O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 4-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 17-martda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun qishloq xo‘jaligida sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan tavakkalchiliklar, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi shartnomasini (bundan buyon matnda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi deb yuritiladi) tuzish va qayta sug‘urta qilishni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasini amalga oshirishda Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasini tashkil etish, ushbu Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari, sug‘urta mukofotlari bo‘yicha subsidiyalar berish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha zararni aniqlash va sug‘urta tovonlarini to‘lash, shuningdek qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishni davlat tomonidan muvofiqlashtirish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2-modda. Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik
Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
vositachi — Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan hamda Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi nomidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzadigan yuridik shaxs;
mustaqil ekspert — sug‘urta hodisasi yuz berish ehtimolini o‘rganadigan, sug‘urta hodisasi yuz berganidan keyin qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi obyektini ko‘zdan kechirishni amalga oshiradigan, sug‘urta hodisasi mavjudligini, shuningdek sug‘urta hodisasi sababli yetkazilgan zararning miqdorini aniqlaydigan, tegishli vakolatlarga va mustaqil ekspert guvohnomasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs;
xizmat haqi — qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha vositachiga hamda mustaqil ekspertga to‘lanadigan to‘lov;
qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi — qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiradigan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt;
qishloq xo‘jaligi mahsuloti — qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtiriladigan chorvachilik va o‘simlik mahsulotlari.
4-modda. Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishning asosiy prinsiplari
Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
ochiqlik va shaffoflik;
sug‘urtalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi kafolati;
korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik.
5-modda. Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar ushbu Qonun talablariga hamda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalariga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqarishda quyidagi bir yoki bir necha tavakkalchiliklar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomalarini tuzadi:
tabiiy va texnogen ofatlar;
yong‘in;
o‘simliklarning zararkunandalar va kasalliklardan zararlanishi;
qishloq xo‘jaligi hayvonlarining yuqumli kasalliklari tarqalishi va zaharlanishi;
yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xo‘jaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi;
uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari.
2-bob. Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishni davlat tomonidan muvofiqlashtirish
6-modda. Muvofiqlashtiruvchi davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilishni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi davlat organidir (bundan buyon matnda muvofiqlashtiruvchi davlat organi deb yuritiladi).
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi:
qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urta qilinishini (bundan buyon matnda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi deb yuritiladi) tashkil etish va rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish hamda joriy etishning samaradorligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘radi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi va polisini rasmiylashtirish, sug‘urta mukofoti uchun budjet subsidiyasi olish, sug‘urta tovonini olishga doir arizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish jarayonlarini o‘z ichiga oladigan axborot tizimini yuritadi;
qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari va ulardan himoyalanish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishini rag‘batlantiradi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish choralarini ko‘radi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida sug‘urta mukofotlarining bir qismini to‘lash hamda sug‘urta tovonlari bo‘yicha budjet subsidiyalari miqdorini aniqlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ajratilayotgan budjet subsidiyalari bo‘yicha hisoblar va hisobotlarning yuritilishini nazorat qiladi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy va amaliy seminarlar, konferensiyalar, treninglar tashkil etadi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini takomillashtirish, rivojlantirish va qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida xalqaro aloqalarni amalga oshiradi.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sug‘urta mukofotlarining bir qismini hamda yetkazilgan zararning sug‘urta mukofotlari va qayta sug‘urta qilish mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinmagan qismini qoplash uchun budjet subsidiyalari ajratish orqali amalga oshiriladi.
Budjet subsidiyasi muvofiqlashtiruvchi davlat organining budjet so‘rovnomasiga asosan har yili navbatdagi yil uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda nazarda tutiladi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, budjet subsidiyasi hisobidan to‘langan sug‘urta mukofotining bir qismi Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasining hisob-kitob varag‘ida qoladi va ushbu Qonunga muvofiq yangi sug‘urta shartnomalarini tuzish uchun sarflanadi.
8-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi faoliyatni tartibga solish
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi faoliyat ustidan qonunchilik talablarga muvofiq nazorat qilish sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining tashkil etilishi, rivojlantirilishi, uning samaradorligi hamda shaffofligi, sug‘urta mukofotlarining yig‘ilishi va sug‘urta tovonlarining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
3-bob. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish
9-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini boshqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va zararning o‘rnini qoplash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtalovchisi sifatida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi (bundan buyon matnda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Jamg‘arma sug‘urtalovchi vazifasini ushbu Qonunda belgilangan tartibda litsenziyasiz amalga oshiradi. Bunda mazkur qoida Jamg‘armani sug‘urta (qayta sug‘urta) faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaydi.
