O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmoni hamda “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-344-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-son Farmonigamuvofiq:
zaxiradagi yer uchastkalarida yangi bog‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) ishlab chiqadigan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq Agentlik yoki u tanlagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan barpo etilishi;
zaxiradagi yer uchastkalari yangi bog‘larni barpo etish uchun Agentlikka yoki u tanlagan tadbirkorlik subyektiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan ajratilishi, bunda investitsiya loyihasining qiymati 10 million AQSH dollaridan kam bo‘lishiga, eng yaxshi taklifni tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilmasligiga, oldindan maxsus hisobvaraqqa pul joylashtirmasdan hamda yer uchastkalarining aniq ro‘yxatini yer ijarasi shartnomalarida belgilash sharti bilan yer uchastkalarini realizatsiya qilishga, istisno tariqasida, ruxsat berilgani;
zaxiradagi yer uchastkalarini ijaraga olgan tadbirkorlik subyektlari Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan shartlarga muvofiq yangi bog‘larni barpo etish majburiyatini olishi, yangi bog‘larni barpo etishda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanilmaydigan taqdirda, ularga faqat texnik shart berilishi;
Agentlik o‘ziga ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish huquqi berilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Respublika hududlarida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Respublikada yangi bog‘larni barpo etishni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan tijorat banklari orqali moliyalashtirish to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi to‘g‘risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining Agentlikka ijara huquqi asosida ajratilishi hamda ushbu yer uchastkalarini Agentlik tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar;
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan zamonaviy issiqxonalarni tashkil etish hamda maydoni 1 gektar va undan ortiq bo‘lgan yangi bog‘lar barpo etish loyihalari bo‘yicha Agentlik tomonidan beriladigan xulosani ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar turiga kiritish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovagamuvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 7-ilovagamuvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Ushbu qaror bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-aprel,
255-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
- Agentlik respublikada agrosanoat sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish orqali sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni (keyingi o‘rinlarda — yangi bog‘lar) barpo qilish loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, bog‘dorchilik sohasi va issiqxona xo‘jaligida boshqaruv va ularni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, resurs-tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirishga ko‘maklashish sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyati organi hisoblanadi.
- Agentlik o‘z faoliyati bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hisobot beradi.
- Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiva qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining buyruqlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
- Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
- Agentlikning rasmiy nomi:
- a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi;
qisqartirilgan nomi — Agrosanoatni rivojlantirish agentligi;
- b) rus tilida:
to‘liq nomi — Agentstvo po razvitiyu agropromishlennosti pri Ministerstve selskogo xozyaystva Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Agentstvo razvitiya agropromishlennosti;
- v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — The Agroindustry Development Agency under the Ministry of Agriculture of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — The Agroindustry Development Agency.
- Agentlik joylashgan joy (pochta manzili): 100006, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak yo‘li mavzesi 42-uy.
2-bob. Agentlik tuzilmasi
- Agentlikning tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Agentlik markaziy apparati;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘limlari;
tumanlar (Quvasoy shahar) loyiha ofislari;
“Qishloq xo‘jaligini standartlashtirish markazi” DUK;
“UZAGROLOGISTICS CENTERS” MCHJ;
“AGROSANOAT INNOVATORLARI” MCHJ (ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashtirilgan va ko‘rgazmali dala maydonlarini tashkil etadigan korxona).
3-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
- Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
intensiv (sermahsul) mevachilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga hamda eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish;
zamonaviy resurs-tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv (sermahsul) bog‘ hamda issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish choralarini ko‘rish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va innovatsion agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni sanoatlashtirish, shuningdek, mevali bog‘ va uzumzorlarni tayyor holda barpo etish hamda ularni tashabbuskorlarga sotish choralarini ko‘rish, shuningdek, yangi bog‘lar oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekilishi va ulardan samarali foydalanilishini tashkil etish;
sohada “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ko‘maklashish, shuningdek, meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni rivojlantirish hamda xalqaro standart talablarini joriy etishga ko‘maklashish;
“In-vitro” laboratoriyalarida kafolatlangan, virusdan xoli bo‘lgan ko‘chatlar yetishtirishni rag‘batlantirish mexanizmini hamda ko‘chatlarni sertifikatlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
meva va uzum navlarining milliy brendlarini yaratish choralarini ko‘rish hamda meva va uzum mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, milliy brendlarni targ‘ib qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, tashqi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasi va mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish;
intensiv (serhosil) bog‘dorchilik, uzumchilik va himoyalangan joylarda sabzavotchilik bo‘yicha zamonaviy bilim va tajribalarni tatbiq qilish ishlarini tashkil etish;
fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish maqsadida Agentlik rasmiy veb-saytida yangi bog‘larni barpo etish maqsadidagi ochiq elektron tanlovlarni, ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik yoki “In-vitro” laboratoriyalari hamda tashkil etilgan yangi bog‘larning reyestrini, malakali agronomlar va import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladigan mevali ko‘chatlar va payvantaglar, payvandustlari, onalik materiallari ro‘yxatini, balli baholash tizimi bo‘yicha meva va uzum mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingini e’lon qilib borish.
