Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlari toifasini o‘zgartirish jarayonlarini raqamli platforma orqali amalga oshirishning yangi tartibini amaliyotga samarali joriy etish maqsadida onlayn o‘quv-seminari tashkil etildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 246-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Unga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlari toifasini o‘zgartirishga oid barcha murojaatlar “Agroportal” (agro.gov.uz) orqali faqat elektron shaklda qabul qilinmoqda.
Seminar davomida Agroportal orqali buyurtmalarni shakllantirish, ularni ko‘rib chiqish va kelishish tartibi, Hukumat komissiyasi hujjatlarini elektron qabul qilish, elektron hujjat aylanishi hamda tizimning amaliy imkoniyatlari bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot va innovatsion tashkilotlar vakillaridan iborat 120 ga yaqin mutaxassis ishtirok etib, yangi tartibni amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Ta’kidlanganidek, yer munosabatlarini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish hamda yer toifasini o‘zgartirish jarayonlarini tezkor va samarali tashkil etishda Agroportal muhim raqamli platforma sifatida xizmat qilmoqda.

Seminar yakunida bunday o‘quv-amaliy seminarlarni barcha hududlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari va mas’ul tashkilotlar ishtirokida muntazam o‘tkazish, yangi tartibning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish hamda raqamli xizmatlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.