Jamg‘arma notijorat tashkilot bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga asosan faoliyat ko‘rsatadi.
10-modda. Jamg‘armaning asosiy vazifalari va funksiyalari
Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining amalga oshirilishini tashkil etish va boshqarish;
sug‘urta hodisasi yuz berganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga yetkazilgan zararning qiymati qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi doirasida to‘lanishini ta’minlash;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning maxfiyligini ta’minlagan holda Jamg‘arma, muvofiqlashtiruvchi davlat organi va vositachilar o‘rtasida axborot almashinuvini tashkil etish.
Asosiy vazifalarni bajarish maqsadida Jamg‘arma quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamg‘armaning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish uchun uning faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqadi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofotlari mablag‘larini jamlaydi;
sug‘urta hodisasi yuz berganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga yetkazilgan zarar summasini belgilangan tartibda to‘laydi;
muvofiqlashtiruvchi davlat organi bilan kelishuvga ko‘ra qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisini ishlab chiqadi;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turlaridan, tavakkalchiliklardan va hududlarning sharoitlaridan kelib chiqqan holda, sug‘urta mukofoti stavkasini aniqlashga doir tadqiqotlar o‘tkazadi, tadqiqotlar natijalarini muvofiqlashtiruvchi davlat organi bilan kelishuvga ko‘ra Jamg‘armaning boshqaruv Kengashiga taqdim etadi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xizmat haqi to‘lanishini ta’minlaydi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar hamda vositachilar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasiga oid axborot almashinuvi ta’minlanishini muvofiqlashtiradi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha statistikani shakllantiradi;
qonunchilikda belgilangan sug‘urta siriga doir talablarga rioya etgan holda, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi ishtirokchilari bilan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha axborot almashinuvini amalga oshiradi;
Jamg‘arma mablag‘larining tushumlari va xarajatlari bo‘yicha yillik hamda choraklik prognozlarni shakllantiradi;
qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi, xorijiy tajribani o‘rganadi va ularni muvofiqlashtiruvchi davlat organiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
Jamg‘armaning boshqaruv Kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlaydi.
Jamg‘arma o‘z vazifalariga va qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
11-modda. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi
Jamg‘arma mablag‘lari:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomalari bo‘yicha kelib tushadigan sug‘urta mukofotlari;
sug‘urta mukofotlarining bir qismi uchun davlat tomonidan to‘lanadigan budjet subsidiyasi mablag‘lari;
to‘langan va to‘lanishi lozim bo‘lgan zararning o‘rnini qoplash uchun qayta sug‘urta tashkilotlaridan kelib tushadigan mablag‘lar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlarining va chet el hukumat tashkilotlarining grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Jamg‘arma mablag‘laridan:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomalari bo‘yicha sug‘urta hodisasi yuz berganda qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga sug‘urta tovonlarini to‘lash;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga xizmat haqini to‘lash;
Jamg‘arma direksiyasining faoliyatini ta’minlash, shu jumladan xodimlarga ish haqini to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mukofotlar, moddiy texnika bazasini mustahkamlash, xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
qayta sug‘urta qilish xarajatlarining o‘rnini qoplash;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasiga xorijiy mutaxassislarni va maslahatchilarni jalb etish, shuningdek Jamg‘arma xodimlarini kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
12-modda. Jamg‘armaning boshqaruv Kengashi
Jamg‘armaning boshqaruv Kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) Jamg‘armaning yuqori boshqaruv organi bo‘lib, uning faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Kengash tarkibi yetti nafar a’zodan iborat bo‘lib, unga O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining hamda iqtisodiyot va moliya vazirining bir nafardan o‘rinbosarlari va ushbu vazirliklardan bir nafardan mas’ul vakil, O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasidan, O‘zbekiston fermerlari kengashidan hamda Jamg‘armadan bir nafardan vakil kiritiladi.
Kengashda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari raislik qiladi.
Kengash a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga tayinlanadi va vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular yangi muddatga qayta tayinlanishi mumkin.
Kengash a’zolarini almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda, ularning o‘rniga tayinlangan a’zolar qolgan muddatning yakuniga qadar hamda yangi tarkib keyingi muddatga tayinlanguniga qadar faoliyatni amalga oshiradi.