- Agentlik o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
- a) intensiv (serhosil) mevachilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga hamda eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish sohasida:
xatlovdan o‘tkazish natijasida aniqlangan samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlarning yer maydonlari o‘rnida hamda yangi o‘zlashtiriladigan qir-adir va yaylov maydonlari o‘rganilib, yangi bog‘, tokzor va issiqxonalar tashkil etish uchun maqsadli kompleks dasturlar ishlab chiqish;
fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tasarrufidagi mavjud mevali bog‘ va tokzorlarni hamda issiqxona xo‘jaliklarini har yili 1-oktabrgacha xatlovdan o‘tkazib, samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlar ro‘yxatini shakllantirish;
mevachilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirish hamda ularning eksport salohiyatini yanada oshirishga doimiy ravishda ko‘maklashib borish;
- b) zamonaviy resurs-tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv (serhosil) bog‘ hamda issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish choralarini ko‘rish sohasida:
past hosilli paxta va g‘alla yer maydonlari, tog‘oldi, qir-adirliklar, shuningdek, samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlar o‘rniga sanoatlashgan intensiv (serhosil) bog‘, tokzorlar va issiqxona xo‘jaliklarini barpo etish choralarini ko‘rish;
yangi bog‘larni barpo qilish uchun hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlarini inobatga olgan holda, loyihaning pulli texnik-iqtisodiy asoslari yoki bepul texnik shartini ishlab chiqish;
zamonaviy resurs-tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llash hamda yangi bog‘lar barpo etishda ko‘maklashish;
- v) hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va innovatsion agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish sohasida:
tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan meva va uzum navlarini joylashtirish hamda yetishtirish bo‘yicha soha olimlari bilan birgalikda tavsiyalar ishlab chiqish;
tavsiyalar asosida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va innovatsion agrotexnologiyalardan keng foydalanishni joriy etish uchun hududlarda ko‘rgazmali o‘quv-seminarlari va treninglarni muntazam o‘tkazib borish;
- g) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni sanoatlashtirish, shuningdek, mevali bog‘ va uzumzorlarni tayyor holda tashabbuskorlarga sotish choralarini ko‘rish, shuningdek, yangi bog‘lar oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi hamda ulardan samarali foydalanilishini tashkil etish sohasida:
resurs-tejamkor texnologiyalar tizimini joriy qilish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni sanoatlashtirish;
mevali bog‘ va uzumzorlarni tayyor holda tashabbuskorlarga sotish choralarini ko‘rish;
yangi bog‘lar qator orasidan samarali foydalanish, ko‘chatlarga salbiy ta’sir qilmaydigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, joylarga yetkazish va monitoring qilish;
yangi bog‘lar oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishini va samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha soha olimlari bilan birgalikda tavsiyalar ishlab chiqish;
- d) sohada “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ko‘maklashish, shuningdek, meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni rivojlantirish hamda xalqaro standart talablarini joriy etishga ko‘maklashish sohasida:
yangi bog‘lar barpo etish, bog‘ va issiqxonalarda sifatli mahsulotlarni yetishtirish hamda tashqi bozorga eksport qilishga ko‘maklashish;
aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini joriy qilish;
meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni rivojlantirish hamda xalqaro standart talablarini joriy etishga ko‘maklashish;
- e) “In-vitro” laboratoriyalarida kafolatlangan, virusdan xoli bo‘lgan ko‘chatlar yetishtirishni rag‘batlantirish mexanizmini hamda ko‘chatlarni sertifikatlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish sohasida:
“In-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarini subsidiyalash choralarini ko‘rib borish;
“In-vitro” laboratoriya sharoitidan chiqqan va payvandlangan ko‘chatzorlarning onalik bog‘lari hamda mevali va uzum ko‘chatchilik xo‘jaliklari reyestrini shakllantirish va yuritish;
ko‘chat yetishtiruvchi xo‘jaliklar yetishtirilgan barcha ko‘chatlarini turlari va navlari bo‘yicha “Qishloq xo‘jaligini standartlashtirish markazi” DUK hamda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda sertifikatlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish va muntazam ravishda yuritish;
- j) meva va uzum navlarining milliy brendini yaratish choralarini ko‘rish hamda meva va uzum mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, milliy brendlarni targ‘ib qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, tashqi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasi va mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish sohasida:
meva va uzumlarning jahon andozalariga mos keladigan yangi navlarining milliy brendini yaratishga ko‘maklashish, ularni targ‘ib qilish hamda mazkur sohada ilmiy-tadqiqot institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish;
meva va uzumlarni saqlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va tarqatish;
mahalliy va xorijiy kompaniya yoki ularning mutaxassislarini jalb etgan holda meva va uzumlarni qayta ishlash bo‘yicha mahsulotlar milliy brendini yaratish va ularni targ‘ib qilishga ko‘maklashish;
milliy brendlarni tashqi bozorlarga chiqarish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish va ushbu mahsulot turlarini ko‘paytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ularni amaliyotga joriy qilish;
- z) intensiv (serhosil) bog‘dorchilik, uzumchilik va himoyalangan joylarda sabzavotchilik bo‘yicha zamonaviy bilim va tajribalarni tatbiq qilish ishlarini tashkil etish sohasida:
intensiv (serhosil) bog‘, uzumzor va issiqxona xo‘jaliklarini yuritishda yuqori samaradorlikka erishgan xorijiy mamlakatlar tajribasini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
zamonaviy texnologiyalar asosida hududlarda sanoatlashgan yangi intensiv (serhosil) bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ilmiy asoslangan takliflarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish;
intensiv (serhosil) bog‘, uzumzor va issiqxona xo‘jaliklariga xorijiy mutaxassislar va soha olimlari bilan birgalikda ilmiy asoslangan yangiliklarni joriy qilish;
