
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishni yangi tizim doirasida tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoniga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanishning samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi” (keyingi o‘rinlarda — Loyiha ofisi);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari huzurida “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining boshqaruv xodimlari shtat birliklari doirasida yuridik shaxs bo‘lmagan holda Loyiha ofisi tashkil etiladi.
Bunda mehnatga haq to‘lash miqdorlari hamda lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari bo‘yicha Loyiha ofisi rahbari — Iqtisodiyot va moliya vazirligining bo‘lim boshlig‘iga, mutaxassis xodimlari — vazirlikning tegishli mutaxassislariga tenglashtiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda Loyiha ofisi to‘g‘risidagi nizomni hamda uning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlasin.
- Quyidagilar Loyiha ofisining asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yangi tizim samaradorligini tahlil qilib borish;
davlat dasturlari doirasida ajratilishi belgilangan imtiyozli kreditlardan foydalanishda ijarachilarga har tomonlama ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini sotishdan haqiqatda tushgan mablag‘lar hisobini yuritish va ularning belgilangan tartibda maqsadli sarflanishini ta’minlash;
zaruratga ko‘ra 2025-yilning kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarda yangi tizim joriy etiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish;
xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksion savdoda sotishdan tushgan mablag‘lardan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Loyiha ofisi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadigan maqsadlarda foydalanish;
yer islohotlarini davom ettirish, ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, xususan, sohada innovatsiyalarni joriy qilish maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilish.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari muassisligida tashkil etiladigan “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining namunaviy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:
2025-yil 10-iyunga qadar “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
2025-yil 15-iyunga qadar Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy nizom asosida Direksiyalar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin;
2025-yil 1-iyulga qadar 5 ta shtat birligidan iborat Direksiya faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
- Belgilab qo‘yilsinki:
Direksiya direktori tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi hamda lavozimdan ozod qilinadi;
Direksiyalar faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Loyiha ofisiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosariga hisobdor hisoblanadi;
Direksiyaga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish vakolati beriladi.
- Quyidagilar Direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarning ijara shartnomasida belgilangan huquqlardan amalda foydalanishini kafolatlash;
suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarga yetkazilgan zararni darhol qoplab berish va keyinchalik ushbu mablag‘larni suv yetkazib beruvchi tashkilotlardan regress tartibda undirib olish;
o‘z tanloviga ko‘ra ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sug‘orish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi ta’minoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, texnikalar harakati uchun ichki xo‘jalik yo‘llarining holatini yaxshilash kabi ishlarga mablag‘ ajratish, ushbu tadbirlarda buyurtmachi vazifasini bajarish;
Direksiyaga ijara huquqi asosida berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini yoki uning bir qismini mahalliy va chet ellik investorlar, shu jumladan, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berish (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz);
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarga yerdan foydalanish bo‘yicha ko‘maklashish va ularning faoliyatini doimiy tahlil qilib borish hamda samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
2025-yilning kuzgi ekish mavsumini va undan keyingi davrlarni yangi tizim doirasida tashkil qilish istagi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyektlari hamda tuman hokimliklari zaxirasidagi bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish va elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun takliflar kiritish;
sohaga ilg‘or innovatsiya texnologiyalarini faol joriy etish maqsadida investitsiyalarni, shuningdek, xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilish.
- Direksiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida sotishdan tushgan mablag‘larning 25 foizi (operator xarajatlari chegirib qolingan holda);
suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga oluvchilarga yetkazilgan zararni qoplab berish uchun regress tartibda undirib olingan mablag‘lar;
hisobvaraqda vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni depozitga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik ko‘mak mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
- Direksiyaning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘lari Loyiha ofisi bilan kelishilgan holda quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida yer uchastkasini ijaraga oluvchiga yetkazilgan zararni qoplab berish;
ijaraga berilgan yerlarning sug‘orish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi ta’minoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, texnikalar harakati uchun ichki xo‘jalik yo‘llari holatini yaxshilash ishlarini moliyalashtirish;
jalb qilingan xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar va ekspertlarning mehnatiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq to‘lash;
Direksiyaning joriy faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, ularga tegishli bino va inshootlarni saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash, shuningdek, mebel, aloqa vositalari, kompyuter texnikalari va boshqa zarur inventarlar bilan ta’minlash.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorda nazarda tutilgan tizim doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra ushbu tizimni respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish to‘g‘risida 2026-yil 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-may,
332-son