Kengash majlisi har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi. Zarur bo‘lganda Kengashda raislik qiluvchining yoki kamida to‘rt nafar Kengash a’zosining talabiga (taklifiga) ko‘ra qo‘shimcha majlislar o‘tkazilishi mumkin.
Kengash majlisi, agar unda a’zolarining kamida besh nafari hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Kengash qarori Kengash majlisida hozir bo‘lganlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kengash a’zolariga ular o‘z majburiyatlarini bajarib turgan davr uchun haq to‘lanadi va uning miqdori Jamg‘arma to‘g‘risidagi Nizomda belgilanadi.
Kengash a’zolari o‘z huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda Jamg‘armaning manfaatlarini ko‘zlab ish tutishi kerak.
Kengash:
Jamg‘armaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha uning faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining namunaviy shartnomasi va namunaviy polisini, shuningdek sug‘urta mukofoti stavkasini tasdiqlaydi;
Jamg‘armaning joriy faoliyatga doir xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Jamg‘armaning ijro etuvchi organini shakllantiradi va uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
13-modda. Jamg‘armaning ijro etuvchi organi
Jamg‘armaning ijro etuvchi organi uning direksiyasidir. Direksiya Jamg‘armaning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va uning faoliyati uchun javobgar bo‘ladi. Jamg‘arma direksiyasining tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Jamg‘arma direksiyasiga rahbarlikni Kengash tomonidan tayinlanadigan direktor amalga oshiradi va u Kengash a’zosi hisoblanadi.
Jamg‘arma direksiyasi:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘laydi;
qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi to‘g‘risida xabardor qiladi, jamoatchilik bilan aloqalar o‘rnatadi va reklama kampaniyalarini o‘tkazish choralarini ko‘radi;
vositachilarga va mustaqil ekspertlarga xizmat haqini to‘laydi;
Jamg‘armaning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Kengashga takliflar kiritadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
4-bob. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini tashkil etish
14-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining shakli
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi ixtiyoriy sug‘urta shaklida amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonun 19-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi uni amalga oshirishning umumiy shartlari va tartibini belgilovchi qishloq xo‘jaligi sug‘urta shartnomasiga hamda qoidalariga asosan amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining muhim shartlari ko‘rsatilishi kerak.
15-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini elektron tarzda rasmiylashtirish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari ustidan nazorat qilish Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
Axborot tizimi muvofiqlashtiruvchi davlat organi tomonidan yuritiladi.
Quyidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan real vaqt rejimida tegishliligi bo‘yicha bepul asosda taqdim etiladi:
har kungi kutilayotgan hamda qayd etilgan ob-havo va iqlim sharoitlari haqidagi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda joylashgan suv obyektlari, yerlarning meliorativ holati va suv kadastri to‘g‘risidagi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga nisbatan davlat yer kadastri va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi.
Axborot tizimiga integratsiya qilinishi lozim bo‘lgan boshqa axborot tizimlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Axborot tizimi tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilinguniga qadar zarur ma’lumotlar Jamg‘armaning so‘roviga ko‘ra tegishli axborot egalari tomonidan taqdim etiladi.
16-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi obyektlari
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning bo‘lg‘usi hosilning va yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotining yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi) xavfi, ekinlarga va qishloq xo‘jaligi hayvonlariga, shuningdek issiqxonalarga va ularda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotiga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlari qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining obyektlaridir.
17-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining subyektlari
Jamg‘arma, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar, vositachilar va mustaqil ekspertlar qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining subyektlaridir.
18-modda. Jamg‘armaning huquq va majburiyatlari
Jamg‘arma quyidagi huquqlarga ega:
sug‘urta mukofotlarini va sug‘urta hodisasi yuz berganligi natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun subsidiyalar olish;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha aniqlangan zarar miqdorini qo‘shimcha ravishda o‘rganish.
Jamg‘arma qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Jamg‘arma:
qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan sug‘urta mukofotlari to‘langan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta javobgarligini zimmasiga olishi;
qabul qilingan majburiyatlarni Kengash qarori asosida qayta sug‘urta qilishi;
mustaqil ekspertlarni jalb etishi va sug‘urta hodisasi yuz berganligi natijasida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rishi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga zararning o‘rni o‘z vaqtida qoplanishi bo‘yicha choralar ko‘rishi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning maxfiyligini qonunchilikka muvofiq ta’minlashi;
qonunchilikda belgilangan axborotni sug‘urta faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi va muvofiqlashtiruvchi davlat organining talabiga ko‘ra taqdim etishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq sug‘urta zaxiralarini shakllantirish hamda joylashtirish shartlariga va to‘lov qobiliyatini aniqlash tartibiga amal qilishi;
har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi;
aktuar xulosasini va hisobotini bir yilda kamida bir marta aktuar tashkilotlarni jalb etgan holda olishi;
buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy, statistika, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzishi shart.