- i) fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish maqsadida Agentlik rasmiy veb-saytida yangi bog‘larni barpo etish maqsadidagi ochiq elektron tanlovlarni, ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik yoki “In-vitro” laboratoriyalari hamda yangi tashkil etilgan bog‘ va tokzorlarning reyestrini, malakali agronomlar va import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladigan mevali ko‘chatlar va payvantaglar, payvandustlari, onalik materiallari ro‘yxatini, balli baholash tizimi bo‘yicha meva va uzum mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingini e’lon qilib borish sohasida:
“In-vitro” laboratoriyalari hamda yangi tashkil etilgan bog‘larning reyestrini yuritish;
respublikadagi malakali agronomlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni Agentlik veb-saytida e’lon qilib borish;
import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladigan mevali ko‘chatlar, payvantaglar, payvandustlar va onalik materiallari ro‘yxatini shakllantirish va yuritish;
meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklarning reytingini aniqlash tizimini ishlab chiqish, yuritish va muntazam ravishda e’lon qilib borish.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
- Agentlik o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlardan Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rab olish;
Agentlik xodimlari tomonidan bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona sohasidagi asosiy ko‘rsatkichlarning bajarilishini hisobga olgan holda xodimlarni belgilangan tartibda moddiy rag‘batlantirish;
statistika organlaridan zarur statistik ma’lumotlarni bepul olish;
Agentlik o‘ziga ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish;
ilmiy, konsalting va audit tashkilotlarini, olim, agronom, mutaxassislar, xorijiy olimlar, xorijiy agronom va mutaxassislarni Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilishga shartnoma, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy turdagi shartnomalar asosida jalb qilish;
xorijiy davlatlarning sohaga oid tashkilotlari bilan Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha hamkorlik qilish va shartnomalar tuzish;
Agentlikka yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha xorijiy investorlar, kompaniyalar, ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro moliya institutlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, muzokaralar olib borish va yozishmalar yuritish;
bitim va kelishuvlar asosida jismoniy va yuridik shaxslar bilan bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi sohasida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish;
malakali, shu jumladan, chet ellik, mutaxassislarni jalb etgan holda Agentlik faoliyati bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘quv kurslarini tashkil qilish;
fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda tadbirkorlar uchun O‘zbekiston Respublikasida va xorijda treninglar, seminarlar va boshqa ta’lim dasturlarini tashkil etish;
Agentlik faoliyati bo‘yicha sohada joriy va strategik vazifalar, olib borilayotgan ishlar va erishilgan natijalarni yoritish, uslubiy qo‘llanmalar va bukletlarni nashr qilish uchun belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
ijaraga berilgan yer uchastkalarida yangi bog‘larni barpo etishning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan sug‘orish tizimlarini joriy etish va yer maydonlarini ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish ishlarini monitoring qilish, shuningdek, mazkur ishlar 14 oy muddatda to‘liq bajarilmaganda, ijara shartnomasini bekor qilish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, ularning yer uchastkalari, bog‘larning holati, barpo qilingan vaqti va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan bog‘ va tokzorlarning yagona elektron xaritasini e’lon qilib borish;
monitoring natijasida bog‘lar va issiqxonalardan samarasiz hamda noqonuniy yoki boshqa maqsadlarda foydalanish, o‘zboshimchalik bilan buzib tashlash holatlari aniqlanganda, belgilangan muddatlarda yer maydonlarini qaytarib olish hamda keltirilgan zararni qoplash bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklari yoki nazorat organlariga ma’lumotlarni kiritib borish.
- Agentlik:
yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali amalga oshirilishi;
normativ-huquqiy hujjatlar talablari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarilishi uchun javob beradi.
5-bob. Agentlik faoliyatini tashkil qilish
- Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
- Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan uch nafar o‘rinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
Agentlik direktori bo‘lmagan davrda, direktor vazifasini uning birinchi o‘rinbosari bajaradi.
Agentlik direktori va direktorning birinchi o‘rinbosari bo‘lmagan davrda, direktor vazifasini Agentlik direktori o‘rinbosari bajaradi.
6-bob. Agentlik direktori va tarkibiy bo‘linmalarining asosiy funksional vazifalari
- Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyruqlari va topshiriqlari ijrosi ta’minlanishi hamda monitoringi yuritilishining amaliy tizimini tashkil etish;
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Agentlikka qonunchilik hujjatlari bilan yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil qilish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
Agentlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlari va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
o‘z vakolati doirasida Agentlik tizimi xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish;
Agentlik markaziy apparatining xarajatlar smetasi va shtat jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va tizimidagi tashkilotlar tuzilmasiga shtat birliklari doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Agentlik direktori qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshirishi mumkin.
- Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari hamda hududiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari quyidagilardan iborat:
Agentlik rahbariyatining topshiriqlari to‘liq bajarilishini nazorat qilish va ta’minlash;
Agentlik faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
tarkibiy bo‘linma to‘g‘risidagi nizom doirasida aniq yo‘nalishlardagi vazifalarning yuqori sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarining bajarilishini ta’minlash, qonunchilik hujjatlariga muvofiq tarkibiy va hududiy bo‘linma xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy choralar ko‘rish hamda topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;
tizim tashkilotlari xodimlari faoliyatining samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilish.
Agentlik tarkibiy bo‘linmalari boshqa funksional vazifalarni ham bajarishi mumkin.
