mexanizmlarini rivojlantirish

uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish agrar sohani yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim yo‘nalishlardan biri sifatida baholanmoqda.