logo-grreen
Agrar sohani raqamlashtirish borasida yangi imkoniyatlar berilmoqda

Agrar sohani raqamlashtirish borasida yangi imkoniyatlar berilmoqda

Joriy yilning 3-avgust kuni Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 257-son qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlar, agrar soha vakillari ishtirokidagi seminarni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib berdi va qarorning agrar sohadagi ahamiyati, undan kelib chiqqan holda  soha vakillari oldiga qo‘yiladigan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi:

“Mazkur qaror Davlatimiz rahbari tomonidan bugun agrar sohani raqamlashtirish qay darajada muhimligini inobatga olgan holda qabul qilindi. Ushbu qarorning ijrosi bo‘yicha vazirlikning oldiga qo‘yilgan vazifalardan biri bu agrar sohada bir qancha axborot tizimlarini o‘zida mujassam etgan yagona integratsion platformani yaratish va uning doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi bilan davlat tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona agrotizimni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Bugungi seminarda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini soha vakillariga yetkazish va bu borada ishtirokchilarning fikrlarini  eshitish va ularni amaliyotga tatbiq etishni maqsad qilganmiz”.

Qarorga ko‘ra, 2023-yilning 1-sentyabridan “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasi tarkibida “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi. Keyingi yil yaʼni 2024-yil hosilidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlari tijorat banklarining “Agroplatforma” AT orqali elektron tarzda shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtiriladi. Bunda mahsulot yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” ATdagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, qarorga binoan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasining tashkiliy-huquqiy shakli Masʼuliyati cheklangan jamiyatga o‘zgartirilib, agrar sohani raqamlashtirish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi yagona integrator sifatida faoliyat yuritishi belgilangan. Bunda xizmatlarni tijoratlashtirish hamda davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘quv kurslarini doimiy tashkil etish, xalqaro toifadagi axborot-kommunikatsiya texnlogiyalari yo‘nalishidagi mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutilgan.

Manba: Agro.uz

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.