7-bob. Agentlik rahbarining javobgarligi
- Agentlik direktori:
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
Agentlikning Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘larining maqsadli sarflanishi;
ushbu Nizomning 15-bandida ko‘rsatilgan o‘z vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
8-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minoti, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish
- Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalariga quyidagilar kiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lar hisobidan tijorat banklarning depozitiga joylashtirilgan resurslarning qaytishidan va ulardan tushadigan foiz mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Agentlik tomonidan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar;
Jamg‘arma mablag‘lari;
Agentlikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
- Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari hamda shartnoma asosida jalb qilingan mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ularning ko‘p yillik mehnati uchun har oylik ustamalar (rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda), moddiy yordam ko‘rsatish, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlar, shuningdek, qo‘shimcha haq, ustamalar, mukofotlar, ijtimoiy va boshqa to‘lovlar, idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, faoliyatini amalga oshirish va markaziy apparat ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti va undan ajratiladigan transfert hamda Jamg‘arma mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari hamda shartnoma asosida jalb qilingan mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish shartlari:
- a) O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan:
Yagona tarif setkasi bo‘yicha tasdiqlangan razryadlarga muvofiq lavozim maoshi;
Agentlik markaziy apparati hamda hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashda tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyentlarini 1,4 barobarga oshirish miqdori;
lavozim maoshining 40 foizi miqdorida ustama (mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti);
yilda bir marta oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam;
o‘z vazifalarini vijdonan, shuningdek, alohida muhim va mas’uliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni ikki oylik mehnatga haq to‘lash fondi doirasida mukofot;
ko‘p yillik xizmati uchun lavozim maoshiga 20 foizdan 100 foizgacha miqdorda ustama to‘lanadi. Bunda:
1 yildan 5 yilgacha — 20 foiz;
5 yildan 10 yilgacha — 30 foiz;
10 yildan 15 yilgacha — 40 foiz;
15 yildan 20 yilgacha — 60 foiz;
20 yildan 25 yilgacha — 80 foiz;
25 yildan ortiq — 100 foiz.
- b) har yili Davlat budjetidan Jamg‘armaga ajratiladigan transfertlar hisobidan:
Agentlik markaziy apparati xodimlariga o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarganliklari uchun Agentlik direktori tomonidan lavozim maoshining (rag‘batlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 300 foizgacha hamda hududiy bo‘linmalari xodimlariga 200 foizgacha miqdorda har oylik ustamalar;
alohida o‘rnak ko‘rsatgan Agentlik markaziy apparati xodimlariga lavozim maoshining (rag‘batlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 100 foizigacha miqdorda oylik ustamalar;
xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularning mehnati samaradorligini oshirish maqsadida har oyda (jamoa shartnomasiga muvofiq) transport xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir barobarigacha miqdorida va ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobarigacha miqdorida to‘lovlar;
Agentlik va uning tizimidagi xodimlar rasman bayram deb e’lon qilingan (1-yanvar — Yangi yil, 8-mart — Xotin-qizlar kuni, 21-mart — Navro‘z bayrami, 9-may — Xotira va qadrlash kuni, 1-sentabr — Mustaqillik kuni, 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni, diniy bayramlar Ro‘za hayiti (Iyd-al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd-al-Adha)) kunlar hamda qishloq xo‘jaligi xodimlarining kasb bayramlari munosabati bilan lavozim maoshining (rag‘batlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) ikki barobari miqdorida mukofot;
fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik lavozim maoshiga (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) 10 foizgacha ustamalar belgilanadi;
fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik lavozim maoshiga (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) 5 foizgacha ustamalar;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun xodimlarga bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha bo‘lgan miqdorda to‘lovlar.
Zaruratga ko‘ra kasaba uyushmasi tashkiloti bilan kelishilgan holda xodimlar va (yoki) ularning oila a’zolariga quyidagi holatlarda bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha bo‘lgan miqdorda moddiy yordam to‘lab beriladi:
xodim vafot etganda — bunda moddiy yordam xotiniga (eriga) to‘lab beriladi, agar xodimning xotini (eri) bo‘lmasa, moddiy yordam farzandlariga yoki qonuniy vakillariga (vasiylari va homiylariga) yoxud ularning voyaga yetmagan farzandlarini asrab olgan shaxslarga to‘lab beriladi, shuningdek, xodim turmush qurmagan bo‘lsa, moddiy yordam ota-onasi yoki boqimandalar o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi;
yaqin qarindoshi vafot etganda (ota, ona, turmush o‘rtog‘i, farzandi) — vafoti to‘g‘risida guvohnoma nusxasi taqdim etilganda.