Jamg‘armaning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
19-modda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi huquq va majburiyatlari
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzish istagida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tadi va ushbu Qonunning talablariga muvofiq vositachi yoki vositachi mavjud bo‘lmagan taqdirda Jamg‘arma bilan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzadi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar quyidagi huquqlarga ega:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzish uchun vositachini tanlash;
vositachidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining shartlarini tushuntirib berishni talab qilish;
Jamg‘armaning sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyat qilish.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar qonunchilikka va o‘zlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar:
axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi;
sug‘urta mukofotini qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida belgilangan muddatda to‘lashi;
qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishda barcha agrotexnik va (yoki) zootexnik tadbirlarni o‘z vaqtida hamda yetarli darajada amalga oshirishi;
sug‘urta hodisasi yuz berganligi haqida Jamg‘armaga xabar berishi shart.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning zimmasida qonunchilikka va o‘zlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar mahsulot ishlab chiqarish uchun davlatning imtiyozli kreditlaridan foydalanganda ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotining yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi) xavfini oldindan sug‘urta qilishi shart.
20-modda. Vositachining huquq va majburiyatlari
Vositachi Jamg‘arma nomidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzishda quyidagi huquqlarga ega:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzish va tuzilgan sug‘urta shartnomasi bo‘yicha xizmat haqi olish;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida nazarda tutilgan tartibda qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan axborotni tekshirish, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining tegishli talablari va shartlari bajarilishini nazorat qilish.
Vositachi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Vositachi Jamg‘arma nomidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzishda:
axborot tizimda ro‘yxatdan o‘tishi;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning maxfiyligini qonunchilik talablariga muvofiq ta’minlashi shart.
Vositachining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Vositachining qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish sohasidagi faoliyati, shu jumladan, ularning Jamg‘arma bilan munosabatlarining xususiyatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Mustaqil ekspert
Sug‘urta hodisasi yuz berish ehtimolini o‘rganish, sug‘urta hodisasi yuz berganidan keyin qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi obyektini ko‘zdan kechirish, sug‘urta hodisasi mavjudligini, shuningdek sug‘urta hodisasi sababli yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash mustaqil ekspert tomonidan amalga oshiriladi.
Mustaqil ekspert axborot tizimida yuritiladigan reyestrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi va Jamg‘arma tomonidan beriladigan guvohnomaga ega bo‘lishi kerak.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasidagi yo‘qotishlarni baholash uchun chet el ekspertlari jalb etilishi mumkin.
Mustaqil ekspertning huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda unga doir malaka talablari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mustaqil ekspertning xizmat haqi Jamg‘arma tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Mustaqil ekspert qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining obyekti bilan bog‘liq tavakkalchiliklar va zarar to‘g‘risidagi xulosani axborot tizimiga kiritadi.
22-modda. Qayta sug‘urta qilish
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan tavakkalchiliklar Jamg‘arma tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda qayta sug‘urta qilinishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tavakkalchiliklarini qayta sug‘urta qilish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
5-bob. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish shartlari va tartibi
23-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish
Sug‘urta qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining va tavakkalchiliklarning turlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
24-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi va uning ishtirokchilari
Namunaviy qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi vositachi xizmatlaridan foydalanilgan holda yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jamg‘arma tomonidan tuziladi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi axborot tizimi orqali elektron shaklda tuziladi, boshqacha usulda tuzilgan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida sug‘urta mukofotini to‘lash tartibi va muddatlari, shuningdek qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta hodisasi yuz bergan taqdirda, sug‘urta tovonini to‘lash majburiyati Jamg‘armaning zimmasiga o‘tishi shartlari ko‘rsatilishi kerak.
Sug‘urta mukofotining qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘lanadigan qismi to‘langanidan keyin unga sug‘urta polisi taqdim etiladi.
Vositachi yoki vositachi mavjud bo‘lmagan taqdirda Jamg‘arma va qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining ishtirokchilari hisoblanadi.
