Agroportalda yer fondi toifalarini o‘zgartirish bo‘yicha yangi xizmat ishga tushirildi
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish jarayoni endilikda Agroportal orqali amalga oshiriladi.
Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 246-son qarori asosida joriy etilgan bo‘lib, Hukumat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladigan murojaatlarni elektron shaklda qabul qilish va ko‘rib chiqish imkonini yaratadi.
Yangi xizmat orqali fuqarolar va manfaatdor tashkilotlar yer fondi toifalarini o‘zgartirish bilan bog‘liq murojaatlarni qulay va shaffof tarzda yuborishlari mumkin. Bu esa hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda vaqtni tejashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tizim yer fondi toifalarini o‘zgartirish jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, qarorlarni ko‘rib chiqishning ochiqligi va shaffofligini oshirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Mazkur xizmatning joriy etilishi qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash, davlat xizmatlarini yanada qulay va samarali tashkil etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.