Bunda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan saqlanishi belgilangan shtat birliklari (mazkur shtat birliklariga ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan barcha to‘lovlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘lanadi) moliyalashtiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan Agentlikning jalb etilgan xodimlari, ekspertlari va maslahatchilari xizmatlariga tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Bunda ularning rag‘batlantiruvchi ustama va qo‘shimcha to‘lovlari Agentlik direktori tomonidan imzolanadigan jamoa kelishuvi va mehnat shartnomalarga muvofiq to‘lanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) boshqarish tartibini, shuningdek, uning mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
- Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil etiladi hamda uning mablag‘lari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochiladigan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
- Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi va Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasining qoldiq mablag‘lari hamda avval ajratilgan resurslarning (ssuda, subsidiyalardan qaytgan qarzlar) qaytishidan tushadigan mablag‘lar, xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitiga joylashtirish hisobidan tushadigan foizlar;
Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq yaratiladigan yangi bog‘ va tokzorlardan undiriladigan bir martalik yig‘imlar;
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan transfertlar va ssudalar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari;
“tayyor holda barpo etish” tamoyiliga asosan tashabbuskorlarga lizing asosida ochiq elektron auksion savdolari orqali bog‘ va tokzorlarni sotishdan tushgan tushumlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
- Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
sanoatlashgan bog‘dorchilik, rezavorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, yangi limonzorlarni barpo etish va limon ko‘chatlarini xarid qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan Jamg‘armadan berilishi ko‘zda tutilgan subsidiyalarni berish;
sanoatlashgan bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxonachilik sohalaridagi mutaxassislar va konsultantlarni jalb etish, shuningdek, Agentlik xodimlari, intensiv (sermahsul) bog‘ va uzumchilik hamda issiqxona xo‘jaliklari egalarini kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Agentlik va uning idoraviy mansub tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, Agentlikda faoliyat yuritayotgan xodimlarning xizmat safarlari xarajatlarini moliyalashtirish, oylik ish haqlari va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, shu jumladan, ustamalar, mukofotlar, qo‘shimcha haq, kompensatsiyalar va boshqa barcha turdagi to‘lovlarni to‘lash (rag‘batlantiruvchi koeffitsiyentlarni hisobga olgan holda);
respublikada yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini targ‘ib qilish bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar, treninglar, mahorat darslari, festivallar, ko‘rgazmalar, yarmarkalarda ishtirok etish va tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu jumladan, xodimlarning xorijiy mamlakatlarda va ta’lim muassasalarida tajriba orttirishlarini tashkil etish, madaniy-ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash;
mahalliy tashkilotlar va xalqaro tashkilotlarda a’zolik badallarini va boshqa badallarni to‘lash;
bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona mahsulotlarini ishlab chiqarish va marketing bilan bog‘liq ilmiy loyihalarni moliyalashtirish;
Agentlikning intensiv (sermahsul) mevali bog‘ va uzumzorlarini barpo qilish va qayta ishlash sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan kompleks maqsadli dasturlarni amalga oshirish;
ilmiy-texnik va ilmiy-metodik adabiyotlarni (davriy nashrlar, e’lonlar, risolalar, bukletlar, kitoblar, to‘plamlar va boshqa axborot-ma’rifiy materiallar) tayyorlash va nashr qilish, intensiv (sermahsul) bog‘ va uzumchilik hamda issiqxona xo‘jaliklari sohasida videoroliklar va taqdimot materiallarini tayyorlashga sarflangan xarajatlarni moliyalashtirish;
jahon andozalariga mos, yuqori hosilli meva va uzum ko‘chatlarining onalik maydonlari, kolleksiya uchastkalari hamda ko‘chatxonalarni barpo qilish;
bino va inshootlarni ta’mirlash, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda joriy saqlash xarajatlarini moliyalashtirish;
tijorat banklariga kredit resurslarini joylashtirish;
bayram tadbirlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, vakillik xarajatlari va sovg‘alar xarid qilish;
intensiv (sermahsul) mevali bog‘ va uzumzorlarni barpo etish maqsadida texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish;
sertifikatlangan, sog‘lom mevali va uzum ko‘chatlarini yetishtiradigan “In-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga asosan xarajatlarni moliyalashtirish (qoplash), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish va moliyalashtirish;
mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy ta’lim tashkilotlari hamda boshqa yuridik shaxslarni shartnoma asosida jalb qilish;
Agentlik huzuridagi idoraviy mansub tashkilotlar yoki uning ta’sischiligida tashkil etilgan korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish va ular tomonidan intensiv (sermahsul) bog‘larni barpo qilish;
Agentlik tomonidan o‘z tizimida tashkil etiladigan tashkilot va korxonalar bilan qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladigan shartnomalar asosida ular tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
sohaga doir raqamlashtirish ishlarini amalga oshirish, axborot tizimlarini joriy qilish, ularni yuritish va texnik qo‘llab-quvvatlash;
O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlariga asosan “Do‘stlik bog‘lari”ni barpo etish;
sudda javobgar sifatida to‘lanadigan davlat boji hamda boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun ham sarflanishi mumkin.
- Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va taqsimlash Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- Agentlik direktori:
Jamg‘arma mablag‘larini ushbu Nizomga hamda Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tasarruf etadi va uning mablag‘laridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi uchun javob beradi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘laridan moliyalashtiriladigan tovarlarni (ishlar va xizmatlar) xarid qilish uchun shartnomalarni tuzadi;
Jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilgan mablag‘lar bo‘yicha, shu jumladan, shartnoma shartlariga qo‘shimcha kiritish, to‘ldirish, amal qilish muddatini o‘zgartirish (uzaytirish) bo‘yicha qarorlarni qabul qiladi;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari hisobi yuritilishini, Jamg‘arma mablag‘laridan ushbu mablag‘larni oluvchilar tomonidan belgilangan maqsadlarda foydalanish monitoringini ta’minlaydi;
o‘z vakolati doirasida boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishni hisobga olish, hisobot berish, nazorat qilish va javobgarlik
- Agentlik har bir yo‘nalish bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘lari tushumi va harakatining alohida hisobini yuritadi.
- Agentlik direktori va bosh hisobchisi Jamg‘armaga kelib tushgan mablag‘lar va ularning sarflanishiga oid buxgalterlik hisobini yuritish, hisobotlarni tayyorlash va taqdim etishni to‘g‘ri olib borishga javobgardir.
- Jamg‘armaning O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan olingan mablag‘lar bo‘yicha daromadlar va xarajatlar to‘g‘risidagi hisobotlarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga choraklik va yillik hisobotlarni belgilangan shakllar va muddatlarda taqdim qilib boradi.
