Bugun Farg‘ona viloyatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul xodimlari hamda Agrosanoatni raqamlashtirish markazi mutaxassislari ishtirokida agrosohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “Agrotarozi” axborot tizimini hududlarda samarali tatbiq etish, undan foydalanish tartibi hamda ushbu platformaning amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 381-sonli qarori ijrosini ta’minlash masalalari, Agroportal platformasining imkoniyatlari, “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimining afzalliklari yuzasidan taqdimotlar namoyish etildi.

Mutaxassislar axborot tizimlarining funksional imkoniyatlari, fermer xo‘jaliklari va klasterlar uchun yaratilgan elektron xizmatlar, ma’lumotlar bazalari bilan ishlash mexanizmlari hamda raqamli platformalarning shaffoflikni ta’minlash va ish samaradorligini oshirishdagi o‘rni haqida batafsil tushuntirishlar berdilar.

Seminar yakunida agrosohani izchil raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlaridan samarali foydalanishni kengaytirish hamda davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich raqamli shaklga o‘tkazish qishloq xo‘jaligida boshqaruv sifatini yuksaltirish, fermer va dehqonlar uchun qulay sharoit yaratish hamda tarmoqning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.