25-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalari
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalari Kengash tomonidan qabul qilinadi va tasdiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalarining asosiy qoidalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
sug‘urta obyektlari;
sug‘urta hodisalari;
sug‘urta tavakkalchiliklari;
sug‘urta summasini, sug‘urta tarifini va sug‘urta mukofotini aniqlash tartibi;
sug‘urta shartnomalarini tuzish, bajarish va bekor qilish tartibi;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
zarar miqdorini aniqlash tartibi;
sug‘urta tovonini aniqlash tartibi;
sug‘urta tovonini amalga oshirish muddatlari, shuningdek sug‘urta tovonini rad etish asoslarining batafsil ro‘yxati va boshqa qoidalar.
26-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining ishtirokchilari o‘rtasida elektron axborot almashinuvining o‘ziga xos xususiyatlari
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining ishtirokchilari o‘rtasida axborot tizimidan foydalanilgan holda quyidagilar amalga oshiriladi:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzish to‘g‘risida ariza berish, uni o‘zgartirish yoki muddatidan oldin bekor qilish;
sug‘urta tovonini olish maqsadida sug‘urta hodisasi yuz berganligi haqidagi bildirishnomani, sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risidagi arizani va (yoki) boshqa hujjatlarni elektron shaklda yaratish hamda yuborish.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni bajarish uchun axborot tizimiga kirish qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Agar qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi vositachining yoki Jamg‘armaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi shartlari to‘g‘risidagi ofertani (qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasini tuzish haqidagi taklifni) qabul qilgan va sug‘urta mukofotining belgilangan qismini to‘lash orqali o‘z roziligini bergan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.
27-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofoti
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi obyektining va tavakkalchiligining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlariga asosan belgilanadigan sug‘urta summasi birligidan undiriladigan, Kengash tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining va qishloq xo‘jaligi hayvonlarining har bir turi uchun tasdiqlanadigan to‘lov qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofoti stavkasidir.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta mukofotining 50 foizini Jamg‘armaga to‘laydi.
Sug‘urta mukofotining qolgan 50 foizi O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan Jamg‘armaga qoplanadi.
28-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofotining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan qismi
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta mukofotining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan qismi quyidagi shartlarga rioya etilganda Jamg‘armaga to‘lanadi:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalariga muvofiq tuzilganda;
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida nazarda tutilgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan sug‘urta mukofoti to‘liq to‘langanda.
Sug‘urta mukofotining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan qismi har bir moliya yili uchun qabul qilinadigan navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda nazarda tutiladi.
Jamg‘arma sug‘urta mukofotining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan qismi uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga har oyning beshinchi sanasidan kechiktirmay buyurtmanoma taqdim etadi.
29-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lash
Sug‘urta hodisasi yuz bergan taqdirda, Jamg‘arma tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha mulkiy manfaatlari sug‘urta qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga sug‘urta tovonini to‘lash uchun mustaqil ekspertning xulosasi asos bo‘ladi.
Jamg‘arma tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta hodisasi yuz berganligi tegishli dalillar asosida tasdiqlanganda, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida belgilangan muddatda sug‘urta tovonini to‘lashni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mustaqil ekspertning xulosasi va sug‘urta hodisasi yuz berganligi to‘g‘risidagi dalillarni qayta o‘rganib chiqish zarur deb topilsa, Jamg‘arma tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasining taraflari ishtirokida qo‘shimcha o‘rganish tashkil etiladi va zarar qasddan qilingan harakatlar natijasida yetkazilgan deb hisoblansa, sug‘urta tovonini to‘lash rad etiladi.
6-bob. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi hodisalari bo‘yicha zararning o‘rnini qoplash
30-modda. Sug‘urta hodisasini ko‘rib chiqish
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi sug‘urta hodisasi yuz berganligi to‘g‘risida uch kun ichida axborot tizimi orqali ko‘rib chiqish uchun Jamg‘armaga elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
Jamg‘arma qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalarida belgilangan muddatlarda sug‘urta hodisasi yuz berganligi to‘g‘risida xabarnomani o‘rganish bo‘yicha mustaqil ekspertni tayinlaydi va sug‘urta hodisasining o‘rganilishini ta’minlaydi.
Sug‘urta hodisasini o‘rganishda qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchidan sug‘urta hodisasi yuz berganligining sabablari va holatlarini aniqlash bo‘yicha hujjatlar axborot tizimi orqali so‘rab olinadi.