- Jamg‘arma mablag‘laridan belgilangan maqsadlarda foydalanishni nazorat qilish vakolatli organlar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
- Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan boshqa davlat idora va tashkilotlarining (Agentlik tizimiga kirmaydigan) jamg‘armalarini hamda xarajatlarini moliyalashtirish taqiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
- Ushbu Nizom talablarini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
- Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-son qaroriga
3-ILOVA
Respublika hududlarida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom respublika hududlarida tuman (shahar) hokimliklari zaxirasida bo‘sh turgan, shuningdek, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ijara huquqi asosida berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish tartibini belgilaydi.
- Ushbu Nizom talablari:
tuman (shahar) hokimligi zaxirasida bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga;
fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalaridagi iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlar joylashgan yer uchastkalariga, past hosilli paxta va g‘alla hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan, shuningdek, tog‘oldi va qir-adirliklardagi yer uchastkalariga tatbiq etiladi.
- Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
zaxiradagi yer uchastkasi — tuman (shahar) hokimligi zaxirasida bo‘sh turgan hamda tuman (shahar) hokimligi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi;
ijarachilar — fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ijara huquqi asosida berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanuvchilar;
loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari (keyingi o‘rinlarda — TIA) — sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish maqsadida ishlab chiqilgan yer tuzish loyihasi, ko‘chatlarni ekish sxemasi va navi, sug‘orish texnologiyasi, shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar va ularni o‘zlashtirish muddatlari hamda texnik shartlarni asoslab beruvchi loyihaoldi hujjati;
sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar — 10 gektar va undan ortiq yer uchastkasida intensiv (sermahsul) ko‘chatlar (pakana va yarimpakana) va payvandtaglardan yetishtirilgan ko‘chatlarni zich ekish sxemasida resurs-tejamkor agrotexnologik tadbirlar asosida barpo etilgan hamda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan mevali bog‘ va tokzorlar;
talabgor — tuman (shahar) hokimligi zaxirasida bo‘sh turgan yoki fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida sanoatlashgan intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish istagini bildirgan yuridik shaxslar;
texnik shart (keyingi o‘rinlarda — TSH) — sanoatlashgan intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etishda ko‘chat ekish sxemasi, ko‘chatni kafolatlangan navi, sug‘orish tizimi va boshqa shartlarni belgilab beruvchi texnik talablar.
- Sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish ushbu Nizomga ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish
1-§. Zaxiradagi yer uchastkalarida sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili 1-iyunga qadar (zaruratga ko‘ra yilning boshqa davrlarida) sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish uchun zaxiradagi yer uchastkalari hududiy manzilli ro‘yxatini shakllantirib, tasdiqlangan holda Agentlikka quyidagi ma’lumotlar bilan taqdim etadi:
yer uchastkasining xaritasi (koordinatali nuqtalari, chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari ko‘rsatilgan vaziyat bilan bog‘liq sxema);
yer uchastkasining joylashgan joyi (geografik koordinatalari);
yer uchastkasining umumiy maydoni, toifasi va turi (amaldagi holat bo‘yicha);
bo‘sh turgan yer uchastkalari bo‘yicha davlat mulki sifatida tuman hokimligi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida reyestrdan ko‘chirma;
yer uchastkasining tuprog‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tipi, tarkibi, sifati va unumdorligi);
yer uchastkasining suv bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha xulosa (yer osti suvlari);
yer uchastkasining kadastr raqami, konturlari soni va raqami;
hududning besh yillik ob-havo tahlili;
yer uchastkasida ekiladigan o‘tmishdosh bo‘lgan yoki meva va tok navlari bo‘yicha hududiy ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy tavsiyasi (mavjud bo‘lganda).
- Agentlik har yili 25-iyunga qadar ushbu Nizomning 5-bandigamuvofiq:
kiritilgan takliflarni umumlashtiradi, tahlil qiladi va zarur hollarda joyiga chiqqan holda o‘rganadi;
kiritilgan takliflarda ushbu Nizomning 5-bandi talablari asosida ma’lumotlar ilova qilinmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgan taqdirda, ushbu yer uchastkasini manzilli ro‘yxatdan chiqaradi;
sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etiladigan respublika manzilli ro‘yxatini shakllantiradi va kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiga yuboradi.
- Kelishilgan respublika manzilli ro‘yxati tasdiqlash uchun har yili 1-iyulga qadar Agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Kelgusi yil uchun hududlarda sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarning respublika manzilli ro‘yxati har yili 20-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
- Agentlik har yili 1-avgustga qadar tasdiqlangan respublika manzilli ro‘yxatiga kiritilgan yer uchastkalarida hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlarini inobatga olib, 10 gektar va undan ortiq bo‘lgan massivlarga (lotlar) bo‘lgan holda sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlar loyihalarining TIAni ishlab chiqadi.
- Talabgorlarni aniqlash uchun sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar loyihalari (lotlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar har yili 15-avgustga qadar Agentlik va tuman (shahar) hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
- Talabgorlar har yili 1-sentabrga qadar sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha elektron yoki yozma ravishda ariza bilan Agentlikka murojaat qiladi.
Arizada quyidagi ma’lumotlar ilova qilinadi:
tanlangan loyiha yuzasidan biznes-rejasi;
talabgorning majburiyatlardan xoli bo‘lgan pul mablag‘i to‘g‘risida ma’lumot;
yaroqli qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikasi to‘g‘risida ma’lumot.
