O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 1-apreldagi PQ-146-son qaroriga muvofiq majburiy raqamli markirovkalash orqali mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni ishlab chiqarish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va ularning aylanmasini hisobga olish mexanizmini tubdan takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Soliq qo‘mitasining mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni raqamli markirovkalash mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, “O‘zkimyosanoat” AJ tajriba loyihasi ishtirokchilariga mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini majburiy raqamli markirovkalash bo‘yicha loyihani amalga oshirishga ko‘maklashsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasida mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini raqamli markirovkalash mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha tajriba loyihasi boshlanganligi haqida xorijiy davlatlarni xabardor qilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tajriba loyihasi natijalaridan kelib chiqqan holda, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
203-son

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.