Mustaqil ekspertni tayinlash va sug‘urta hodisasi natijasida zarar ko‘rgan sug‘urta obyekti bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish shartlari qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalarida va qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
31-modda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta tovonlarini to‘lash to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalariga muvofiq mustaqil ekspertning xulosasi va sug‘urta tovoni uchun zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilganidan keyin Jamg‘arma sug‘urta hodisasini tan olish haqida yoki tan olishni rad etish to‘g‘risida o‘n ish kuni ichida qaror qabul qiladi hamda qabul qilingan qaror haqida qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchini axborot tizimi orqali xabardor qiladi.
Sug‘urta hodisasini tan olishni rad etish to‘g‘risidagi qarorda rad etish asoslarini Jamg‘arma qonunchilik hujjatlariga havola qilgan holda, shuningdek qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi qoidalaridan va qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi shartnomasidan kelib chiqqan holda aniq ko‘rsatishi shart.
Sug‘urta hodisasini tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin Jamg‘arma sug‘urta tovonini qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchiga uch ish kuni ichida to‘lab beradi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi sug‘urta tovonini to‘lashni to‘liq yoki qisman rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.
32-modda. Ortiqcha zararning o‘rnini qoplash
Agar Jamg‘armaning o‘z mablag‘lari va qayta sug‘urta qilishdan olingan mablag‘lar zimmasiga olingan majburiyatlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, majburiyatlarning qoplanmagan qismi Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
33-modda. Axborot olish huquqi
Gidrometeorologiya, favqulodda vaziyatlar, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, o‘simliklarni himoya qilish, seysmologiya, veterinariya bo‘yicha tashkilotlar hamda boshqa tegishli tashkilotlar sug‘urta hodisalarining ro‘y berishi sabablari hamda holatlarini, shuningdek sug‘urta tovoni miqdorlarini Jamg‘arma va mustaqil ekspertlar tomonidan aniqlash uchun zarur bo‘lgan axborotni Jamg‘armaning va mustaqil ekspertlarning so‘roviga ko‘ra taqdim etishi shart.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi Jamg‘armaga kelib tushgan pul mablag‘lari va majburiyatlarning miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni o‘z vakolatlari doirasida talab qilishga haqli. Bunday axborotni so‘rash so‘rov sabablari ko‘rsatilgan holda yozma tarzda amalga oshirilishi kerak.
Muvofiqlashtiruvchi davlat organi o‘zi olgan axborotga nisbatan maxfiylikka rioya etishi shart, bundan qonunchilikka muvofiq axborotning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yiladigan hollar mustasno.
34-modda. Monopolistik faoliyatga yo‘l qo‘yilmasligi
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasidagi raqobatni cheklashga, bir vositachiga yoki mustaqil ekspertga boshqalariga qaraganda asossiz afzalliklar berilishiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning va boshqa shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari kamsitilishiga qaratilgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamg‘armaga vositachilar bilan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini monopollashtirishga qaratilgan bitimlarga kirishish taqiqlanadi.
35-modda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar vositachilarni tanlashda erkindir. Vositachilar qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning talabiga ko‘ra ularni sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish shartlari bilan tanishtirishi shart.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni muayyan vositachining yoki muayyan mustaqil ekspertning xizmatlaridan foydalanishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
36-modda. Vositachilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari
Davlat vositachilarning mulkiy va boshqa huquqlariga hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini va ularning himoya qilinishini, sug‘urta faoliyatini amalga oshirishda erkin raqobat uchun sharoitlarni kafolatlaydi.
Jamg‘armaning va vositachilarining faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan aralashish taqiqlanadi.
37-modda. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
38-modda. Nizolarni hal etish
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
39-modda. Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
40-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
41-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida tasdiqlanishini ta’minlasin;
ushbu Qonun 15-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan axborot tizimiga integratsiya qilinishi lozim bo‘lgan boshqa axborot tizimlarining ro‘yxatini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida belgilasin;
ushbu Qonun 21-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan mustaqil ekspertning huquq va majburiyatlarini, javobgarligini hamda unga doir malaka talablarini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida belgilasin;
ushbu Qonunning 23-moddasida nazarda tutilgan sug‘urta qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining va tavakkalchiliklarning turlari ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida tasdiqlanishini ta’minlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
42-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-aprel,
O‘RQ-1056-son