- Talabgorlarning arizalari Agentlik tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi hamda talabgorni tanlash bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.
- Agentlik 10-sentabrga qadar sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar loyihalari hamda tanlab olingan talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligiga vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) kiritadi.
- Agentlik tomonidan tanlab olingan talabgorlarga zaxiradagi yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda har yili 25-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
- Sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish uchun tanlangan talabgorlarga zaxiradagi yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasidabelgilangan tartibda har yili 10-oktabrga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan ajratib beriladi.
Bunda investitsiya loyihasining qiymati 10 million AQSH dollaridan kam bo‘lishiga, eng yaxshi taklifni tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilmasligiga, oldindan maxsus hisobvaraqqa pul joylashtirmasdan hamda yer uchastkalarining aniq ro‘yxatini yer ijarasi shartnomalarida belgilash sharti bilan yer uchastkalarini realizatsiya qilishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi.
- Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan TIAga muvofiq Agentlik va talabgor o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuziladi.
TIA ishlab chiqilganligi uchun har bir gektar yer maydoniga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida bir martalik to‘lov talabgor tomonidan Agentlik huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) to‘lanadi.
- Agentlik va tuman (shahar) hokimliklari har chorak yakunida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan monitoring o‘tkazib boradi.
- Talabgor tomonidan yer uchastkasi ijaraga olingandan boshlab loyihaning TIAda belgilangan sug‘orish tizimlarini joriy etish va yer maydonlarini ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish ishlari ko‘pi bilan 14 oy muddatda to‘liq bajarilmaganda, yer uchastkasining ijara shartnomasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
2-§. Fermer xo‘jaliklari yoki boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalarida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish
- Ijarachilarning foydalanishida bo‘lgan yer uchastkalarida sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan TIA yoki TSHga muvofiq ijarachilar tomonidan amalga oshiriladi.
- Ijrochilar har yili 1-iyulga qadar (zaruratga ko‘ra yilning boshqa davrlarida) iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlar, past hosilli paxta va g‘alla hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan, shuningdek, tog‘ oldi va qir-adirliklardagi yer uchastkalarida sanoatlashgan intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ijaraga berilgan yer uchastkasining ixtisosligi (sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, chorvachilik, paxtachilik va g‘allachilik hamda boshqalar);
yer uchastkasining xaritasi (koordinatali nuqtalari, chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari ko‘rsatilgan vaziyat bilan bog‘liq sxema);
yer uchastkasining umumiy maydoni, toifasi va turi (amaldagi holat bo‘yicha);
yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi reyestrdan ko‘chirma;
yer uchastkasining tuprog‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tipi, tarkibi, sifati va unumdorligi);
yer uchastkasining suv bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha xulosa (yer osti suvlari);
hududning besh yillik ob-havo tahlili;
yer uchastkasida ekiladigan o‘tmishdosh bo‘lgan yoki meva va tok navlari bo‘yicha hududiy ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy tavsiyasi (mavjud bo‘lganda).
- Tuman (shahar) hokimliklari kelib tushgan murojaatlarni har yili 20-iyulga qadar (yilning boshqa davrlarida kelib tushgan murojaatlarni 15 kun muddatda) o‘rganib chiqadi va maqullangan takliflarni Agentlikka taqdim etadi.
Bunda sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etilayotgan yer uchastkalari bog‘dorchilik yoki uzumchilikka ixtisoslashmagan yer uchastkalarida joylashgan taqdirda, ishlab chiqilgan takliflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan kiritiladi.
- Kelib tushgan takliflar Agentlikning tuman (shahar) loyiha ofisi tomonidan 10 ish kuni ichida ijarachi ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqiladi.
- Agentlik tomonidan ma’qullangan takliflar bo‘yicha:
ijarachining o‘z mablag‘lari hisobidan tashkil etiladigan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar uchun 5 ish kuni ichida ijarachiga TSH beriladi, TSH ishlab chiqilganligi uchun to‘lov undirilmaydi;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashkil etiladigan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar uchun TIA ishlab chiqilib, 15 ish kuni ichida ijarachiga taqdim etiladi. TIA uchun to‘lov miqdori ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq belgilanadi.
- Ijrochilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan maydoni 1 gektar va undan yuqori bo‘lgan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etish loyihasi uchun TIA mavjud bo‘lganda hamda Agentlik tomonidan ijobiy xulosa berilganda loyihani amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Bunda ijarachi tomonidan TIAni ishlab chiqish bo‘yicha boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar tanlanishi mumkin.
- Ijarachi barpo etiladigan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarga zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni 14 oy muddatda o‘rnatish majburiyatini oladi.
- Ijarachi tomonidan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarning barpo etilishi va agrotexnik tadbirlarning bajarilishi yuzasidan Agentlik har chorak yakunida monitoring o‘tkazib boradi.
3-§. Sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni “tayyor holda barpo etish” tamoyili asosida tashabbuskorlarga berish
- Agentlik tomonidan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni “tayyor holda barpo etish” tamoyili asosida barpo etiladigan yer uchastkalari ro‘yxati har yili 1-avgustga qadar ushbu Nizomning 7-bandigamuvofiq tasdiqlangan manzilli ro‘yxatdan tanlab olinadi.
- Agentlik har yili 5-avgustga qadar “tayyor holda barpo etish” tamoyili asosida barpo etiladigan yer uchastkalari ro‘yxatini Vazirlikka kiritadi.
