Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Avtomobil yo‘llarida harakatlanishni tashkil etish tartibini aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirish, transport vositalaridan foydalanishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda fuqarolarni bu borada qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-iyundan boshlab:

yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik holatlarini har qanday maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari (keyingi o‘rinlarda — maxsus texnika vositalari) orqali qayd etishga;

shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Transport vazirligining quyidagilarga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

soat 23.00 dan 06.00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘lda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga;

amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilariga ega “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilari joylashgan hududda ularning amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha to‘xtashi hamda to‘xtab turishiga;

maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda Yo‘l harakati qoidalari bilan belgilangan tezlik chegarasini dam olish kunlari, ta’til davrlari va 19.00 dan 07.00 ga vaqt oralig‘ida ushbu aholi punkti uchun ruxsat etilgan umumiy tezlik chegarasigacha oshirib harakatlanishga.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan quyidagilarni nazarda tutuvchi kelishilgan Qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin:

maxsus texnika vositalari orqali qayd etiladigan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati va bu toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishning aniq muddati;

ma’muriy jazo tizimiga ma’muriy ogohlantirish chorasini kiritish va uni yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan holatni aniqlagan vakolatli shaxs tomonidan qo‘llash tartibi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga hududning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda, Yo‘l harakati qoidalari bilan tasdiqlangan qo‘shimcha axborot belgilarida ko‘rsatilmagan boshqa vaqt oralig‘ini nazarda tutuvchi qo‘shimcha axborot belgilarini o‘rnatish huquqi berilsin.
  2. Tuman va shahar hokimliklari huzurida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari tashkil etilsin hamda ularning mablag‘lari faqat yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli sarflanishiga ruxsat berilsin.
  3. Yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlarni maxsus texnika vositalari orqali qayd etishda shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, sohada suiiste’molchiliklarning oldini olish maqsadida belgilansinki:

tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish tizimining ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash qurilmalari hamda dasturiy ta’minoti 2025-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi boshqaruviga o‘tkaziladi;

“Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimining belgilangan tartibda texnik talablarga mos ravishda ekspluatatsiya qilinishi uchun mas’ul hisoblanadi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tartibga solinmagan avtomobil yo‘li va temir yo‘l kesishmalarini o‘rganib chiqsin hamda tirbandliklarni yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan joylarda o‘rnatilgan “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan” yo‘l belgilarini boshqariladigan svetoforlarga almashtirish choralarini ko‘rsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

2025-yil 1-sentabrga qadar joylardagi o‘rganishlar asosida yo‘llar bo‘yida joylashgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofida soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish mumkinligini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari hamda bunga qat’iy rioya etishni ta’minlovchi maxsus texnika vositalarini o‘rnatish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rsin;

ikki oy muddatda Yo‘l harakati qoidalariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

uch oy muddatda joylardagi tahlil va o‘rganishlar asosida barcha “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining maqsadga muvofiq o‘rnatilganligi nuqtai nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqilishini, zarurat bo‘lmagan joylarda o‘rnatilgan yo‘l belgilarining demontaj qilinishini, shuningdek, ularning amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatilishini ta’minlasin;

olti oy muddatda Transport vazirligi bilan birgalikda transport vositalari haydovchilari tomonidan belgilangan harakat tezligini oshirib yuborish holatlari ko‘plab kuzatilayotgan hududlarda transport vositasining joriy tezligini ko‘rsatuvchi ogohlantiruvchi elektron tablolar o‘rnatilishini va bu amaliyotni keyinchalik o‘rganishlar asosida har yil yakuni bo‘yicha tasdiqlanadigan dasturga ko‘ra boshqa hududlarda amalga oshirib borilishini ta’minlasin;

yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlarni maxsus texnika vositalari orqali qayd etish sohasida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash choralarini ko‘rib borsin;

Transport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda komissiya tuzgan holda 2025-yil yakuniga qadar chorraha va yo‘llardagi barcha maxsus texnika vositalarini ularning maqsadga muvofiq o‘rnatilgani va belgilangan talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini tashkil etsin;

xatlov natijalari bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan yoki belgilangan tartibga rioya etmagan holda o‘rnatilgan, texnik va standart talablarga javob bermaydigan, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadiga erishishga ko‘maklashmaydigan maxsus texnika vositalarining demontaj qilinishini ta’minlasin.

  1. Belgilansinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tuman va shahar hokimliklari huzurida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan maqsadli foydalanish tartibini belgilovchi Hukumat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovagamuvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov va transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2025-yil 15-may,

318-son