- Vazirlik har yili 20-avgustga qadar Agentlikka sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni “tayyor holda barpo etish” uchun yer uchastkalarni ijara huquqi asosida ajratish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
- “Tayyor holda barpo etish” tamoyili asosida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etiladigan yer uchastkalari har yili 1-sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi 24-moddasidabelgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan Agentlikka ajratib beriladi.
- Agentlik har yili 10-sentabrga qadar ajratilgan yer uchastkalarida hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlarini inobatga olib, 10 gektardan kam bo‘lmagan va massivlarga (lotlarga) bo‘lingan holda “tayyor holda barpo etish” loyiha TIAni ishlab chiqadi.
- Agentlik ishlab chiqilgan TIAga asosan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni “tayyor holda barpo etish” buyurtmasini amalga oshirish uchun “Agrosanoat innovatorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda — “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ) bilan shartnoma tuzadi.
- “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ tomonidan “tayyor holda barpo etish” loyihalarini amalga oshirish xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Agentlik huzuridagi Jamg‘armadan “tayyor holda barpo etish” uchun ajratilgan mablag‘lar va bo‘sh turgan qoldiq mablag‘lari hisobidan “Agrosanoat innovatorlari” MCHJni oldindan moliyalashtiradi.
- “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ tomonidan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar TIAga asosan barpo etiladi hamda 3 yil davomida parvarish qilinadi va Agentlikka dalolatnoma bilan topshiriladi.
- “Tayyor holda barpo etish” tamoyili asosida tashkil etilgan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar tashabbuskorlarga bir yo‘la to‘liq miqdorda to‘lash yoki oldindan bog‘ qiymatining 10 foizini to‘lash sharti bilan 7 yil muddatgacha lizing (yoki bank krediti) asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotiladi.
- Elektron onlayn-auksion savdolari Vazirlar Mahkamasining “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomtalablari asosida tashkil etiladi.
4-§. Zaxiradagi yer uchastkalarini Agentlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi asosida ajratish va ushbu yer uchastkalarini qayta ijaraga berish
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili 1-fevralga qadar ijara huquqi asosida beriladigan zaxiradagi yer uchastkalari ro‘yxatini Agentlikka taqdim etadi.
- Agentlik har yili 10-fevralga qadar o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi asosida ajratiladigan yer uchastkalari ro‘yxatini Vazirlikka kiritadi.
- Vazirlik har yili 25-fevralga qadar Agentlikka yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi asosida ajratish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
- Yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasidabelgilangan tartibda har yili 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan Agentlikka ajratib beriladi.
- Agentlik bir oy muddatda o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi asosida ajratilgan yer uchastkalarida hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlarini inobatga olib 10 gektardan kam bo‘lmagan va massivlarga (lotlarga) bo‘lgan holda, sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etish loyihalari TIAni ishlab chiqadi.
- Agentlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkasida sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar loyihalarini amalga oshiradigan talabgorlarni aniqlash uchun yer uchastkasi va loyiha to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agentlik rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
- Talabgorlar tomonidan sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha elektron yoki yozma ravishda Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi.
- Talabgorlarning arizalari Agentlik tomonidan 10 kun muddatda o‘rganib chiqiladi hamda talabgorlarni tanlash bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtiriladi.
- Agentlik va talabgor o‘rtasida ishlab chiqilgan TIAga muvofiq loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolanadi. TIA uchun to‘lov miqdori ushbu Nizomning 15-bandigamuvofiq belgilanadi.
- Agentlik o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastkalarini sanoatlashgan yangi intensiv (sermahsul) bog‘ va tokzorlar barpo etish uchun talabgorga qayta ijaraga beradi.
Bunda yer uchastkasi hamda ushbu yer uchastkasi bo‘yicha Agentlikning huquq va majburiyatlari undan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda talabgorga o‘tkaziladi.
- Agentlik va tuman (shahar) hokimliklari har chorak yakuni bilan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan monitoring o‘tkazib boradi.
- Talabgor tomonidan yer uchastkasi ijaraga olingandan boshlab loyihaning TIAda belgilangan sug‘orish tizimlarini joriy etish va yer maydonlarini ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish ishlari ko‘pi bilan 14 oy muddatda to‘liq bajarilmaganda, yer uchastkasining ijara shartnomasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
5-§. O‘zbekiston Respublikasiga qo‘shni va hamkor davlatlarda hamda respublika hududida “Do‘stlik bog‘lari”ni tashkil etish tartibi
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat topshiriqlariga asosan qo‘shni va hamkor davlatlarda yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida “Do‘stlik bog‘lari” tashkil etilishi mumkin.
- “Do‘stlik bog‘i”ni tashkil etish Agentlik huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
“Agrosanoat innovatorlari” MCHJ ustav kapitalini shakllantirish va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, yangi bog‘larni barpo etish, parvarishlash, saqlash, mas’ullar, ishchi-xodimlarning xizmat safarlari va ularning ish haqi hamda boshqa tadbirlar bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishiga;
yangi bog‘lar barpo etish uchun amalga oshiriladigan xarajatlarni qisqartirish, mablag‘larni tejash va ulardan samarali foydalanish maqsadida ayrim mahsulotlarni (tovarlar va xizmatlar) xorijiy davlat qonunchiligiga muvofiq xorij hududida xarid qilishga Vazirlar Mahkamasi tomonidan ruxsat beriladi.
- Tashkil etilgan “Do‘stlik bog‘i” qonunchilik hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga qo‘shni va hamkor davlatlarga beg‘araz topshirilishi mumkin.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Ushbu Nizom talablarini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
- Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.